"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbekning qizi (Manzara)

Yo‘nalishli taksiga chiqishga yuragim bezillaydi.

Tunov kuni Yunusoboddan Shimoliy temir yo‘l vokzaliga qatnaydigan yo‘nalishli taksida o‘zim guvoh bo‘lgan voqeani olaylik.

Javzo oldi yoqqan yomg‘irning hosiyati ko‘p, deyishadi. Tog‘larda – qor, daryolarda – suv, ekinlar tagida xalqob mo‘l bo‘lsa-da, savrda ko‘kdan tomchi tushmasa, g‘alla boshog‘i puchligicha qoladi.

Shomdan tonggacha yomg‘ir tinmadi. Maydalab, sekin, shoshilmasdan yog‘di. Ertalab quyosh chiqib, hamma yoq charaqlab ketdi. Havoning musaffoligi dimoqqa, qaldirg‘ochlar “qo‘shig‘i” quloqqa xush yoqadi. Daraxtlarning zumrad yaprog‘idan to‘kilayotgan kumush tomchilar billurdek tovlanadi.

Yo‘nalishli taksi tomon yurdim.

Liq to‘la mikroavtobusning old o‘rindig‘ida o‘yma yoqali yashil gulli adras ko‘ylagining uzun etaklarini tizzalari orasiga olib, boshqalarga yuzma-yuz o‘tirgan yigirma yoshlardagi qiz e’tiborimni tortdi. Qo‘ng‘irlikka moyil ko‘zlari g‘oyat aqlli. Peshonasi keng bu xilqatning tortinchoq, kamgap, kamsuqum, og‘ir-bosiqligi qordek oppoq va tiniq yuzlaridan shundoqqina ko‘rinib turardi.

Qisinib-qimtinib o‘tirgan shu qiz Toshkent davlat sharqshunoslik institutining yonida taksidan tushib qoldi.

Aytganimdek, yo‘nalishli taksiga chiqishga yurak oldirib qo‘yganman. Lekin bu hayotni chidaganga chiqargan – besh yildan beri ishga “Ohu” (“Gazel”) degan shoirona nom bilan atalmish mikroavtobusda – yo‘nalishli taksida qatnayman. Yo‘q, ulovimiz doim toza-ozoda, batartib – o‘z vaqtida g‘izillab qatnab turadi. Haydovchilari ham hadeganda baqirib-chaqirib, so‘kinavermaydi.

Yurakni bezillatadigani boshqa.

“Mostdan o‘tgandan keyin to‘xtatib yuboring, - deydi kattakon sumka sudragan o‘rta yoshlardagi semiz ayol haydovchiga orqa o‘rindiqdan pul uzatar ekan. – Sdachisi gerakmeydi”.

Bunday dalolat mening tinchimni buzadi.

“Ko‘prikdan o‘tgandan keyin” deng, “qaytim” deng, opa!”- deyman ichimda va labimni tishlayman: hay, attang! Ko‘prikdan keyin – kattakon bozor. Bozor ko‘rgan xotinga gap uqtirish osonmi. Terisi qalin, og‘zi bepardalikka moyil bo‘lsa. “Toshingni ter, uka!” desa, ko‘pchilikning oldida qanday odam bo‘laman.

“Nalogovoyning yonida to‘xtab o‘tarsiz?” - deydi tilla gardishli ko‘zoynak taqqan yigit tizzasidagi qizg‘ish portfelini qo‘liga olar ekan.

“Soliq idorasining yonida” deng, uka!” – demoqchi bo‘laman-u yana g‘ijinishdan nariga o‘ta olmayman. Yigitning butun qiyofasi-yu o‘zini tutishidan, bu matohga men tasodifan chiqib qoldim, aslida bashang mashinalarda yuradigan odamman, degan iddao sezilib turardi. Damining balandligiga qaraganda, biror korxonada hisobchi bo‘lsa kerak.

“Keyingi ostanovkada tushadiganlar bormi?” - deb so‘raydi bo‘yniga oq belbog‘ tashlab olgan chapani haydovchi.

“Bekat”, akaginam, “bekat”, – deb hayqirgim keladi endi. – Axir daqqiyunusdan qolgan “ostanovka” so‘zi ona tilimizda “bekat” bo‘ladi, “be-ekat!..”

Ro‘paramda rus tilida o‘zaro chug‘irlashib kelayotgan malla sochli ikki ayol bir-biriga ma’noli qarab qo‘yadi. Miyig‘ida sezilar-sezilmas istehzo. Ehtimol, menga shunday tuyulgandir. Balki ular, rostdan ham, o‘zini dunyodagi eng qadimiy tarix va eng boy tilga ega millat deb faxrlanadigan bu, o‘zbeklar qanday xalqki, zabonida “ko‘prik”, “soliq”, “bekat”, “qaytim”, degan oddiy so‘zlar bo‘lmasa deb ajablanayotgandir. O‘zbek tilida birgina “ko‘prik” so‘zining o‘nga yaqin ma’nodoshi – sinonimi borligini, balki, ular bilmas. Lekin shu xalqning farzandi bo‘la turib buni o‘zimiz bilmasligimiz, bilsak-da, o‘ylamay-netmay o‘zga tildan bo‘lar-bo‘lmasga “qarz olib”, lo‘lining ishtonidek ola-quroq qilib gapirishimiz uyat, deb o‘ylayman. Begonalar oldida uyat! Shunisi ezadi odamni! Shuning uchun yo‘nalishli taksiga chiqishga yuragim bezillaydi. Bu ulovda hali “bekat” so‘zini tilga olgan odamni uchratmadim. Hamma yoq - “ostanovka”.

“O‘zingiz-chi? - deb so‘rarsiz. - Bunday paytlarda o‘zingiz qanday karomat ko‘rsatasiz?”

Menga oson. Men chorrahadan o‘tib tushaman!..

Mashinamiz Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga yaqinlashganida adras kiygan qiz haydovchiga ohista murojaat qildi:

“Iltimos, keyingi bekatda to‘xtatib yuboring!”

Ipakdek muloyim, musiqadek shirali ovozni eshitib, hamma beixtiyor o‘sha tomonga qaradi. Qaradi-yu qizga bir zum go‘yo mahliyo bo‘lib qoldi: ovoziyu odobi o‘ziga naqadar yarashgan! O‘zbekning qizi!

Taksi to‘xtadi.

Qiz tushib, eshikni ohista yopar ekan, dedi:

“Rahmat, amaki!”

“Arzimaydi!” - dedi haydovchi va tomog‘ini qattiq qirib olgach, so‘radi:

“Keyingi bekatda tushadiganlar bormi?..”

“Bor!” - dedim men va o‘rnimdan dadil turdim.

Jonqobil Juma

“Ma’naviy hayot” jurnali. 2015-yil, 3-son.

27.03.2020 640