- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik
O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga
raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos “tarixiy
evrilish” pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda
bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.
Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va
normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir.
Buning asosiy sabablaridan biri – global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro
ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog‘liq. Bu esa o‘z
navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag‘bat berib, “bloklarga mansublik”
stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar
o‘rtasidagi bunday o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi
taraqqiyot yo‘liga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini
murakkablashtirmoqda.
Dunyoning turli nuqtalarida davom
etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib,
oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini
yanada keskinlashtirmoqda.
Shu bilan bir qatorda, global iqlim
o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi,
bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi
jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu
muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va
ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid
solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.
Bunday murakkab sharoitda bir xaqiqat
aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab
o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas.
Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro
chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu
yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga
olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz
va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin,
o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy
e’tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va
barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga rahna soladigan
tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish
va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.
Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda
barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday
yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi
xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va
samarali yo‘l hisoblanadi.
Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli
Barchaning va har bir tomonning
manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni ko‘p tomonlama institutlarsiz
amalga oshirib bo‘lmaydi. Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan
kamchiliklarga qaramasdan, ular mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo
hamkorlikning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qilishda davom etmoqda. Xalqaro
va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni
yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy
hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish xamda madaniy-gumanitar
almashinuvni rag‘batlantirishga yordam beradi.
Ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan eng
yosh institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday
maqsad va vazifalarni ko‘zlaydi. Bu tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari
turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega
mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilmadir. Tarixan
qisqa davrda SHHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy
tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin.
Bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati –
ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini
birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.
SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi
jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda
namoyon bo‘lmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli
maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga
qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va
suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy
qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik.
Shanxay hamkorlik tashkilotining
muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli
hamkorlikni ilgari surishdadir.
SHHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik,
hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan
jozibador makonga aylanishi lozim.
Shu sababli ham SHHT faoliyatiga
qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya
xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan
kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
SHHT makonidagi davlatlarning yuksak
insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan
iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega
ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar yalpi
ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini
tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot
tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i
yuksak ekanidan dalolat beradi.
Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga
kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun
nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi
strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu
o‘rinda gap transport
va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi,
innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim
yo‘nalishlar haqida bormoqda.
O‘zbekistonning SHHTdagi raisligi: birgalikda rivojlanish orqali umumiy
muvaffaqiyat sari
O‘zbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik
tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgach,
asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi
mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal
rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.
Bizning asosiy shiorimiz – “Har
birimiz kuchli bo‘lsakkina SHHT kuchli bo‘ladi”. Uni amalda
ro‘yobga chiqarish yo‘lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz
uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik.
Yil davomida o‘tkazilgan saksondan ortiq
yirik tadbirlar doirasida SHHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi.
Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va
iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, Tashkilotning xalqaro maydondagi
o‘rnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yo‘llari va nuqtalarini izlash
kabi ko‘plab muhim masalalar qamrab olindi.
O‘z taraqqiyotining yangi tarixiy
bosqichida turgan SHHT uchun katta istiqbolga ega bu yo‘nalishlar
O‘zbekistonning raisligi davrida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq konseptual
dastur, kelishuv va qarorlarda o‘z aksini topdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki,
mamlakatimizning SHHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib
kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu
siyosat, eng avvalo, SHHTning geografik o‘zagi bo‘lmish, bugungi kunda yaxshi
qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas
jarayonlar ro‘y berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda.
SHHTga a’zo barcha davlatlar – eng yaqin
qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz va strategik hamkorlarimizdir.
Tashkilotga raislik bizga ular bilan ko‘p
tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan
ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik
uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.
Shunga ishonchim komilki, bugun SHHT
doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan
Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va
dolzarbdir. Shak-shubhasiz, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi.
Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham
muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot
jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu
davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish
bizning ma’naviy burchimizdir.
Asrlar davomida global miqyosdagi
davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer
rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni
bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini
namoyon etmog‘i lozim.
Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo
hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi
loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, “Termiz – Mozori Sharif –
Kobul – Peshovar” temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda
amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya
vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham
salmoqli hissa qo‘shishimiz mumkin.
O‘zaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib,
tinch, barqaror va farovon Afg‘oniston uchun SHHTning yangi kun tartibini
birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma’noda barqaror va
izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan SHHT makonini barpo eta
olamiz.
«Samarqand ruhi» – hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi
Savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish
aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik “pandemiya tanaffusidan”
so‘ng SHHT mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zarur.
Buyuk Ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan
qadimiy Samarqand shahri jahonning o‘n to‘rtta mamlakati yetakchilarini
Tashkilotning va unga a’zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat
qiladigan yangi va ilg‘or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga
tayyor.
Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik
tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo‘q.
Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar mobaynida
bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan
bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.
Azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va
bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash,
o‘z kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi
mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgan. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir
odam, yaxshi qo‘shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi ekanini,
tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero,
hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor bo‘lgan
joyda ezguliklar ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi.
Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan
infratuzilmalarga ega bo‘lgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni
mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur
yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.
Insoniyatning bir butunligi va o‘zaro bog‘liqligi
shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki
umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.
Ko‘p yillik birgalikdagi ishlarimiz
tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, SHHTning Samarqand sammiti umumiy
xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch,
konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni
yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oladi.
Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor
yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan davlatlarni birlashtirish va murosaga
keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.
Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda,
dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi”
degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro
hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan
yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor bo‘lishi mumkin.
Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning
davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay
ruhi”ni uyg‘un ravishda to‘ldirib turadi.
Shu sababdan aminmizki, Samarqandda SHHT
hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh bo‘lamiz – Tashkilotning tarkibi
kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy ma’no
mujassam.
Ishonchimiz komilki, Shanxay hamkorlik
tashkilotining bo‘lajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy
darajada ham, global miqyosda ham muloqot, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni
mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti