"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Baliqdan balchiqqa, balchiqdan Balxashga

Etimologiya juda qiziqarli soha. So‘zlarning boshidan kechirganlari, sarguzashtlari haqidagi fan deyish mumkin. Biror so‘zning tarixini o‘rganib, qiziq hikoya o‘qiganday bo‘lasiz. Bal o‘zakli so‘zlar ham ana shundaylar sirasiga kiradi.

Shavkat Rahmatullayev qalamiga mansub “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” kitobida aytilishicha, bal qadimgi turkiy tilda namlik, suv maʼnosini anglatgan. Baliq so‘zi bal so‘ziga -i (qisqa i) qo‘shimchasini qo‘shib feʼl yasash, so‘ng unga -q qo‘shimchasini qo‘shish orqali hosil qilingan va suvda yashaydigan jonivor maʼnosini anglatgan.

Baliq so‘zi turli fonetik o‘zgarishlarga uchrab, bir qancha slavyan va bolqon tillariga o‘tgan. Jumladan, bolgar, serb, rumin, rus, ukrain kabi tillarda baliq va uning turi maʼnosini beradi. Volga va Don daryolari havzalarida Baliqli nomli bir nechta daryo va irmoqlar bor.

Balchiq so‘zi ham xuddi shu o‘zakdan. “Tuproqning suyuq loy holati” maʼnosini ifodalovchi bu ot bal so‘ziga kuchaytirish maʼnosini ifodalovchi -chi va -q qo‘shimchalarini qo‘shish orqali yasalgan.

Eski Moskvada Balchuk nomli tuman bor ekan. Balki, bu hudud bir paytlar doim loy-balchiq bo‘lib yotgandir. Olimlar bu toponim etimologiyasini turkiy balchiq so‘zi bilan bog‘lashadi.

Balxash – Qozog‘istondagi ko‘l nomi. Balxash so‘zining ildizi ham bal o‘zagiga boradi. Mashhur tilshunos Maks Fasmerga ko‘ra bu ko‘lning nomi yo‘sin bilan qoplangan botqoq joy, botqoqdagi yo‘sin, balchiq, loy maʼnolarini beradi. Yo‘sin bu – zax yerlarda, hatto tosh va daraxtlar ustida ham paydo bo‘lib qoladigan, yuzani qoplab oladigan mayda yashil o‘simlik.

Qardosh turkiy tillarda bal o‘zakli boshqa so‘zlar ham bor.

Qadimiy turkiy tilda shahar, kent maʼnosidagi baliq so‘zi keng qo‘llangan. Lekin u shakldosh, xolos, aslida umuman boshqa so‘z. Xonbaliq, Bo‘rbaliq, Beshbaliq kabi toponimlarda aynan ana shu baliq ishlatilgan.


Orif Tolib sahifasidan olindi

14.10.2021 581