"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ISTE’MOLCHILAR KO‘NGLIDAGI ISH


O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda bugundan kuchga kirdi.

Ko‘chalarda turli shakl-shamoyildagi, tartibli-tartibsiz tashqi yozuv, reklama, do‘konlarning peshlavhasiga ko‘zimiz tushadi. Reklama materiallari joylashtirilmagan televideniye, radio, bosma nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar ham yo‘q, hisob. Xo‘sh, reklama nima uchun kerak? Nima uchun bugungi kunda reklamalar pala-partish joylashtirilganiga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz? Tarqatilayotgan reklamalarning barchasi talabga javob beradimi?

Reklama — tovarlarning sifati, ularni sotib olishdan ko‘riladigan naf haqidagi axborot; bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar yoki mahsulot to‘g‘risida tarqatiladigan maxsus axborotdir. Ishbilarmon va tadbirkorlar reklamaga alohida ahamiyat qaratishadi. Va bu orqali mahsuloti haqida kengroq ommaga maʼlumot yetkazish hamda ko‘proq daromad olishga intiladi. Lekin reklama tarqatishning ham qonun-qoidalari, meʼyorlari borligi haqida baʼzan unutib qo‘yamiz. 

Reklamalar O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni va 10 ga yaqin boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Bugungacha amalda bo‘lgan 30 ta moddadan iborat Qonun       1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan bo‘lib, 16 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

            “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda umumiy tusga ega bo‘lgan va ishlamaydigan normalar mavjud bo‘lib, ular reklama faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmagan edi. Shuningdek, reklama faoliyatiga qo‘yiladigan talablarning yetarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmagani va qator noaniq meʼyorlar huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan edi. 

Keyingi yillarda butun dunyoda bo‘lgani kabi respublikamizda ham zamonaviy texnologiyalar, yangi va kreativ reklama va marketing usullari, reklama axborotini tarqatish va usullarining o‘zgacha, yaʼni qonun bilan tartibga solib bo‘lmaydigan yo‘llari ortib bormoqda.

Tabiiyki, u ancha eskirgan, tegishli tuzatishlar kiritish vaqti kelgan edi. Shu munosabat bilan sohada munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan isteʼmolchilarni noto‘g‘ri reklamadan himoya qilish, reklama bozori ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning yangi loyihasi ishlab chiqildi.  

Joriy yil 7-iyunda O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Unda reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasida bir qator talablar belgilandi. Qonun 8 ta bob va 53 ta moddadan iborat.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda 30 ga yaqin xorijiy davlat qonunlari, xalqaro hujjatlar va boshqa ilmiy nashrlar tahlil qilindi. Ushbu qonunning muhim jihatlaridan biri shundan iboratki, unga reklama tarqatish tiliga oid meʼyorlar kiritildi.

Shu paytga qadar amaldagi qonunimizda reklama tiliga bo‘lgan talab mavjud emasdi. Yaʼni reklama uni beruvchining xohishiga ko‘ra istalgan tilda berilishi mumkin edi. Endilikda reklamani dastlab davlat tilida berish qatʼiy belgilandi va reklama beruvchining ixtiyoriga ko‘ra boshqa tillarda ham aynan qaytarilishi mumkin bo‘ldi.

Masalan, yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning “Reklama tili” haqidagi 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi, reklama mazmunining tarjimasi boshqa tillarda takror berilishi mumkinligi, bunda asosiy maʼnosi buzib ko‘rsatilmasligi, boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi matn harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerakligi va boshqa shu kabi qator meʼyorlar belgilandi.

Bundan tashqari, yangi tahrirda qabul qilingan qonun normalarini qo‘llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritildi va yangi tushunchalar bilan to‘ldirildi. Yana bir eʼtiborli tomoni shundaki, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirildi va yangi normalar kiritildi.

Xususan, maktab darsligi va daftarlarida reklama joylashtirish, reklamada narxlarni xorijiy valyutada ko‘rsatish, axloq va maʼnaviyatning umum eʼtirof etilgan normalariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlardan foydalanish, tovar (ish, xizmat)ning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni isteʼmolchidan yashirish, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish kabilar taqiqlanmoqda.

Bugundan isteʼmolchilar kutgan yana bir muhim tartib qonuniy kuchga ega bo‘ldi. Yaʼni, isteʼmolchilar hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligi bilan bog‘liq mahsulotlar (dori vositalari, biologik faol ozuqaviy qo‘shimchalar, energetik ichimliklar, xalq tabobati mahsulotlari, tamaki, chilim, alkogol mahsulotlari, pirotexnika vositalari, qurol-yarog‘) reklamasiga qo‘yiladigan talablar takomillashtirildi.

Bu jihatlar oziq-ovqat mahsulotlari zararsiz va inson salomatligi uchun foydali ekanligi to‘g‘risida taʼkidlash taqiqlangani, qimmatli qog‘ozlar, moliyaviy va aholining pul mablag‘larini jalb qilish bilan bog‘liq xizmatlarni reklama qilish tartibga solingani, voyaga yetmaganlarni reklamadan, xususan uning salbiy taʼsiridan himoya qilish va reklamada voyaga yetmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar kiritilganida aks etadi.

Endi voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish, reklama qilinayotgan mahsulotga ega bo‘lmaslik tengdoshlari va jamoatchilik orasida kamsitilishiga olib kelishi haqida tasavvurni shakllantirish, kundalik ovqatlanishlar sonini ko‘paytirishni yoki asosiy oziq-ovqatlarni yengil oziq-ovqatlar, qandolat mahsulotlari va boshqalar bilan almashtirishni rag‘batlantiruvchi reklamalarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu munosabat bilan, ayrim holatlarda, xususan taqiqlangan (tamaki, alkogol, giyohvand, narkotik, pornografik, qurol) mahsulotni reklama qilganlik, noto‘g‘ri reklama berganlik, dori, energetik ichimlik reklamasiga qo‘yilgan talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiya qo‘llash belgilandi.

Albatta, har bir reklama qanday yo‘nalishda bo‘lishidan qatʼi nazar “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga javob berishi shart. Reklamalar inson hayoti, sog‘ligiga xavf solmasligi zarur.  

Bozor iqtisodiyoti sharoitida reklama xizmatlarining ahamiyati kuchayib, muomala (mehnat mahsulotlarini oldi-sotdi vositasida ayirboshlash) xarajatida reklama xarajatlarining xissasi ortib bormoqda. Shu o‘rinda taʼkidlar edikki, tarqatilayotgan reklamalar “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos bo‘lishi ham tadbirkorga, ham isteʼmolchiga foydali bo‘ladi.

 

Go‘zal QODIROVA,

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

09.09.2022 433