- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Madh etish jasorat emas, nuqsonlarini yuziga aytolgan ijodkorgina haqiqiy shoirdir – Prezident maslahatchisining Erkin Vohidov haqidagi xotiralari
Madh etish jasorat emas, nuqsonlarini yuziga aytolgan ijodkorgina haqiqiy shoirdir – Prezident maslahatchisining Erkin Vohidov haqidagi xotiralari
Hayotda
buyuk iste’dodli insonlar o‘z mehnati va ijodi bilan millat, xalq ma’naviyati
va madaniyatiga yuksak hissa qo‘shishi bilan bir qatorda, favqulodda noyob
qobiliyat egasi, butun bo‘y-basti bilan millat, xalq qiyofasini o‘zida aks
ettiradigan kuchli bir tarixiy shaxs sifatida ham o‘chmas iz qoldiradi.
Ana
shunday shaxslardan biri O‘zbekiston
Qahramoni, xalq shoiri, butun umri davomida ona yurt, jonajon xalqining dard-u
armonlarini kuylab o‘tgan inson Erkin Vohidovdir.
Ustoz
Erkin Vohidovning insoniy fazilatlari, ularning hayotlik davrlarida biz
shogirdlarga bergan hayotiy saboqlari haqida uzoq hikoya qilish mumkin.
Erkin
aka bilan Toshkentda, Huvaydo mahallasida qo‘shni bo‘lib yashardik. 1981-1983-yillari
Farg‘onada davlat xizmati organida ishlardim. O‘sha vaqtlari O‘zbekiston
boshiga og‘ir kunlar tushgan, bu sinov dadamni ham chetlab o‘tmagandi. Shu sababli
dadam bizdan olisda, oilaning barcha mas’uliyati esa akam va mening zimmamda
edi. Shuning uchun akam bilan ikkimiz singlimizni turmushga berdik. 1987-yili
men va ukam qo‘sh to‘y qilib, har birimiz mustaqil oila qurdik...
Kechagidek
esimda... Kuz fasli. Oktabr oyining oxirlari. Osmonning qovog‘i soliq. Havo
sovigan, yog‘in-sochinli kunlar edi. O‘sha vaqtlari to‘ylar hovlida bo‘lardi.
Havoning injiqligi sababli ko‘nglimga hech narsa sig‘masdi. To‘y kuni ertalab eshigimiz taqillab qoldi.
Chiqsam, Erkin aka yelkalariga brezent tashlab olganlar. Menga qarab: “Nimaga
xafa bo‘lib o‘tiribsan? Xotirjam bo‘l, mana, men yoningda turibman”, deb
ko‘nglimni ko‘tardilar.
Erkin
akam ikkalamiz brezent bilan so‘rining ustini yopdik. Oradan biroz vaqt o‘tib,
bir guruh og‘aynilarim kirib kelishdi. Ammo bunga qadar Erkin akam bilan asosiy
ishni qilib ulgurgandik. O‘sha kuni to‘yning boshidan oxirigacha Erkin akam
bosh-qosh bo‘lib turdilar. To‘y tugadi hamki, sharros yomg‘ir quydi. Ertasi
kuni yomg‘ir qorga aylandi...
Goho
o‘ylanib qolaman: Erkin akam o‘sha kuni oldindan sezganday yelkalarida brezent
bilan kirib kelib, so‘rining ustini yoptirdilar. Ularga bunday qilishni hech
kim aytmagan, mening-ku aytishga qanday haddim sig‘sin! Erkin akamdagi uzoqni
ko‘ra olish, yuz beradigan hodisalarni avvaldan ichki hissiyot bilan sezish va
anglash tuyg‘usi Yaratgan tomonidan berilgan noyob qobiliyat edi, desam aslo
xato bo‘lmaydi...
Mashhur
g‘azalnavis shoir Tavallo katta bobomiz bo‘ladilar. Onamiz Dilbarxon ularga
nabira, onamizning onalarining ismi Rahbaroy bo‘lgan. Buvimiz qizlarini bir
kuni qaysidir ishi uchun urishib beradilar. Katta bobomiz esa: “Qizim, Dilbarni
urishaverma, bolalikda hamma bolalar sho‘x va o‘yinqaroq bo‘ladi. Kel,
yaxshisi, men senga Dilbarga o‘xshagan sho‘x, shaddod qizlarga bag‘ishlangan
g‘azalimni o‘qib beray”, – debdilar.
Bu
g‘azal O‘zbekiston xalq artisti Tavakkal Qodirov tomonidan kuylanib, mashhur
qo‘shiqqa aylandi va san’atimizning oltin fondidan joy oldi. Mana o‘sha g‘azal:
O‘ylasam,
shu dilbarim makkorga o‘xshaydi-ku,
Rahmi
yo‘q bir bevafo dildorga o‘xshaydi-ku.
Ul kuni
ko‘ngil niqobin ochibon man xastani,
Ishqidin
bo‘ynima solgan dorga o‘xshaydi-ku.
To bu
dam olmas xabar, bo‘ldi yuraklar chok-chok,
Sho‘xi
zolim hiyla dil ozorga o‘xshaydi-ku.
Nargisi
aylay muruvvat, desa qo‘ymas ko‘zlari,
Xanjari
mujgonlari xunxorga o‘xshaydi-ku.
O‘zicha
qilmas manga, muncha jafo-yu jabrini
Anga
o‘rgatgan magar ag‘yorga o‘xshaydi-ku.
Endi,
jon, qilding, Tavallo, necha yillar kelmadi,
San
kabi bechoradan bezorga o‘xshaydi-ku...
Afsuski,
katta bobomiz Tavallo 1938-yilda qatag‘on qilinganlaridan keyin ushbu
g‘azalning ostiga Nihon taxallusi qo‘yilgan. Nihon Hamza Hakimzoda Niyoziyning
taxallusi bo‘lgan.
Kamina
shoir Tavalloning avlodi ekanimni bilganliklari uchun Erkin akam 2012-yili
yonlariga chaqirib: “Abdujabbor, mening bitta armonim bor.
Bobong
Tavallo bilan bog‘liq kitob chiqmagan. Sen shu kitobni chiqartirgin, men
so‘zboshi yozib beraman. Buning sababini aytay. Bir vaqtlar Yaponiyaga xizmat
safari bilan borgan edim. O‘shanda mendan intervyu olishdi va “Siz “O‘zbegim”
qasidasini yozib, juda katta jasorat ko‘rsatgansiz”, – deyishdi. Ularga javoban “Biror bir millatni
madh etib she’r yozish jasorat hisoblanmaydi, balki nuqsonlarini yuziga aytib,
dadil turib, aybini oshkor eta olgan, xatolarini tanqid qilib, to‘g‘ri yo‘lga
sola bilgan ijodkorgina haqiqiy shoirdir. Bularning safiga esa shoir Tavallo
kiradi”, - deb aytganman. Shuning uchun mana shu ishga bel bog‘la”, dedilar.
Men
ularning ko‘rsatmalari va tavsiyalariga asosan ushbu xayrli ishga kirishdim.
Surishtirsam, O‘zMU aspiranti Dildora Rahmonova shoir Tavallo ijodi bo‘yicha
ilmiy tadqiqot olib borayotgan ekan. Ushbu tadqiqot va boshqa tegishli
materiallardan kelib chiqib, 2015-yili G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa
ijodiy uyida “Millat sadosi” kitobini chiqartirdik. Erkin akam so‘zboshi yozib
berdilar. Kitob chop etilgandan so‘ng ko‘rib, xuddi o‘zlarining kitoblari
chiqqanday quvonganlari yodimda. Erkin akamning mana shunday tashabbuslari
sababli shoir Tavallo, ya’ni bobomning nomi adabiyotda qayta tiklandi... Bu esa
bizga unutilmas quvonch va faxr tuyg‘usini baxsh etganini so‘z bilan ifodalash
qiyin.
2003-yili
hozirgi O‘zMU tashkil qilinganining 85 yillik yubiley sanasi nishonlangan edi.
Universitet bitiruvchilari sifatida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Alisher
Azizxo‘jayev, men va qator davlat va jamoat arboblari, soha vakillari o‘sha
tadbirda ishtirok etganmiz. Taniqli olimlarimizdan biri o‘z nutqida
kutilmaganda barchani hayron qoldirib: “Keyingi vaqtlari rus tilini o‘rganishga
e’tibor kamroq tuyulyapti menga. Vaholanki, rus tilini bilish katta foyda
keltiradi...” – deya til haqidagi
ma’ruzasini maqtovlar bilan davom ettirib ketdi.
Birozdan
so‘ng Erkin akam so‘zga chiqdilar va o‘sha olimga qarab, g‘oyat noziklik,
hurmat-tavoze bilan “Ustoz, maktablarimizda hozir ham rus tili o‘rgatilmoqda.
Ushbu tilni bilish, umuman, til bilishning foydasi katta. Biz tillarning birini
ikkinchisidan ustun qo‘ya olmaymiz. Axir, Navoiy tili, Jomiy tili, Geyne tili,
Pushkin tili adabiyotimizning gavhari-ku. Sizdan olgan ta’lim tufayli biz
Navoiy tilining buyukligini o‘rgandik. Dunyo ham bizning tilimizga hurmat bilan
qaramoqda, o‘rganmoqda”, degan mazmunda fikr bildirdilar.
Erkin
akamning bu gaplaridan keyin o‘sha olim qayta minbarga chiqib, Erkin aka har
sohada, ayniqsa, til bilishda ustozlar faxr qiladigan darajaga yetganini va
shogirdlaridan minnatdor ekanini chin dildan aytgani hali-hanuz yodimda.
Ustozim,
qadrdonim Erkin Vohidovning nafaqat ulkan ijodi, balki millat va xalq, davlat
tarixi, ijtimoiy hayoti, kerak bo‘lsa, taqdirida hal qiluvchi o‘rin egallagan
shaxsi haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin...
Xulosa
sifatida aytish lozimki, Erkin Vohidov har qanday qiyin, murakkab, og‘ir
sinovlar onida ham, voqealar hattoki hayoti va taqdiriga qarshi tus olgan
taqdirda ham, o‘zining halol vijdonidan chekinmagan, og‘ishmagan, irodasi-yu
e’tiqodida sobit turgan, faqat va faqat xalq, millat, vatan manfaatlari uchun
o‘zini fido qilgan jasur, qat’iyatli insondir. Shuning uchun ham butun xalqimiz
o‘zining ushbu sadoqatli o‘g‘loni bilan hamisha faxr-u iftixor hissini
tuyadi...
"Erkin
Vohidov barhayot: Inson o'zing" kitobidan olindi.
Abdujabbor
ABDUVOHIDOV,
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti maslahatchisi