"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Toponimika xalq qadriyati demakdir

Hozirgi jamiyatni, zamonaviy sivilizatsiyani, xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi har qanday aloqalarni geografik nomlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Joy nomlari chuqur ilmiy, siyosiy, amaliy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, xilma-xil tarixiy sharoitlar va tillar takomilining mahsuli hisoblanadi. Toponimika dunyodagi barcha insoniyatning, xalq maʼnaviyati va maʼrifatini belgilovchi vositalardan biri sifatida geografik nomlarni, yaʼni joy, suv va boshqa obyektlarning nomlari, ularning maʼno-mazmuni, kelib chiqishi va tarixini o‘rganadi.

Respublikamizda 2011-yil “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinguniga qadar geografik obyektlarning nomlari sohasidagi munosabatlarni 1996-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Qonun asosiy hujjat bo‘lib kelgan.

Bunda, maʼmuriy-hududiy bo‘linish, aholi punktlarining nomlari borasida bo‘layotgan o‘zgarishlar umumdavlat darajasida hisobga olinmagan. Respublikadagi barcha aholi punktlari nomlarining rasmiy ro‘yxati mavjud bo‘lmaganligi sababli, ularni qayta nomlash va hisobga olish yo‘lga qo‘yilmagan edi.

Geografik obyektlar nomlarini yozish masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan xizmatlarning yo‘qligi geografik obyektlar nomlarining xaritalarda noaniq, baʼzida esa buzib yozilishiga sabab bo‘lib kelgan.

“Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi geografik obyektlar nomlarini qo‘llashning asosiy prinsiplarini yuridik jihatdan mustahkamladi, geografik obyektlarning nomlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan yagona davlat siyosati, geografik obyektlarning nomlarini belgilash va normallashtirishga yagona ilmiy-uslubiy yondashuv, geografik obyektlarning nomlarini O‘zbekiston Respublikasi xalqlari tarixiy va madaniy merosining tarkibiy qismi sifatida to‘g‘ri qo‘llash hamda saqlash imkonini berdi.

Qonunning 4-moddasiga muvofiq viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga hamda ko‘chalar, shohko‘chalar, mahallalar, maydonlar, bog‘larga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga odamlarning ismi-sharifini berishga, shuningdek, ularni tarixiy voqealar sharafiga nomlashga, qoida tariqasida, yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Shu munosabat bilan o‘tgan vaqt mobaynida hududlardagi toponimika komissiyalari bilan birgalikda respublika bo‘yicha jami 20 360 ta shaxs nomlarida bo‘lgan, qonun hujjatlariga to‘g‘ri kelmaydigan va nomsiz geografik obyektlar qayta nomlandi. Yozilish shakllarida xatoliklar bo‘lgan nomlar geografik obyektlar nomlarining o‘zbek tilida yozilishi qoidalari asosida normallashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining (Davergeodezkadastr qo‘mitasi) ekspert komissiyasi tomonidan 2017-yilda 369 ta, 2018-yilda 2 155 ta, 2019-yilda 47 667 ta geografik obyektlar nomlariga oid takliflar ko‘rib chiqildi. Taqdim etilgan nomlar ilmiy va amaliy tahlil qilinib, Qonunning talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtayi nazaridan tekshirildi va tegishli ekspert xulosalari taqdim etildi.

Geografik obyektlarni asossiz qayta nomlashning, ularga O‘zbekiston xalqining milliy anʼanalari va tiynatiga yot bo‘lgan nomlar berilishining oldini olish, ushbu sohada mahalliychilik, oshna-og‘aynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash jarayonining xolisona hamda oshkora bo‘lishini taʼminlash bo‘yicha kompleks tadbirlar asosida ish olib borilmoqda.

Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari iltimosnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kiritgan taklifga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish tumanlar, shaharlar hokimlarining taklifiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.

Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish tumanlar hokimlarining taklifiga ko‘ra xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.

Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohko‘chalar, ko‘chalar, maydonlar, bog‘lar, xiyobonlarga) nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning iltimosnomalari asosida tumanlar, shaharlar hokimlari kiritgan taklifga ko‘ra xalq deputatlari tumanlar, shaharlar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi. Shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlarda takliflar tumanlar hokimlari tomonidan xalq deputatlari shaharlar Kengashlariga kiritiladi.

Qonunning 3-moddasiga muvofiq Davergeodezkadastr qo‘mitasi geografik obyektlarga nom berish sohasidagi maxsus organ hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktyabrdagi 295-sonli qaroriga muvofiq Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazida Respublika toponimika xizmati tashkil etilib, xizmat quyidagi funksiyalarni amalga oshirib kelmoqda:

Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflarni belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazish;

Geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestrini yuritish;

Geografik obyektlarning nomlari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish (geografik obyektlarning nomlarini bir tildan boshqasiga o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomalar, joyni o‘zida toponimik jihatdan tekshirish bo‘yicha qo‘llanmalar, geografik obyektlarning nomlarini belgilash va boshqalar);

Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritilgan geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risidagi axborotni yuridik va jismoniy shaxslarga belgilangan tartibda taqdim etish.

Respublika toponimika xizmati tomonidan respublika hududida joylashgan geografik obyektlarning nomlariga oid maʼlumotlarni Davlat reyestriga kiritish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Bugungi kunda Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestrining maʼlumotlar bazasida mavjud obyektlar nomlari soni

95 844 ta bo‘lib, shundan maʼmuriy-hududiy birliklar nomlari - 15 ta, aholi punktlari nomlari - 14 157 tani, aholi punktlarining tarkibiy qismlari nomlari – 74 010 tani, tabiiy obyektlar nomlari - 5 955 tani, transport va muhandislik - texnika infratuzilmasi obyektlari nomlari - 1 707 tani tashkil qiladi.

Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestri maʼlumotlari asosida “Kartografiya” DIICHK korxonasi tomonidan 2016-yilda qo‘mita tomonidan monumental kartografik asar, O‘zbekiston Respublikasining Geografik atlasi ishlab chiqildi. Hozir Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan qo‘mita tomonidan Davlat reyestri maʼlumotlaridan foydalanib O‘zbekistonning Milliy atlasi ishlab chiqilmoqda (2018-2020-yillar mobaynida).

Bundan tashqari, Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri maʼlumotlaridan qo‘mita tizimidagi aerogeodeziya, kadastr va yer yo‘nalishidagi korxonalar tomonidan topografik, geografik, kadastr, qishloq xo‘jaligi va boshqa tematik xaritalarni yaratishda ham foydalanib kelinmoqda.

Respublika toponimika xizmati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Seysmologiya instituti, “O‘zbektelekom” AK, “O‘ZGASHKLITI” DUK tashkilotlariga ham maʼlumotlar taqdim etib borilmoqda.

Hududlardagi komissiya masʼullarini Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi qoshidagi o‘quv markazida Respublika toponimika xizmati mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib borilishiga erishish maqsadida iyun-avgust oylarida malaka oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

Toponimika sohasida olib borilayotgan hamda rejalashtirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Milliy matbuot markazida matbuot anjumanlari o‘tkazilib kelinmoqda. Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestri ro‘yxatiga olinadigan nomlarni normallashtirish va davlat ekspertizasidan o‘tkazish uchun geografik obyektlarning nomlari sohasida “O‘zbekiston Respublikasi geografik obyektlari nomlarining o‘zbek tilida yozilishi yo‘riqnomasi” va “Qoraqalpog‘iston Respublikasi geografik obyektlari nomlarining o‘zbek tilida yozilishi yo‘riqnomasi” ishlab chiqildi 500 ekzemplyarda tirajdan chiqarildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari ishtirokidagi Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlatlararo Kengash doirasida toponimika xizmatlari bilan hamkorlik qilib kelinmoqda. Bunda, har yili bir marta MDH davlatlari ishtirokidagi geografik nomlardagi o‘zgarishlarning Elektron byulletenidagi O‘zbekiston bo‘limi bo‘yicha maʼlumotlar  aktuallashtiriladi, yangi nomlar bo‘yicha o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritiladi, belgilangan nomlarning geografik koordinatalari to‘ldiriladi. Rosreyestr tomonidan bu maʼlumotlar asosida loyihaviy ochiq kartografik resurs yaratildi. O‘zbekistonda Geografik obyektlar nomlari bo‘yicha interaktiv xarita ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Qisqacha muammolar to‘g‘risida.

“Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida ko‘rsatilgan “O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar”ning tasdiqlangan ro‘yxati mavjud emas. Shu munosabat bilan Respublika toponimika xizmati tomonidan Geografik obyektlarning davlat reyestri bazasida mavjud shaxslar nomlari bilan nomlangan geografik obyektlar ro‘yxati tuzilmoqda. Ushbu ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi hamda viloyat, tuman (shahar) hokimliklari bilan hamkorlikda qo‘rib chiqiladi va “O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar” ro‘yxati tuziladi.

Qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan geografik obyektlarga nom berilganligi va ularning nomlari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni davlat reyestriga kiritish uchun 10 kun muddatda Davergeodezkadastr qo‘mitasiga yuborilishi belgilangan bo‘lsa-da, lekin joylardagi geografik obyektlarga nom berish va qayta nomlash komissiyalari tomonidan ushbu talab bajarilmay kelinmoqda, bundan tashqari, joylardagi komissiyalar tarkibida malakali mutaxassislarning yetishmasligi va ular faoliyatining sustligi ham ushbu ishlarni to‘laqonli bajarishda to‘sqinlik qilmoqda.

Qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtayi nazaridan ularni davlat ekspertizasidan o‘tkazish uchun hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar maʼmuriy-hududiy birlikka bog‘lanmasdan yoki noto‘g‘ri bog‘langan holda davlat ekspertizasiga taqdim etilishi tufayli, qonunning 4-moddasida talab etilgan maʼmuriy-hududiy birlik doirasida aynan bir xil nom berilishiga yo‘l qo‘yilmasligini o‘rganishda muammolar paydo bo‘lmoqda.

Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan aholi punktlari va aholi punktlarining tarkibiy qismlariga Qonunning 4-moddasiga zid nomlar qo‘yilishiga eʼtiborsizlik bilan qarash katta muammolardan biridir. Masalan, Andijon viloyatida Hasanqovoq, Hasan-Husan, Yuvosh, Arqoncha, Asfalt, Garaj, Stadion, DAN orti, Do‘stlik to‘g‘ri, Imorat, Yashasin, Xirabek, Choyfurush, Chopag‘on kabi, Jizzax viloyatida Janon, Puchug‘oy, Chaqir-Chuqur, Ko‘kyong‘oq kabi, Samarqand viloyatida Chovli, Chigirtkali, O‘pka, Tentak, Polopon, Tarvuztovoq, Xolajon, Enamyaxshi, Damqorin, Erkinnafas, Kampiro‘ldibuloq, Kechkeldik, Oto‘ldibuloq, Galaqassob, Rayimqulko‘sa, Yo‘g‘ontayoq, Kaltapo‘stin, Qo‘shasigir, Mirzabachcha, Xina  kabi, Surxondaryo viloyatida Ketmon, Pushtivaraq, Gegirdak, Gazko‘cha, Qizildehqon, Mehnat Ozod, Ximiya, Shag‘al kabi nomlar uchraydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, geografik obyektlar nomlarini tizimlashtirishda, huquqiy qo‘llanilishida turli xil yondashuvlarning oldini olish, tarixiy shakllangan joy nomlarini aks ettirish maqsadida amaldagi “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini tanqidiy tahlildan o‘tkazish, tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish va umumxalq muhokamasiga qo‘yishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Gulnoz G‘AFFOROVA,

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya

 va davlat kadastri davlat qo‘mitasi

 toponimika xizmati boshlig‘i.

10.04.2020 1222