"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Shukrona kuningiz muborak bo‘lsin!”

So‘nggi paytlarda shu ibora juda mashhur bo‘ldi. Magazinchi G‘aybullayam, mahalladagi xotinlar ham, ikkichi Yoshvoy ham, a’lochi Toshvoy ham – hamma qo‘llayapti.

Biror so‘z yoki iborani qo‘llashda uning asl mazmuni nima, boshqa ma’noda ishlatsa, to‘g‘ri bo‘ladimi-yo‘qmi – o‘ylab ko‘rish kerak, albatta.

Sarlavhadagi jumla, asosan, tug‘ilgan kun tabrigi sifatida ishlatilyapti. Lekin shukrona kuni iborasini tug‘ilgan kun ma’nosida qo‘llash xato.

Shimoliy Amerikada, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Kanadada keng nishonlanadigan bayram bor – Shukrona kuni. Marosim nomi o‘zbekchada Shukronalik kuni shaklida ham ishlatiladi. U Yangi yilgacha davom etadigan bayram mavsumini ochib beradi.

Yangi yerlardan baxt izlab yo‘lga chiqqan angliyaliklar ummon oshib, 1620-yil noyabrida hozirgi Massachusets shtati hududlariga kelib tushadi. Yuz kishiga yaqin muhojirning yarmi qahraton qish sharoitida halok bo‘ladi. Tirik qolganlarga mahalliy hindu qabilalari yordam beradi. Ularning ko‘magi bilan angliyaliklar toshloq yerlarda dehqonchilik qilish sirlarini o‘rganadi va katta hosil oladi. Hududning birinchi gubernatori U. Bredford ana shu to‘qchilik va omonlik sabab Xudoga shukr qilish marosimini o‘tkazishni taklif etadi. 1621-yilning noyabrida bayram ilk bor tashkil etiladi.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bayramning diniy motivlari ham bor.

Bu bayram hozir AQShda noyabr oyining to‘rtinchi chorshanbasida, Kanadada esa oktyabrning ikkinchi dushanbasida nishonlanadi.

Shuningdek, Qozog‘istonda ham Shukronalik kuni nishonlanadi. U Shimoliy Amerikadagidan farqli bayram.

So‘zni yanglish ishlatmaslik kerak. Ayniqsa, mohiyat butkul o‘zgarib ketadigan, odamni chalkashtiradigan o‘rinlarda. Har narsani o‘zining nomi bilan atash zarur. Shu nuqtayi nazardan, “Shukrona kuningiz muborak bo‘lsin!” jumlasini tug‘ilgan kunga nisbatan ishlatish xato. Chunki Shukrona kuni iborasining umum qabul qilingan ma’nosi boshqa.

U nimaga tez shuhrat qozondi? Aniq bir sababini bilmayman. Taxminlarim bor. Menimcha, buning birinchi sababi tug‘ilgan kun so‘zini ishlatishdan qochish bo‘lsa kerak. Dinimizda tug‘ilgan kunni nishonlash targ‘ib etilmagani uchun shu ibora qo‘llanyapti, deylik. Lekin so‘zi boshqacha bo‘lgani bilan tug‘ilgan kun tug‘ilgan kunligicha qoladi-ku. Demak, bu unchalik asosli sabab emas.

Boshqa bir taxminga ko‘ra, bu ibora orqali shu yoshga yetgani uchun Yaratganga shukr qilish ma’nosini ifodalash maqsadi bor. Unday deydigan bo‘lsak, inson hayotida shukr qilishi kerak bo‘lgan voqealar, sanalar ko‘p. Ammo shukronalik kuni ta’rifi ularga nisbatan ishlatilmaydi.

Yana bir taxmin – jumlaning chiroyli, jarangdor eshitilishi. Kishi jumla ishlatishda ham boshqalardan ajralib turishni, madaniyroq ko‘rinishni, kamyob topildiqlarni qo‘llashni istaydi. Lekin bu istak bilimdan xoli bo‘lsa, mazmunsiz yoki kulgili mazmunga ega so‘z va iboralar paydo bo‘lib qolishi hech gap emas.

 

daryo.uz saytidan olindi

08.12.2021 1309