"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Reklamalar–ma’rifat ko‘zgusi

 


Bugungi kunda hayotimizni reklamalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yurgan yo‘lingizda turli hajmdagi reklama vositalariga ko‘zingiz tushadi.

Beixtiyor o‘qiysiz. O‘zingizning ona tilingizda bo‘lsa-ku, ko‘nglingiz nurga to‘ladi. Tanish so‘zlar, tanish iboralar. Boshqa tilda yoki boshqa tildagi so‘zlar bilan aralash holda berilgan bo‘lsa ensangiz qotadi. Ba’zan ko‘nglingizdan o‘tgani tilingizga ham chiqib ketadi. Gapirib yuborganingizni bilmay qolasiz. Kimdir izza bo‘ladi, kimdir parvo ham qilmaydi, “Brend bu, opa”, deydi pinagini buzmay. Ayrimlari esa qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar qabilida “Tadbirkorning ishiga aralashmang”, deb po‘pisa qiladi.


 




Darvoqe, qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 28-dekabrda qabul qilingan va Senat tomonidan shu yil 17-martda ma’qullangan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi reklama tili haqidadir. Qonunda O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi, reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi, tashqi reklama orqali joylashtirilgan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi, reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan.



 

Yuqorida reklamalarni ma’rifat ko‘zgusi dedik. Ularning davlat tilida, imlo xatolarsiz yozilishi shu elning ma’rifatiga bahodir. Shuning uchun ham Koson tumanida tashqi targ‘ibot vositalarini tartibga keltirish, ularni tegishli qonunlar talabiga muvofiq bo‘lishi uchun muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

 





Hozirgi paytda tumanimizda 70 dan ortiq turli hajmdagi reklama konstruksiyalari o‘rnatilgan bo‘lib, ularning aksariyati qonun talablariga moslashtirildi. Oltiga uch hajmidagi 55 dan ortiq bannerlar yangilandi. Tadbirkorlarimiz tomonidan “Mustaqillik” shoh ko‘chasi, “Alisher Navoiy”, “Yangi O‘zbekiston”, “Sultonzodalar”, “Yangi hayot” kabi ko‘chalarda bunyod etilgan 15 dan ortiq turli savdo do‘konlariga o‘zbekona nom berildi. Tuman miqyosida 65 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlaridagi nomlar o‘zgartirildi.




To‘g‘ri, hozirgi paytda ham ayrim hududlarimizda aralash tildagi yoki xorijiy tildagi yozuvlar uchrab turadi. Ammo ish faoliyatimda bir narsaga amin bo‘lyapmanki, tinimsiz targ‘ibot baribir natijasini beradi. Bugun bo‘lmasa ertaga tadbirkorlar yozuvlarni davlat tiliga moslab tayyorlayapti. Ayniqsa, shu yilning 6-sentyabridan yuqorida aytib o‘tganimiz yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgach, faoliyatimiz yana ham samarali, natijador bo‘ladi, deb o‘ylayman.




Asrlar sinovlaridan, zamonlar zalvoridan o‘tib, ajdodlardan avlodlarga mardona yetib kelgan tilimizning obro‘siga putur yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu borada o‘rganish ishlarimiz davom etmoqda.

 

Mahfuza Hayitova,

Ma’naviy- ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish davlat tili to‘g‘risidagi

qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha Koson tuman hokimi maslahatchisi,

O‘zA


 Manba:

21.06.2022 506