- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Til – ma’naviyat asosi
Til – ma’naviyat asosi
Maʼnaviyat – inson ruhiy va
aqliy olamini ifodalovchi tushuncha.
Barchamizga maʼlumki, insonning tashqi va ichki olami mavjud.
Tashqi olamiga uning koʻrinishi, kiyinishi, xatti-harakati va boshqalar kiradi.
Ichki olami esa uning yashashdan maqsadi, fikr yuritishi, orzu-istaklari,
intilishlarini oʻz ichiga oladi. Insonning ana shu ichki olami
maʼnaviyatdir. Maʼnaviyat kamol topgan jamiyatda qobiliyat, isteʼdod
egalari shu jamiyatning, millatning yuzi, gʻururi, obroʻ-eʼtibori hisoblanadi.
Maʼnaviyatli jamiyatda aql, sogʻlom fikr, adolat va yaxshi xulq ustuvordir. Bunday
jamiyatda xalqning ertangi kunga ishonchi kuchli boʻladi.
Til
esa hayotning boshlanishi. Inson o‘z ona tili yordamida yangi tushunchalarni
anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi. Inson ulg‘aygan
sayin atrofidagilar bilan muloqot qilish, badiiy kitoblar o‘qish orqali so‘z
boyligini oshirib boradi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri
bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan
birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Til –
jamiyatning asosiy tayanchi, millat ruhi va davlatchilik taqdiri. Har bir xalq
va millat, davlat va jamiyatning o‘tmishi, buguni va kelajagini, uning
mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turadi. Til – muloqot zarurati
tufayli yaralgan, muloqot jarayonida insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni,
tafakkur mevalarini anglatib, avloddan-avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi.
Shunday ekan, til va ma’naviyat bir-biri bilan uzviy bog‘liq sanaladi.
Keyingi yillarda ona tilimiz mavqeyini
yuksaltirish, uni chinakam davlat tiliga aylantirish uchun sa’y-harakatlar
kuchaymoqda.
O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida
va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini
tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana
va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini
to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning
tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini
o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini
rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini
hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida Prezidentimiz 2019-yil
21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini
tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmonini imzoladi.
Bu esa quyidagi maqsadli vazifalarga erishishni nazarda tutadi:
- o‘zbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy
hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish;
- o‘zbek tili ta’limini takomillashtirish,
yoshlarni milliy hamda umuminsoniy an’ana, qadriyatlarga sadoqat, ulug‘
ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan g‘ururlanish va ularni yanada boyitish
ruhida tarbiyalash;
- jamiyatda o‘zbek tiliga (davlat tiliga) hurmat-e’tibor
va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish;
- mamlakatimizda har bir fuqaroning davlat
tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishish
kabilarni nazarda tutadi.
O‘zbek tili dunyodagi eng
boy tillardan biridir. Ona tilimiz yurtimizdagi qadim va muqaddas, iste’molga
doim yaroqli bo‘lishi shart. Uning ichki imkoniyatlari cheksiz. Undan unumli
foydalanish, tilning sofligi, tabiiyligi uchun kurashish, og‘zaki va yozma nutqda
til me’yorlariga to‘liq rioya qilishni saqlab qolish barchamizning muqaddas
burchimizdir.
21-oktabr sanasini “O‘zbek
tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi ham ona tilimizni rivojlantirish uchun
muhim asos sanaladi. Tilimiz mavqeyini tubdan oshirishga qaratilgan O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining Farmoni doirasida boshlangan ishlar esa tom maʼnoda
islohotlar davomidir.
Yangi darsliklar, qiyosiy
va turli sohalarga oid lug‘atlar, ish yuritish va so‘zlashuv qo‘llanmalari
nashr etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish
maqsadida amalga oshirilmoqda.
Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar
peshtoqida nom hamda reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda,
ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda.
Bu esa davlat tili talablariga va qadriyatlarimizga zid. Umumiy
savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganiga sabab bo‘lmoqda. Shu kabi
holatlarni oldini olish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etilib, o‘rganish
ishlari olib borilmoqda. Ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki
shaxsiy yoki xususiy ish emas
Ona tiliga muhabbat har bir so‘zning
ma’nosini chuqur anglagan holda ishlatish, uni yaxshi bilish, asrab-avaylash
kabilarda namoyon bo‘ladi. Shunday ekan, tilimizning beqiyosligini,
rang-barangligini, kelgusi avlodga teran yetkazishimiz muqaddas burchimiz
ekanligini aslo unutmasligimiz lozim. Ayni damda yoshlarimiz ongida milliy
g‘ururni oshirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy sohalarda
taraqqiy ettirish, xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun ham ona
tilimizni yanada boyitishimiz, uni puxta egallashimiz zarur.
Ona tilimiz milliy
ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas xazinasidir. Shunday ekan, unga munosib
hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning muqaddas insoniy burchimizdir.
Davlat soliq
qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini
oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
ta’minlash masalalari bo‘yicha Direktor maslahatchisi Rustamova Zarnigor