"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Jilosi-yu jozibasi dilga orom ona tilim!

Alla aytay, jonim bolam, quloq solgin alla.

Shirin allam tinglab asta, uxlab qolgin alla.


Dunyoga kelganimizdanoq onalarimizning sehrli allalari ohangi ila qulog‘imizga, ruhimizga singib ketgan ona tilimiz – o‘zbek tili o‘zining jozibasi, go‘zalligi, ohangiyu tarovati bilan yuragimizdan chuqur joy olgan. Ilk bor aytgan so‘zlarimiz ham shu tilda baralla yangragan – ona, ota, non kabi aziz va mukarram bo‘lgan, biyron tillarimizda aylangan bu so‘zlar o‘zbek tili ohangida taralgan. Shundan bo‘lsa kerak, ona tili tug‘ilganimizdan boshlab bir umr qalbimizga, butun borlig‘imizga, ruhiyatimizga juda-juda yaqin va unga bo‘lgan mehrimiz ham o‘zgacha.

O‘zbek tilining bor jilosiyu jozibasi, tarovati nafaqat onalarimiz allasida, balki qadimiy bitiktoshlarda, ming yillik dostonlarimizda, o‘lmas maqomlarimizda, shoirlarimizning jo‘shqin she’rlarida, baxshi va hofizlarning sehrli qo‘shiqlarida o‘z ifodasini topgan. Demakki, ming yillik dostonlarimizni o‘z bag‘rida yetiltirgan ona tilimizning ham tarixi uzun, o‘tmishi buyuk, o‘z taraqqiyot bosqichlari bor.

Darhaqiqat, turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi juda uzoq. Va bu tarix xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, orzu-intilishlari, o‘ylari, dardu armonlari, milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analari, ma’naviy boyliklari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbek tili buyuk allomalar, olimu fuzalolar ilmida, shoiru ijodkorlar nazmida yanada jilo sochib, bor tarovati ila ravnaq topgan.

Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam,

Hazrat Alisher Navoiy ushbu misralarida ona tili bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun turkiy el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirganini iftixor ila bayon qilgan. Ha, o‘zbek tili buyuk zotlarning jahonga mashhur dostonlariyu asarlari bitilgan til, davlatchiligimiz tarixi bilan qadamba-qadam rivojlanib, sayqallanib kelayotgan tildir.

O‘zbek tilining yaqin tarixiga nazar tashlasak, jadid bobolarimizning til qayg‘usida, millat ravnaqi tashvishidagi harakatlaridan qalblarimiz alangalanadi, vatanparvarlik, millatparvarlik hissi tug‘yon uradi. Alg‘ov-dalg‘ov, isyonkor bir davr fonida dunyoga kelgan o‘zbek tilidagi ilk roman – “O‘tkan kunlar” esa tilimizning mavqeini yana bir karra oshirdi.

Bugun poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni uzra qad ko‘targan yodgorlik majmualari oralab kezarkansiz, adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining fidoyilari, chinakam jonkuyarlarining til ravnaqi, millat ma’naviyati yo‘lidagi xizmatlaridan ham minnatdor bo‘lasiz, ham burchli ekaningizni his qilasiz. Zero, tilimizni asrab-avaylash, boyitish, uning sofligini saqlash va rivojlantirish bugungi davr kishilarining – sizu bizning vazifamiz, burchimiz ekanligini yaxshi bilamiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Yer yuzida yetti mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Jumladan, o‘zbek tili ham davlat tili maqomiga ega ekanligi uning o‘rni va nufuzidan, buyuk tarixidan dalolatdir. O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangrayotgani alohida e’tiborga molik.

bugungi kunda yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, mavqeini oshirish, ilm-fan tili sifatidagi nufuzini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada 2019-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni muhim dasturilamal hujjatlardan biri hisoblanadi. Mazkur farmonga binoan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Ushbu departament zimmasiga ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini yaratish kabi bir qator vazifalar yuklatilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilining qadimiy bitiktoshlardan tortib bugungi kunga qadar ravnaqi, taraqqiyoti uning o‘z o‘rni borligini, tarixiy ahamiyatga ega ekanligini namoyon etadi. Asrlar silsilasidagi turli bosqinchilik va ma’naviy tazyiqlardan o‘tib, o‘z qudratini yo‘qotmay, aksincha, yanada sayqal topib, boyib borayotgan ona tilimizning dunyo maydonidagi o‘rnini mustahkamlash muhim va dolzarb masaladir.  Millat ruhi, ma’naviy boyligi, ajdodlarimizdan meros bo‘lgan ona tilimizning qaddi va qadrini, o‘ziga xos jilosi va josibasini saqlash va yanada boyitish har birimizning vazifamiz, burchimizdir. Ona tilining umrboqiyligi esa millat va uning milliy ma’naviyati abadiyligiga ishoradir.


Muhtarama Komilova, O‘zA

29.10.2021 593