"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Davlat tilida ish yuritish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish – davr talabi

Davlat tilida ish yuritish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish – davr talabi

Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazda tashkil etilgan seminar-trening aynan shunday nomlandi.

Tadbirni Moliya vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi D.Bo‘riyev kirish so‘zi bilan ochib, vazirlik huzuridagi tashkilotlar va hududiy moliya organlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, vazirlik tizimida davlat tilini to‘laqonli joriy etish, ish yuritish va hujjatlar aylanishini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. 

Bu borada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

Departament tomonidan vazirlikka «O‘zbek tilining izohli lug‘ati», «O‘zbek tili bank-moliya terminlarining izohli lug‘ati», «Davlat tilida ish yuritish» kitobi va boshqa zarur adabiyotlarning yetkazib berilishi til siyosatini amalga oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Vazirlik rahbariyati tomonidan nafaqat qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash balki xodimlarning so‘z boyligini oshirish, tilimizning betakror imkoniyatlari bilan tanishtirib borish maqsadida taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, yangi nashr etilayotgan kitoblarning ko‘rgazmali savdolari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yetakchi maslahatchi-mutaxassisi J.Toshev davlat organlari va tashkilotlarida me’yoriy - huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Seminarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi T.Yusupova davlat tilida ish yuritishda imlo qoidalari va ulardan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazdi. 

Tadbirni Moliya vazirligi markaziy apparati xodimlari, hududiy moliya organlari rahbarlari videoaloqa yordamida kuzatib bordi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

 Z.Mirzaboyeva, O‘zA

30.09.2021 702