"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

«OMON YOR» QO‘SHIG‘INING PAYDO BO‘LISHI…

Biz yaxshi bilgan o‘sha "Omon yor" — u "bosmachi" deb atalganlar taqdiriga bog‘liqmi?

Omoncha ingrasangchi, Omon yor, Belingni bog‘lasangchi, Omon yor. Belingni bog‘lab olib, Omon yor, Jo‘ramlab yig‘lasangchi, Omon yor...

«Omon yor» qo‘shig‘ini barchamiz o‘zbek milliy qo‘shig‘i sifatida yaxshi bilamiz. Ammo nega "Omoncha ingramoqda, jo‘ramlab yig‘lamoqda?" Shunday raqsbop qo‘shiqqa o‘yin-kulgini, juda bo‘lmasa, hajvni ifodalovchi so‘zlar mos tushmas edimi? Yo‘q tushmas edi! Chunki bu qo‘shiq tor bilan o‘yinga chorlovchi sho‘xlikni emas, qalbni zirillatib, yig‘latuvchi qayg‘uni, millat dardini o‘zida ifoda etadi.

«OMON YOR»DAGI OMON POLVON KIM? 

Omon polvon Mavlonqul o‘g‘li 1856-yil Namangan viloyati, Xizrobod (Qizil Rabot) qishlog‘ida o‘rtahol dehqon oilasida tug‘ildi. Bolaligidan bir so‘zli, mard yigit bo‘lib ulg‘aydi. Kurash tushib, ot choptirib, elning nazariga tushdi. Xalqning hurmatini qozongan Omon polvon Qo‘qon xonligining eng taniqli eshonlaridan Hoji Muhammad Aminbekning fatvosi oladi va mirobboshilikka tayinlanadi.

Aytishlaricha, chor-atrofda dong‘i chiqqan Omon Qo‘qon tomonda katta bir uloqda yutqazib, uloqni oldirib qo‘yadi. Ikki oti bilan ham quruq qaytgach, sheriklarini tashlab ortga qaytadi. U Baliqchi degan hududga yaqinlashganda, yigitlari bilan Andijondan qaytayotgan yangi hokim - yosh Turdali boyvachchani ko‘rib qoladi. Ularga yetib kelgach, salomlashib, «Bek, otlarim yaramadi, samaningizni bering, sha’nimni tiklab olay», deydi. Uzoq yo‘ldan o‘zi ham, oti ham terlab-pishgan Omon polvonga bek otidan tushib, shartta jilovini qo‘liga tutqazadi. Hamrohlari bekka «Shunday qimmat otni bir og‘iz so‘zga bervordingiz-a», deyishadi. Bek esa, "Omon polvon oldimizga umid bilan kelayotgan edi. Xudo manzilini yaqin qildi, yo‘limizdan chiqdi. Bizga polvonni sha’ni kerak. U yurt sha’nini himoya qiladi. Bu bir ot xolos, yigitning sha’ni ming otdan qimmat turadi", degan ekan. 

Shunday qilib Omon polvon samanni minib, Qo‘qon tomonga choptirib ketadi. Uloqning so‘ngida eng katta yutuqlarini qo‘lga kiritib, g‘oliblik bilan qaytadi... 

MILLIY OZODLIK UCHUN JANG... 

1918-yil Turkiston muxtoriyati qonga botirildi, bolshevik qizil askarlari va arman doshnoqlarining qirg‘in barotlari avj oldi, el qoni to‘kildi... Shunday taloto‘p zamonda Qizil Rabot qishlog‘ida ariq oqsoqoli bo‘lgan Omon polvon xalq himoyasi uchun qo‘liga qurol tutishga majbur bo‘ladi. Zarxonga kelgan piri Hoji Muhammad Aminbek eshon Omon polvonga miltiq va bir necha yigit beradi. Shuningdek, qo‘rboshi unvoni va xalqdan soliq yig‘ib olish huquqini beruvchi fatvo yozib, o‘z muhrini bosadi. Shundan so‘ng Omon polvon ham Turkiston milliy ozodligi uchun hayot-mamot jangiga kirgan istiqlolchilar safidan o‘rin oldi. U Farg‘ona vodiysida qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshlagan 9 nafar harbiy qo‘mondonning biriga aylandi. Avval Muhammad Aminbekning buyrug‘i bilan Namangan-Andijon o‘rtasidagi temir yo‘lni buzdi. Muhammad Aminbekning Namanganga yurishida ishtirok etib, yigitlari bilan Namangan shahrining vokzal tomonini qizil askarlardan tozalashga bosh-qosh bo‘ldi.

To‘raqo‘rg‘onlik Dadaboy qo‘rboshi va uychilik Maqsud qo‘rboshilar uning eng yaqin safdoshlari edi. Bundan tashqari, yana o‘nlab mayda o‘zbek va qirg‘iz qo‘rboshilarga rahbarlik qilib, jami yigitlari soni 2500-3000 nafarga borardi. Madaminbek shahid bo‘lganidan so‘ng, Shermuhammadbekning rahbarligi ostida bo‘ldi. 1922-yilda Omon polvon Mavlonqul o‘g‘li Norin daryosidan Chustgacha bo‘lgan hududlarni o‘z nazoratiga oladi. Biroq harbiy qonunlarni nazar-pisand etmagan bolshevik ma’murlari uni sindirish uchun har qanday tubanlikdan qaytmadilar. Avval, doimiy qochqinlardan toliqqan turmush o‘rtog‘i Qorasoch begimni, so‘ng uni qidirib kelgan yagona o‘g‘lini hiyla bilan hibsga oladi. Shunda Omon polvon "bitta-yu bitta o‘g‘lim, shuni qaytarib bersalaring berdinglar, bo‘lmasa, hammangning kallangizni olaman", deb tahdidli xitobnoma yo‘llaydi. Kechga yaqin ikki qizil askar avval ayolini, so‘ng o‘g‘lini qaytarib olib keladi. Biroq sovetlarning tinimsiz fitnalari va og‘ir sharoit yigitlarni o‘ta toliqtirgan edi...

ADOVAT VA XIYONAT QURBONI

Omon polvon shunday kunlarning birida sobiq do‘sti mullo Nurqul mirobboshining "yarash oshi" taklifiga rozi bo‘ladi. Aslida mullo Nurqul ancha vaqtdan buyon maxsus bo‘limdan qurol-yarog‘ va buyruq olib, Omon polvonning iziga tushgan edi. Yaqubbek ham mullo Nurqulning fitnasiga rozi bo‘lib, xiyonat yo‘lini tutadi. Ular 1923-yil 24-may kuni qo‘rboshi Omon polvonni hukumatga topshirishga qaror qiladi. Bu xiyonatdan xabar topgan Bayoz qo‘rboshi Yaqubbekdan Omon pahlavonni qo‘yib yuborishini talab qiladi. Biroq bu vaqtda Yaqubbekning akasi Ahmadbek allaqachon qizil askarlarni boshlab kelgan edi. Shu tariqa kurash va uloqlarda halol g‘alabasi bilan xalq olqishini olgan, janglarda jon olib, jon berib, dushmanlarining ham e’tirofini topgan Omon polvon makr-hiylaning, adovat va xiyonatning qurboni bo‘ldi.  1923-yil 27-may kuni Omon polvonni topshirganligi evaziga katta unvon va imtiyozlar ilinjida garnizonga borgan Yaqubbek Parpiboy o‘g‘li ham yigitlari bilan hibsga olindi... 

OMON POLVONGA QARSHI BO‘HTONLAR... 

Mullo Mirzo Ali «Farg‘ona» gazetasida Omon pahlavonni "olabo‘ji" qilib ko‘rsatib, maqola yozadi. «Qo‘rboshi Omon polvonning ushlanishi haqida» nomli maqolada uni «har kunda 20-30 begunoh fuqaroning boshini kesar edi», deb ta’riflaydi. Hattoki Olabuqalik qirg‘izlardan mullo Nurqul mirobboshi afandi O‘rozali hoji o‘g‘li degan kimsa hiyla bilan Omon polvonni tutib, hukumatga topshirganini alqab she’r ham bitadi: Andijon, Oloy, Xo‘qondan, Oshib yurgan Omondi. Jami otryad yetolmay, Shoshib yurgan Omondi. Qomob berding Afandi! Yangiqo‘rg‘onda milisa, Yeta olmog‘on Omong‘a, Jami otryad yig‘ilib, Ota olmag‘on Omong‘a, Kosondan chiqqan milisa, Tuta olmag‘on Omong‘a, Kengash bilan osh qilib, Kirgizib qo‘yding Afandi... 

1923-yil 11-iyun Namanganning «Sharq» teatri binosi Omon polvonning sudini ko‘rishni istagan tomoshachilar bilan to‘ldi. Sud raisi, a’zolari, qoralovchilar, hatto mudofaachilar bo‘lgan "sud teatri" uch kun davom etdi. Omon polvon Mavlonqul o‘g‘li, Yaqubbek Parpiboyev, shuningdek, Abdug‘affor Xoliqqulboyev, Otaqul Darvesh o‘g‘li, Hakimboy Abdiboy o‘g‘li, Xudoyberdi Do‘stboy o‘g‘lilar qora kursiga o‘tqazildi. Son-sanoqsiz shohidlar go‘yoki, Omon polvon tomonidan o‘ldirilgan insonlarning ayollari, onalari ularning suratlarini ko‘tarib kelib, davo qildilar...

HUKM VA IJRO

...Butun kishilar oyoq uzra turgan holda ma’yublarning gunohlariga yarasha hukmlari e’lon qilinur: 1-Omon polvon bosmachiliq tashkiloti tuzulg‘onidan beri qilg‘on ishlarini birma-bir aytib chiqib, natijada jinoyat qonunining birinchi bobining 72-statyasiga muvofiq jazoga hukm qilinur. 2-Hakim Abdiboy o‘g‘li 3-Abdug‘affor Xoliqquli o‘g‘li 4-Xudoyberdi Do‘stboy o‘g‘illari ham sud vaqtida bo‘yinlariga qo‘yilgan ayblariga muvofiq mazkur hukm bilan jazoga mustahiq bo‘lsalar ham lokin Abdug‘affor Xoliqquli boy o‘g‘li yosh bo‘lib ochiqdan ochiq bosmachiliq qilmag‘oni uchun o‘z yurtidan to‘rt yil badarg‘a qilinib mulk va ashyosi musodara qilinmoqg‘a; Xudoyberdi Do‘stboy o‘g‘li ham mulk – ashyosidan mahrum qilinib 10 yil hibsga hukm qilindi. Ammo Omon polvon bilan Hakim Abdiboy o‘g‘lilari jinoyat va qilg‘on gunohlari ortuq darajada bo‘lganlikdan butun bor yo‘qlari musodara o‘zlarini otishga hukm qilinib, harbiy holatni nazarda tutub, 72 soat suroq berilmasdan hukm darhol ijro qilinur. Ammo Yaqubbek bilan Otaqul Darvesh o‘g‘ullari ham bosmachiliq bilan ayblanganliklari sababli 72-moddaga muvofiq hukmga mustahiq bo‘lsalar ham lokin gunohlari, ishlari ochuv bo‘lmaganlik sababdan ishlarini butunlay haqiqat qilib chiqmoq uchun osobiy otdelga topshirilur. Omon polvon bilan Hakim Abdiboy o‘g‘liga o‘z hukmlari bildirilganidan keyin ikkovining qo‘lini orqasiga bog‘lab, o‘lim jazosidan qutulg‘on ma’yublardan ajrotub osobiy otdelga keltirildi.

Bunda bir oz turganidan keyin Namanganning shimol tomonidagi adirga qarab harakat qilindi. Otish marosimiga taxminan ikki mingdan ortiq xalq tomoshog‘a chiqqan edi. Qabr Tayyor bo‘lganidan keyin ma’yublarni olib kelib osobiy otdelning komendanti tomonidan Omonning bo‘yniga nagan bilan bir o‘q qo‘yildi. U cho‘zulub qolg‘ondan keyin Hakimboyni to‘g‘rilab unga ham qo‘yildi. Bundan keyin Omonga ikki o‘q – Hakimboyga bir o‘q otilib, qabrga tashlanub, ustidan tuproq tortildi. Farg‘onadagi bosmachiliq harakatining olti yilliq bir qahramoni bo‘lgan Omon polvon mojarosiga shuning bilan xotima berildi». «Farg‘ona» gazetasidan olindi. 

 «OMON YOR» QO‘SHIG‘INING PAYDO BO‘LISHI…

O‘sha vaqtlarning o‘zida Namangan va atrof qishloqlarida «Omon yor» qo‘shig‘ining 9 turi el orasida paydo bo‘ldi. Ularning eng mashhurlari «Omon yor», «Omoncha», «Omondor», «Omon-o», «Omon bor»lar bo‘lib, jumladan,

«Omonda tur, Omonda tur, Omon yor, 

Inson bo‘lsang va’dangda tur, Omon yor. 

Omon ekan, Omon ekan, Omon yor, 

Shundoq qiziq zamon ekan, Omon yor...»

 «Omoncha» esa, Omon polvoning yigitlari orasida bo‘lib, vatan, din va millat erki deb halok bo‘lgan farzandining xabarini eshitgan onaning tilidan madh etildi. Yana bir turi «Omoni» bo‘lib Omon polvoning tilidan: 

Uchqo‘rg‘on yo‘ling qursun,

Ichmayman suving qursun. 

Bek akamni o‘ldirgan, 

Xolxo‘ja yuzing qursin... 

Albatta, bu qo‘shiqlarning har biri haqida uzoq muhokama qilish mumkin. Lekin bir narsa aniqki, sho‘ro hukumati qanday talqin etmasin, ularning «bosmachilik» deb nomlagan harakati chin ma’noda yurt istiqlol uchun hayot-mamot jangi, ularning yetakchilari esa, chin ma’noda milliy qahramonlardir.

 

Bahrom IRZAEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

uza.uz saytidan olindi


#ma'naviyat

31.10.2021 1088