"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Islohga yuz tutayotgan alifbo

Bugungi kunda bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan, hali-hanuz bir yechimga toʻxtalmayotgan yangi alifbo haqidagi oʻzgarishlar borasida koʻp va xoʻp gapirilmoqda.

Umuman olganda, oʻzbek tilining jamiyat va davlat oldidagi ahamiyati, imloviy xatolar va savodsizlik oqibati xususida gapiradigan boʻlsak, har bir xalqning  madaniyati, urf-odati,  dunyoqarashlari boʻlgani kabi, oʻz tili ham boʻladi. Bu til  orqali u  dunyoga taniladi. Tilning ahamiyatligi shu qadar buyukki, hech bir taraqqiyot  usiz boʻlmaydi. Chunki, u orqali biz dunyoni taniymiz, tafakkurga ega boʻlamiz.

Farzand  aqlini taniy boshlagani zahoti aqliy rivoji, salohiyatini oʻstirish uchun harflarni turli xil usullar orqali oʻrgatishga intilamiz. Yaʻni, millat alifbosini tanitishni boshlaymiz. Faylasuflardan biri bu haqda shunday degan ekan:

Tilda xalqning bor-yoʻgʻi, uning butkul vatani gavdalanadi... Til xalqning oʻtmish, hozirgi va kelajak avlodini buyuk bir yaxlitlikka, tarixiy, jonli bir jipslikka aylantiruvchi eng hayotiy, eng boy va eng  mustahkam vositadir.

Demak, oʻzini anglagan har bir xalqning oʻz yozuvi boʻlishi kerak. Oʻzbek xalqi qadimdan husnixat borasida, yozuvning chiroyli boʻlishiga jiddiy eʻtibor qaratgan. Hattoki, oʻzbek namoyandalaridan boʻlmish Zahiriddin Muhammad Bobur maktubidagi imloviy xatoliklar xususida oʻz oʻgʻli Humoyunga  nasihat qiladi. “Ham sanga tashvish ozroq boʻlur va ham oʻqugʻuchigʻa” deya koʻrsatma beradi. Imloga eʻtiborli boʻlish, fikrni ravon ifoda eta olish oʻqimishli kishining ajralmas sifati boʻlishi kerakligini doimo uqtiradi.

Endi, asosiy masala til islohiga qaytsak. Alifbo islohiga nega aynan hozir qoʻl urish kerak degan fikrlar qalashib yotibdi. Bu borada kamina oʻz fikrlarimni bildirsam. Yaʻni, alifbo oʻzgarsa, birinchi galda darsliklar oʻzgaradi. Demak, juda koʻp darslik va qoʻllanmalar yangidan tayyorlanishi va chop etilishi mumkin. Lekin bu jarayon baribir bir kunmas bir kun amalga oshishi kerak-ku! Qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi-da.

Lotin alifbosining yangi tahririda qanday oʻzgarishlar roʻy beradi?

Taklif qilinayotgan Ch – Ç ç belgisi bilan Sh harfi esa  Ş ş bilan ifodalanadi. Keyin  Ğ ğ, Ŏ ŏ, harflari kiritilmoqda.

Toʻgʻri, bu oʻzgarishlar jamiyat siyosatiga, shuningdek,  iqtisodiyotiga taʻsir etmay qolmaydi. Ammo oʻzgarishlardan qoʻrqsak, yuksalish qachon boʻladi?! 

Hozirgi kunda tilimizda mavjud ikkilanishli savollar qalashib yotibdi. Misol uchun, sentabrmi yoki sentaybr, budjetmi yo byudjet kabi munozarali holatlarga aniq javob topilmadi. Har kim oʻz bilganicha yozaveryapti. Aniq toʻxtamga kelinmadi. Ammo bu ketishda alifboni oʻzgartirish masalasi maʻlum vaqtdan keyin yana paydo boʻlishini istamasak, alifbo va imlo bilan bogʻliq masalalarga yuzaki qaramaslik kerak. Har qanday qaror, har qanday oʻzgarish aniq ilmiy asoslangan hamda puxta oʻylangan, tasdiqlangan boʻlishi kerak. Vaholanki, biz shuni kutyapmiz. Qoʻlimizga dastak qilib koʻrsatadigan aniq koʻrsatma kerak.

Chunki, hadeb alifboni oʻzgartiraverish, soʻzlarni har kim xohlagnicha qabul qilib yozish avlodlar oʻrtasida keksa avlod va yosh avlod orasida savodsizlikni kuchaytirib yuboradi. Shu bois, Alifboni, hattoki undagi ayrim harflarni oʻzgartirish, katta budjet xarajatlaridan tashqari, avlodlar oʻrtasida uzilishga, toʻplangan bilimlar bazasidan foydalanish imkoniyatining yoʻqolishiga va tilning rivojlanishidagi maʻlum bir sekinlashishlarga olib keladi.

Til — xalqqa qulay boʻlishi kerak. Inson uni bajonidil oʻrganishi, oʻrgatishi, mehr ila yozishi lozim. Bu til bilan faxrlanishi, tiniqligi, ravonligi, haqida ikkilanmay soʻzlashi lozim, aksincha emas.


Oygul KAJANOVA,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni

qisqartirish vazirligi xodimi

19.09.2021 709