"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: har bir kun bayram

Kecha, 10-aprel kuni muhtaram Prezidentimiz O‘zbek tili kuni bayramini belgilash to‘g‘risidagi Qonunni tasdiqlab, imzo chekdi. Bu voqea ulkan o‘zgarishlarga asos bo‘ladigan va bugungi dolg‘ali davrda ko‘z ko‘nikib, ong o‘rganib ulgurgan o‘nlab farmoni oliylar qatorida el-ulus tomonidan xotirjam qabul qilindi.

Aslida-chi? Tilimizga toj kiydirilishi bizning asriy orzuyimiz, otalarning qo‘letmas armoni emasmidi?

Millatdoshlari jam bo‘lgan majlisda o‘z tilida so‘zlashdan mahrum bo‘lgan, ona tili mavzusidagi ilmiy ishini asl tilida himoya qilishga huquqsiz ziyoli-olimlarning achchiq iztirobiga aylanmaganmidi bu o‘ksiz til?

O‘zbek tili deganda ne-ne allomai zamonlar tiliga tushov tushib, duduqlanib qolmasmidi?

Bu qutlug‘ imzo chekilgan lahza juvonmarg Abdulla Qodiriyning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri kelganichi!?

Qaysi bir qattol kimsaning yuvuqsiz barmog‘i-la chekilgan qo‘l buyuk so‘z sanʼatkorini, millat fidoyisini nobud etgan bo‘lsa, bu oliyniyat imzo muallaq qazo topgan barcha ustodu ulug‘larimizga qayta jon baxsh etdi.

O‘tgan yili kuzakda bu Qonunning poydevori qo‘yilgani, maxsus Farmon bilan bizning ko‘ngillarni xijil qilgan barcha tugunlar yechilgani esingizda bor, albatta. Vazirlar Mahkamasida Til departamenti tuzilishi, o‘n yillarga mo‘ljallangan tilni rivojlantirish dasturi va boshqa o‘nlab masalalarni qamrab olgan bu hujjat allaqachon amaliyotda ishga tushgan. Vazirliklar, tashkilotlarda Til siyosati bilan shug‘ullanadigan muovin o‘rni tashkil etilgani esa bu borada davlat va hukumatning ahdi qatʼiyligidan darak berib turibdi.

Ammo...ura, deb do‘ppini osmonga otishga hali picha erta. O‘h-ho‘, oldinda qancha yumush-vazifalar bizni kutib turibdi. Avvalo, o‘zimiz ona tilimizning hurmatini o‘rinlatishni o‘rganishimiz kerak! Til madaniyatini egallashimiz, boboso‘zni changu g‘uborlardan asrashimiz zarur. Bolalarimizga tilimiz chiroyini uqtirishimiz, bu qadim turkiy tilning boshbulog‘i ekanini tushuntira olishimiz shart! Va nihoyat, ilmu amalni bir qilib, kompyuter-internetni o‘zbekcha gapirtirishimiz taqozo qilinadi.

Qiyinmi? Ha, qiyin. Ammo Navoiy Hirotda tug‘ ko‘targan davrcha qiyinmas.

Og‘irmi? Ha, og‘ir. Lekin Qoshg‘ariy ‘Sumlim dastidan dod‘ degan o‘dlakcha emas. Mushkulmi? Ha, mushkul. Biroq, milliy til desa, millatchi tamg‘asi bosiladigan, til deganda tilga erk berma, degan qizil va ola zamoncha emasdir..

Bizda bugun milliy davlat bor! Millatim, Vatanim, deb hayqiradigan rahbar bor!

Tilga tayanch bo‘lguvchi Farmon, Qonun bor!

Biz hammamiz bir bo‘lib mazkur hujjatlarni hayotimizga olib kirishimiz, targ‘ib qilishimiz, kurashishimiz kerak!

Ana shunda... bobolar bizdan rozi bo‘ladi. Shundagina bolalar oldida yuzimiz shuvit bo‘lmaydi.

Bu bir kunda bo‘ladigan ish emas, yillar, o‘n yillar kerak bo‘lar ehtimol. Bugun gapimiz gap: ushbu qonuniy imkonni qo‘ldan chiqarmaymiz!

Bir paytlar g‘alamislar o‘zbek tiliga kun berishmadi.

Endi har kun moʻtabar Ona tilimiz kunidir!

Bayram qutli bo‘lsin, qondoshlarim!

Iqbol Mirzo

12.04.2020 541