"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qarisi bor uyning parisi yo‘q

Qofiya so‘zni ta’sirchan, esda qolarli qiladigan vosita. Lekin qofiya qilaman deb ma’noni ko‘chada qoldirish yaramaydi.

“Qarisi bor uyning parisi bor” degan maqolni eshitgan bo‘lsangiz kerak. To‘liq shakli:

Qarisi bor uyning parisi bor, Parisi bor uyning barisi bor.

Mana shu maqolda ma’no ko‘chaga quvilgan. Nega deysizmi?

Pari asli forscha so‘z, o‘zbek tilida ikki xil ma’noda ishlatiladi:

1. Sharq xalqlari og‘zaki ijodida keng tarqalgan, juda go‘zal qiz qiyofasidagi, nurdan yaratilgan, kishilarni ins-jinslardan saqlaydigan afsonaviy obraz; go‘zallik ramzi:

Qari bilganini pari bilmas. (Maqol)

2. Ko‘chma ma’noda: juda go‘zal, xushro‘y ayol, nozanin:

– Sizni shu pariga uylantirib qo‘yaymi? – dedi Tojiboy... P. Tursun, O‘qituvchi.

Endi shu maqoldagi pari so‘zini bu ikki ma’noda tushunib ko‘ring. Mantiqli ma’no topolmadingizmi? Topolmaysiz ham. Qorong‘i uyda qora mushukni topish qiyin, ayniqsa, u yo‘q bo‘lsa, deyishadi-ku.

Xonadonda keksalarning borligi bu yerda juda go‘zal qiz qiyofasidagi afsonaviy obrazning yoki juda go‘zal, xushro‘y ayolning ham bo‘lishiga olib keladimi? Yo‘q.

Maqolning to‘g‘ri varianti: “Qarisi bor uyning farishtasi bor”. Nuroniy otaxon va onaxonlarning yuzida iliqlik, so‘zida hikmat bo‘ladi. Ular bor joyga fayz kiradi, baraka yog‘iladi.

Yuqorida “Qari bilganni pari bilmas” degan maqolni ham keltirdik. Uning mantiqiy asosi bor. Yoshi ulug‘ kishilar katta bilim va tajribaga ega bo‘ladi. Xalq og‘zaki ijodida ba’zan firib va aldov ramzi sifatida talqin etiladigan, chiroyi va afsunlari bilan qahramonlarni sehrlab qo‘yadigan parilar ham qarilar bilgan narsani bilmaydi, keksalarning bilim-tajribasi ko‘p degan mazmun kelib chiqadi maqoldan. Demak, bu maqol mazmunan to‘g‘ri.

Albatta, pari so‘zi bu yerda boshqa ma’noda ishlatilyapti, ma’no ko‘chgan deyish ham mumkin. Biroq pari so‘zi maqol talab etayotgan mazmunda boshqa o‘rinlarda ham qo‘llanmaydi. Jumladan, ko‘chma ma’noda ham.

 

daryo.uz

07.12.2021 1974