- Bosh sahifa
- Maqolalar
- O‘zbek tiliga maftun turk qizi: Burcu Yilmaz bilan suhbat
O‘zbek tiliga maftun turk qizi: Burcu Yilmaz bilan suhbat
Turkiyalik qizning ilm yo‘lida O‘zbekistonga tashrifi va o‘zbek tiliga
muhabbatidan hayratlanib, u bilan suhbat qurishga oshiqdik. Suhbatni ramziy
ma’noda Abdulla Qodiriy uy muzeyida tashkil etib, Qodiriy yurgan yo‘llar aro
o‘tkan kunlarimizni birga xotirladik... Ayniqsa, Burcu «O‘tkan kunlar»dan
parcha o‘qiganida, unga mehrim tovlanib ketdi... Bu, millatning o‘tkan kunlari
yodi bilan yashayotgan, o‘z ona tiliga ishqi va hurmati baland har bir o‘zbek
uchun faxr! Burcu Yilmaz Istanbul universiteti, Turkologiya taqdqiqotlar instituti
doktoranti.
– Burcu, O‘zbekistonga xush kelibsiz! Bu Sizning
O‘zbekistonga ilk tashrifingiz-a? Taassurotlaringiz qanday?
– Bu
mening O‘zbekistonga birinchi kelishim emas. Ilk bor 2018-yilda Alisher Navoiy
nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tgan
Xalqaro simpoziumda ma’ruza qilish uchun bir haftaga kelib, Toshkent va
Samarqandda bo‘lgandim. Bu safar O‘zbekistonga 1 oy muddatga keldim. Ikki
shahar ham menga juda manzur bo‘lib, go‘zal taassurotlar qoldirgandi. Uch
yildan so‘ng guvohi bo‘lib turibmanki, Toshkent ancha o‘zgarib, rivojlangan,
chiroyiga chiroy qo‘shilgan. Toshkentni sehrli shahar sifatida ko‘raman, u meni
odamlari, ko‘chalari, havosi, tarix shukuhi taralib turguvchi muhiti bilan
maftun etgan.
– O‘zbekistonga tashrifingiz
sababi, ilmiy ishingiz mavzusi – o‘zbek tili bilan bog‘liq bo‘lganligi haqida
ilk uchrashuvimizda aytib o‘tgandingiz. Nima uchun aynan, o‘zbek tilini ilmiy
ishingiz uchun mavzu qilib oldingiz? Umuman, turkiyalik yoshlar ilmiy ish
uchun mavzu tanlayotganda, nimalarga ko‘proq ahamiyat qaratishadi?
– Yozayotgan dissertatsiya ishimning
mavzusi o‘zbek tili bilan bog‘liqligi sababining o‘z tarixi bor: Turkiyaning
Marmara universitetida turk tili va adabiyoti bo‘yicha tahsil olganman. Til darslariga qiziqardim.
Magistrlik darajasini turk tillari bo‘yicha olishni o‘ylardim. Lekin qaysi
turkiy tilga ixtisoslashish borasida qaror qilmagandim. Bizga o‘sha vaqtda
o‘zbek tili darsi o‘tilardi. O‘qituvchimiz Doniyor ismli o‘zbek yigiti bizga bu
xalqning madaniyati, O‘zbekiston haqida gapirib berdi va Erkin Vohidovning
«O‘zbegim» she’rini o‘qidi. Bu she’rdan juda ta’sirlandim. O‘sha kun ilmiy
izlanishlarim ixtisoslashuvini o‘zbek tili bilan bog‘lashga qaror qildim. Keyin
esa magistrlik dissertatsiyamda shu tilda Mahmud Hasaniy tomonidan o‘zbekchadan
turkchaga tarjima qilingan Husayn ibn Ibrohim Muhammad at-Taflisiyning «Kamilut-ta’bir»
– «Mukammal tush ta’birnomasi»ni (transkripsiya)ga ko‘ra til xususiyatlari
haqida ishladim. Hozirda esa doktorlik dissertatsiyamni «Chig‘atoy tilidan
zamonaviy o‘zbek tiliga o‘tishda iboralar va iboralarda yuzaga kelgan
o‘zgarishlar” mavzuida yozayapman. Ilmiy ish mavzuimni tanlar ekanman,
turkologiya va sohamga foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan mavzuni tanlashga
e’tibor qaratdim.
– Ma’lumki, o‘zbek va
turk tillarining mazmunan yaqinligi sababi – ikki tilning ham tarixiy kelib
chiqishi turkiy tillar turkumiga mansubligi bilan bog‘liqligidadir. Shu nuqtayi
nazardan, o‘zbek va turk adabiyoti tili kayfiyatida qanday uyg‘unliklar
ko‘rasiz?
– O‘zbeklar
va turklar misoli bitta daraxning ikki xil shoxlari... Daraxtning shoxlari
mutlaqo bir xil bo‘lmasa-da, ildizlari birdir! Shu sabab, ikki til – yakdil!
O‘zbek tili bilan turk tilining sintaksisi, so‘zlari, idioma (ibora) va
maqollari juda o‘xshash. Masalan, idiomalarni o‘rganish asnosida o‘zbek
tilidagi idiomalarni turk tilidagi idiomalar bilan solishtiraman va ularning
ko‘pchiligi bir xil yoki o‘xshash ekanligini ko‘raman. Bu bizga ikki xalqning
madaniyati, urf-odatlari, yashash tarzining yaqinligidan dalolat beradi. Chunki
iboralarni xalq madaniyati va hayotidan mustaqil ravishda tasavvur qila
olmaymiz. Yana o‘ylaymanki, adabiyotimizdagi his-tuyg‘u kayfiyati, ritorika,
vatanparvarlik mavzulari ham egizdek xuddi. Masalan, Mustaqillik urushidan
so‘ng, Mehmet Akif Ersoyning «İstiklal Marşı» she’ri va Abdulla Oripovning
O‘zbekiston madhiyasi uchun yozgan she’ridagi vatanparvarik tuyg‘ulari qalban
yaqin. Bu mushtarakliklar ikki xalq adabiyotining mavzusi va mualliflari
uslublarida aks etadi.
– O‘zbek adabiyotining ilk romani – Abdulla
Qodiriyning «O‘tkan kunlar» asari tili va unda qo‘llanilgan iboralar Sizda qanday
fikrlar uyg‘otgan? Umuman, Abdulla Qodiriy ijodi va aynan «O‘tkan kunlar» sizga
qay jihatlari ila qadrli?
–«O‘tkan
kunlar»dagi iboralarni hali ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilishga ulgurmadim.
Dissertatsiyamning keyingi qismlarida bunga to‘xtalish niyatim bor, albatta.
Turkiyada ayni mavzu 2001-yili Şeref Yılmaz tomonidan magistrlik
dissertatsiyasi (Abdullah Kadri’nin (Ötgen Künler) romanında geçen deyimlerin
incelenmesi)da o‘rganildi. Roman tili ancha ravon va sodda. O‘qish va tushunish
oson. Oson til va uslubga ega ekanligi asarni bir nafasda tushunishmizga imkon
beradi. “O‘tkan kunlar» romani meni O‘zbekistonning madaniyati va an’analari
ildizlari bilan yaqindan tanishtirgani bilan qadrlidir. Roman o‘z ichiga olgan
mavzular ila universallik xususiyati kasb etib, bu uning abadiylikka daxldor
maqomini belgilaydi. Abdulla Qodiriyning yutug‘i shundaki, u sizni roman ichiga
olib kira oladi va qahramonlar o‘rnida o‘zingizni tasavvur etib, masalan,
Kumushni tuyg‘ularini bevosita siz ham his qilasiz. Yozuvchi hayotiylik omili
orqali qahramoni olamiga kitobxonni sherik qila olishi, bu yuksak mahorat.
– O‘zbek yozuvchisi,
adabiyotshunos olimi – Ulug‘bek Hamdamning Abdulla Qodiriy haqida yozgan bir
maqolasini o‘zbek tiliga tarjima qilganingiz haqida xabarim bor. Shu tarjima
jarayoni qanday kechdi va bu maqola qay jihatlari ila qiziqish
uyg‘otgandi?
–Ulug‘bek
Hamdamning «Abdulla Qodiriy va Erkin Vohidov» nomli maqolasini tarjima qilish
jarayoni yaxshi kechdi, chunki men uchun maqolalarni tarjima qilish badiiy matn
tiliga qaraganda, birmuncha qulayroq. Buning sababi, maqoladagi so‘z va
jumlalar qisqa va lo‘nda, aniq ifodalanashida. Odatda, menga yaqin bo‘lgan
sohalar doirasida badiiy matnlar emas, balki ilmiy matnlar ustida ishlayman.
Maqolada e’tiborimni tortgan jihat birinchi navbatda, Abdulla Qodiriyning
o‘zbek adabiyotidagi o‘rnini ko‘rish bo‘ldi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy o‘zbek
adabiyotiga nafaqat o‘z asarlari ila, balki o‘zidan keyingi nomlar ijodiga
bergan ilhomi bilan ham ma’nan ta’sir qilgani, vorislik rishtalariga ehtirom
maqolaning mohiyatini tashkil etadi. Qodiriy asarlari meni dunyoimga ta’sir
qilib, qalbimda chuqur iz qoldirgan. Maqola muallifi Abdulla Qodiriyning o‘zbek
adabiyoti umumiy oqimiga katta ta’siri borligini nozik anglab, uni o‘z kuzatuvlari
asosida ramziy bog‘liqlarni keltirib, ifoda etgan. O‘z o‘rnida xos kuzatuv didi
va izchil tahlil bilan yozilgan bu maqola meni Qodiriy shaxsiga yana bir qadam
yaqinlashtirdi. Bu go‘zal maqolani imkon qadar Turkiyaning ilm olamiga olib
kirishga harakat qildim.
– Abdulla Qahhorning
«Dahshat» hikoyasini turk tiliga tarjima qilganingizni eshitib, juda xursand
bo‘ldim. Mazkur asarni tarjima jarayoni haqida gapirib bering. Tarjima uchun
Abdulla Qahhorning nega aynan shu hikoyasini tanlagan edingiz?
– «Turk tili
va adabiyoti» jurnalining o‘zbek-turkcha soniga hikoya tarjima qilish taklifi
tushgandi va men tarjima uchun qanday asar olsam ekan, deb o‘ylay boshladim.
Asosan, o‘zbek tili bilan shug‘ullanganim bois, o‘zbek adabiyoti bo‘yicha
izlanuvchi do‘stim Hamza O‘zturkchudan tarjima uchun asar tavsiyasi borasida
maslahat so‘radim. Istagim, o‘zbek adabiyotidan o‘zbeklar madaniyati izlarini
o‘zida mujassam etgan va bizning ham xalqimiz bilan tutashib ketguvchi
mushtarak jihatlarga ega hikoya topish edi. Do‘stim, Abdulla Qahhorning
«Dahshat» hikoyasini tavsiya etdi. Bu aynan, men izlagan hikoya bo‘lib chiqdi. Asarni
tarjima jarayoni men uchun ham qiziqarli, ham zavqli kechdi. Men to‘satdan
o‘zimni ajoyib hikoyada topdim. Hikoya orqali o‘zbeklarning tarixi, madaniyati,
an’analari, odat va yashash tarzi tasvirlarida bizning ham madaniyatga yaqin
elementlarni ko‘rish, o‘rganish imkoniga ega bo‘ldim. Shunday qilib,
o‘tmishdagi hayotni kuzatish, mening e’tiborimni tortgan asosiy jihatlardan
biriga aylandi. Hikoyani tarjima qilar ekanman, voqealar tuyg‘usi ichida goh
adashib, goh isyon qilib, goh kulib, goh esa o‘ylanib qolgan paytlarim bo‘ldi.
Bu muallifning hikoyaga shaxsni qanchalik mohirlik bilan kiritganligi
mahoratidan dalolatdir.
– Mana, bir necha kundirki,
O‘zbekistonda mehmonsiz. Ilmiy ishingiz yuzasidan izlanishlaringiz sabab,
ko‘pgina o‘zbek yoshlari bilan do‘stlashdingiz. Aytingchi, ularning og‘zaki
nutqida o‘zbek adabiy tili qanday jarang sochayapti? Shunga hech qiziqdingizmi?
O‘zbek tiliga mehr qo‘ygan inson sifatida sof o‘zbekcha so‘zlashni
shakllantirish borasida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, deb
o‘ylaysiz?
– O‘zbek
tilini o‘rganishim tufayli O‘zbekiston va o‘zbekistonlik yoshlar bilan yaqin
muloqotda bo‘ldim. Ko‘plab juda yaxshi do‘stlar orttirdim. Albatta, Turkiyada
bo‘lganimda ham, bu yerda ham do‘stlarimning suhbatlarini kuzataman. Ko‘rib
turganimdek, o‘zbek yoshlari o‘z ona tilini yaxshi ko‘radi, lekin uning
himoyasi, ulug‘lanishi tilga bo‘lgan amaldagi hurmat bilan o‘lchanadi. Misol
uchun, bir do‘stim bilan kechki ovqatni tanovvul qilish uchun yemakxonaga
tashrif buyurdik. Do‘stim yemakxona xizmatchisidan vilka (sanchqi) so‘radi. Men
tabiiy ravishda unga savol berdim: «Nega o‘z tilingda sanchqi so‘zi bo‘la
turib, vilka deysan?...» U o‘ylanib qolib, siz haqsiz, dedi. Keyin biz bu so‘z
haqida biroz suhbatlashdik. Men unga «sanchqi» so‘zining naqadar ma’noli ekani,
so‘zning kelib chiqish tarixi haqida bilganlarimni ilindim. Ota-bobolar tilida
go‘zal so‘z bo‘la turib, boshqa tillardan so‘z olish ma’nosiz, dedim. Albatta,
bugun ham sof o‘zbekcha gapirish, bu tilni asrab-avaylash zarurati bor. Til bu,
bizga asrlar davomida ishonib topshirilgan xazinadir. Bu xazinani
asrab-avaylash o‘zbek yoshlarining ham, biz, o‘zbek tili mutaxassislarining ham
burchimizdir. Bu yo‘lda qilinajak ishlar bisyor, avvalosi, bu mavzuning
mohiyatini anglashdir. Zeroki, til bu – millatning yuzi!
– Zulfiyaxonim she’riyatiga
ham qiziqishingizni eshitib, sizga nisbatan yanada mehrim va hurmatim oshdi.
Zulfiyaxonim she’riyatining Sizni o‘ziga maftun etgan jihati nima edi?
– Ayol botini
kuchining o‘rni va kuchli ayollar meni doim hayratda qoldiradi. Bir kuni
Zulfiya ismli taniqli o‘zbek shoirasi borligini eshitib, uning ijodiga qiziqib
qoldim. Keyin uning kitobini sotib oldim va o‘qish jarayonida shoira
she’rlaridagi tuyg‘u menga qattiq ta’sir qildi. Shoira she’riyati meni
g‘ururlantirdi. Uning ijodidan eng sevib o‘qiydigan she’rim bu – «Bahor keldi
seni so‘roqlab».
– Kelgusidagi rejalaringiz?
– Turk va
o‘zbek tiliga foydasi tegadigan olima bo‘lishni xohlayman. Bunday qudratli
madaniyatning tilini asrab-avaylash va yuksaltirish Alisher Navoiydan keyin
turkologiyaga yurakni bergan turkologlarga yuklangan, deb o‘ylayman. Va men ham
ulardan biriman, deb faxr qilaman. Shuning uchun turkiy tilni asrab-avaylash va
targ‘ib qilish, mening asosiy maqsadim. O‘zbek tilini dunyoda keng
qo‘llaniladigan til sifatidagi mavqeini oshirish yo‘lida ilmiy izlanishlar olib
borib, soha rivojiga munosib hissamni qo‘shsam, deyman.
– Burcu, o‘zbek tiliga maftun insonning o‘zbekcha ismi
ham bo‘lishi kerak, nazarimda. Har holda bu meni sizga hurmatim ramzi. Siz
bilan ilk bor oyning o‘n beshida va oy chiqqan mahal diydorlashgandik.
Chehrangiz ham nurli oy kabi go‘zal ekan. Shu sabab, men sizni o‘zbekcha ism
ila Oygul deb atagim keldi.
– Men buni
mamnuniyat bilan qarshi olaman. Menga o‘zbekcha ism taklifini berishingiz bilan
bog‘liq kechgan tasodiflar va fikrlarimizning uyg‘un kelishi manzur bo‘ldi.
Go‘zal o‘zbekcha ism va mehmondo‘stligingiz uchun sizga katta rahmat!
Lobar Qobilova
suhbatlashdi
xabar.uz saytidan olindi