"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: Til bayrami – dil bayrami

Sal balandparvoz gapdek tuyulishi mumkin, biroq 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilangani haqida xabarni eshtishim bilan negadir xayolimga “Til bayrami – dil bayrami” degan gap keldi. Balki bu gap qayerdadir, kimdir tomonidan aytilgan, ko‘p marta ishlatilgan, hatto siyqasi chiqib ketgan ham bo‘lishi mumkin, ammo o‘zbek tilini ona tili sifatida biladigan, ana shu tilda tilim chiqqan, uni boshqa tillarga qaraganda ko‘proq yaxshi ko‘radigan inson, shu millat vakili sifatida yana yuz, ming, hatto yuz ming martalab shunday deyishga asosim bor, deb o‘ylayman.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida davlat tilida ish yuritish tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha ish boshlaganimga ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay hamkasblar bilan tez til topishib ketdik. Bu yo‘nalishda faoliyat yurituvchilarni ko‘pchilik texnika odami, deb o‘ylaydi. To‘g‘risini aytsam, men ham ozgina bo‘lsa-da, shunday fikrda edim, biroq adashgan ekanman. Ular tayyorlagan hujjatlarni ko‘rib, biror “tilchi” tayyorlagan degan xulosa qilish mumkin.

Ish jarayonida muloqotga kirishar ekanmiz, bir necha marta tortishgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Ko‘pgina hujjatlar davlat tilida tayyorlanishi bilan birga boshqa, xususan, rus tilidagi xatlar, ish rejalar ham yo‘q emasdi. Ana shularni o‘zbek tilida tayyorlash zarur, degan fikrni ilgari surishim natijasida kimlargadir yoqmayotganim ham rost edi. Rus tilida ishlash oson bo‘lganlar uchun bir ishni ikki marta qilish kimga ham yoqardi, deysiz. Ana shunda o‘z ona tilini hurmat qiladiganlar tomonidan amalda keng qo‘llanib kelinayotgan usulni taklif qildim. Yaʼni, biz ham o‘z tilimizning hurmatini joyiga qo‘ygan holda har qanday hujjatni, ayniqsa, xatlarning imzolangan nusxasini davlat tilida tayyorlash va zarur bo‘lsa, boshqa tildagi tarjimasini ilova qilishga kelishib oldik. Menimcha, ishimiz ancha osonlashgandek bo‘ldi, hamkasblar ham bunga ko‘ndi.

10-aprel kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbek tili kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunning imzolanganini, unga ko‘ra 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilanganini eshitgan, internet saytlari orqali o‘qigan bo‘lsam ham hamkasblarga indamadim. Chunki bugun axborot texnologiyalari rivojlangan paytda bunday imkoniyat hammada bor. Xullas, bu yangilikni eshitgan, o‘qigan borki, kelib, xuddi mening tug‘ilganim yoki menga tegishli biror sanadek meni tabriklay boshladi. Men bo‘lsam, “Ana endi ham biror hujjatni boshqa tilda tayyorlab ko‘ringlar-chi...” deya yolg‘ondan po‘pisa qilgan bo‘ldim. Aslini olganda esa xursandchiligimning cheki yo‘q edi. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilgandi. Chunki hamma davlatlarda ham ona tili alohida bayram sifatida nishonlanmaydi. Biz ana shunday davlatlardan biriga aylandik.

Masalan, 1999-yil 17-noyabr kuni YUNESKO tomonidan 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb eʼlon qilingan. Va bu sana 2000-yildan buyon til va madaniy xilma-xillikni hamda ko‘ptillilikni rivojlantirish maqsadida keng nishonlanib keladi. O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasi 2008-yilni Xalqaro tillar yili, deb eʼlon qilgan.

Bu sananing eʼlon qilinishiga 1952-yil 21-fevral kuni Dakkada (Bangladesh poytaxti) sodir bo‘lgan voqea sabab bo‘lgan. Shu kuni namoyishga chiqqan talabalar o‘z ona tili – bengal tilini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olishlarini so‘ragan va politsiya tomonidan uzilgan o‘qlardan bir necha talaba halok ham bo‘lgan.

Bundan tashqari 14-mart Estoniyada (1996), 20-mart Fransiyada (2010), 9-aprel Finlyandiyada (1980), 20-aprel Xitoyda (2010), 23-aprel Angliya va Ispaniyada (2010), 15-may Osetiyada (2003), 6-iyun Rossiyada (2011), 1-avgust Ozarbayjonda (2001), 31-avgust Moldaviyada (1989), 20-sentyabr Qozog‘istonda (1998), 23-sentyabr Qirg‘izistonda (1989), 9-oktyabr Janubiy Koreyada (1945), 9-noyabr Ukrainada (1997) til bayrami sifatida nishonlanadi.

YUNESKO maʼlumotiga ko‘ra, dunyoda har ikki haftada bitta til yo‘qolib ketmoqda. Ularnig yo‘qolishi esa butun boshli madaniy va intellektual merosning ham yo‘qolishiga olib kelmoqda.

Ona tillarining tarqalishini keng targ‘ib qilish faqatgina tillar xilma-xilligi, ko‘p tilda taʼlim olish yoki jahon tillari va madaniy anʼanalar bilan yaqindan tanishish bilan chegaralanib qolmaydi, balki ular o‘zaro tushunishga asoslangan birdamlikni kuchaytiradi.

1999-2009-yillarda YUNESKO Bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan K.Matsuura 2003-yil 21-fevral – Xalqaro til kuni munosabati bilan shunday degan edi: “Nima uchun ona tiliga bunchalik eʼtibor qaratilmoqda? Chunki til inson ijodiyotini, uning barcha turfa xilligini takrorlanmas tarzda aks ettiradi. Til nafaqat aloqa, zehn va fikrlash vositasi, balki dunyoni qanday ko‘rishimizni tasvirlaydi va o‘tmish, bugun hamda kelajak o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatib beradi. Ona tillari har bir inson dunyoga kelganidan boshlab, unda garchi u ko‘plab tillar egasiga aylansa ham, hech qachon yo‘qolib ketmaydigan noyob iz qoldiradi. Xorijiy tilni o‘rganish bu – dunyoning boshqa ko‘rinishi, boshqacha yondashuvlar bilan tanishish usulidir”.

Bugun bizda ham chet tillarini o‘rganishga zarur shart-sharoitlar yaratilishi bilan birga o‘z ona tilini chuqur bilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘zga millat tilini hurmat qilish esa tamomila boshqa masala. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani belgilab qo‘yilgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlash, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Demak, O‘zbekistonda garchi davlat tili sifatida o‘zbek tili ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, boshqa millatlarning nafaqat tili, balki urf-odatlari ham alohida hurmat qilinadi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, o‘z tilini hurmat qilgan maʼrifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.

Nurullo Abdullayev,

O‘zbekiston Respublikasi

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini

rivojlantirish vaziri maslahatchisi.

12.04.2020 647