"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILIMIZ – BIZNING BIRLIGIMIZ VA BORLIGIMIZDIR


Dunyoda yetti milliarddan ortiq odam umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsa, shu insonlar yetti mingga yaqin tilda gaplashadilar. Jahonda millatlar so‘zlashadigan tillar kundan kunga kamayib, yo‘qolib bormoqda. Albatta, bu raqamlar achinarli holatni ifoda qilib turibdi. Qolaversa, o‘zbek tili qanchalik qadimiy va navqiron til bo‘lmasin bugungi texnika taraqqiyoti, globallashuv davrida o‘z o‘rnini saqlab turishi qiyin kechadi. Texnika taraqqiyoti tufayli yangidan yangi buyumlar, asbob-uskunalar yaratilib, ular yangi nomlar bilan yuritilmoqda. O‘zbek tilida bo‘lsa, quvonar edik, faxr-iftixor qilar edik, afsuski, boshqa tillarda nom berilmoqda. Xalqaro tajribalarni o‘rganish, hamkorlik qilish kerak, ammo bu ona tilini unutish hisobiga bo‘lmasligi lozim. To‘g‘ri, dunyoda sof til mavjud emas, tillar borki, bir-biri bilan so‘z almashish davom etaveradi.

Til qayg‘usi – og‘ir qayg‘udir. Davra suhbatlarda millatimiz oydinlari taʼkidlaganidak, tilimiz bizning birligimiz va borligimiz ramzidir. Tilimiz borki, millatimiz ham bor! Tilimiz borki, tariximiz, qadriyatimiz, adabiyotimiz, sanʼatimiz, madaniyatimiz bor!

Tilimiz borki, kelajagimiz bor!  Tan olamiz, “Davlat tili haqida”gi qonunimiz ijrosi bo‘yicha ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda. Baʼzida o‘zimiz ham bevosita ishtirokchisiga aylanib qolyapmiz. Rasmiy ish yuritish, idoralararo yozishmalarda bu deyarli yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tilimizga davlat tili maqomi berilishidan oldin xalqimiz bu kunlarni orzu qilishgan. Shu maʼnoda, tilimizning, umuman, ona tilinining qadr-qimmatini farzandlarimiz qalbiga singdirishni oiladan boshlash kerak, deb hisoblayman.

Davlat tilimizga ega bo‘lmagan paytlar farzandimga Otabek deb o‘zbekcha ism qo‘ymoqchi bo‘lib, tegishli idoralarga borganimda xon, bek, boy qo‘shimchalarini qo‘yib bo‘lmaydi, deyishganda hayron qolganman. Ahvolimni tasavvur qilyapsizmi? Bir paytlar o‘z ona tilimizda maʼruza o‘qiy olmagan davrlar bo‘lgan, shunday paytlarda ko‘p qatori olimlar, tadqiqotchilar, talabalar ham qiynalgan. 1989-yil 2-oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganda men o‘zimizni shunaqangi baxtli his qildimki, buni so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydi. Davlat tilni rivojlantirish bo‘yicha barcha islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirmoqda, xalq ham biroz harakat qilishi kerak-da. Biz ham tashkilotlarda hujjatlar davlat tilida yuritilishini, maishiy xizmat ko‘rsatish tizimlarida davlat tilida xizmat ko‘rsatilishini, taomnomalar o‘zbek tilida bo‘lishini tadbirkorlardan talab qilishimiz kerak.

Avtoulovga chiqqanimizda shu povorotda to‘xtab keting, yoki shu astanovkada saqlab keting, perekryostkadan o‘tganda tushuman, deb ruscha aralashtirib gapirishga odatlanganmiz. Bu, o‘z navbatida farzandlarimizga ham o‘tib bormoqda. Nega muqobili bo‘la turib, o‘zbekcha so‘zlarni ishlatmaymiz?! Toshkent metropolitenida yurganimda o‘zimni qulay his qilaman. O‘zbek tilida “Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi” keyingi bekat “Amir Temur” yoki “Alisher Navoiy” degan jarangdor ovoz davlat tilida tinmay jaranglab turadi. Bo‘lar ekan-ku! O‘zbekcha nomlasa, o‘zbek tilida ish yuritsa. Metrodan chiqishingiz bilan, tabingiz yana xira bo‘la boshlaydi: “Салон красоты”, degan yozuvni ko‘rsangiz, shu maishiy xizmat binosining egasi bu yozuvlarni yozdirayotganda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha mutasaddilar bilan hech maslahatlashib ko‘radimikan?!

Qisqasi, har birimiz o‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘z mavqeyini tiklab olishiga munosib hissa qo‘shishimiz kerak. O‘zbek tilining sofligini taʼminlash bo‘yicha umumtaʼlim maktablarida katta ishlar amalga oshirsa bo‘ladi. Maktablar o‘rtasida tuman, shahar hamda respublika miqyosida sof o‘zbekcha so‘zlarni qo‘llab insho yozish bo‘yicha tanlovlar tashkil etish yoshlarimiz qalbida ona tizimizga bo‘lgan muhabbatni oshiradi.

Anorbek Musayev, mehnat faxriysi, Toshkent viloyati

Bekobod tumani Sijjak qishlog‘idan 

 

22.08.2022 934