"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILI VA RASMIY TIL MAQOMI


Davlat tili — muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan tildir. Odatda, ko‘p millatli mamlakatlarda, masalan, O‘zbekiston, Hindiston, Kanada, Shveysariyada qaysi til yoki tillar rasmiy ekanligi konstitusiyalarida belgilab qo‘yilgan. Davlatlarning ko‘pchiligida rasmiy til bilan davlat tili aynan bir xildir. Faqat ayrim mamlakatlardagina rasmiy til davlat tili maqomidan farqlanadi. Masalan, Shveysariyada konstitusiyaga binoan nemis, fransuz, italyan tillari — rasmiy til; nemis, fransuz, italyan va retoroman tillari — davlat tili sanaladi.

Davlat tili maqomi darajasini O‘zbekiston misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, sho‘rolar hukmronligi paytida davlat tili haqida umuman gapirish ham mumkin bo‘lmagan, aksincha o‘zbek tilining ijtimoiy hayotda qo‘llanilishi tobora cheklanib qolgandi. Jamiyatni qayta qurish ma’naviy poklanishni boshlab berdi. Ya’ni istiqlolga ilk qadam "O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida"gi qonuni qabul qilinishi bilan boshlab berildi. Bu qonun o‘zbek xalqi milliy ongining rivojlanishida, mamlakat mustaqilligi mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim rol o‘ynadi. Mazkur qonun qoidalar O‘zbekiston Konstitusiyasida mustahkamlab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi barcha fuqarolar, qaysi til ularning ona tili ekanligidan qatiy nazar, tengdirlar.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublikada yashovchi boshqa millat va elatlarning o‘z ona tillarini qo‘llashdan iborat konstitusion huquqlariga monelik qilmaydi.

Konstitusiyaning 4-moddasiga binoan O‘zbekistonda davlat tili — o‘zbek tilidir. Qoraqalpog‘istonda bunday maqom qoraqalpoq tiliga ham berilgan. Mamlakatda yuz berayotgan real jarayonlar va imkoniyatlarni hisobga olib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini uzil-kesil joriy etishni bosqichma bosqich amalga oshirib borish vazifasi til islohoti bilan bog‘liq masalalarga zarur tuzatishlar kiritish ehtiyojini tug‘dirdi, respublika hali sobiq Ittifoq tarkibida bo‘lgan va madaniy-ma’naviy sohada o‘ziga xoslikni mustahkamlashga intilgan bir sharoitda qabul qilingan Davlat tili haqidagi qonunning ko‘pgina moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etdi. Natijada 1995-yil 22-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. O‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun va boshqa qonunlar bilan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit yaratilgan hamda millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning rivojlanishi ta’minlanadi. Davlat tilini o‘qitish bepul amalga oshiriladi (4-modda). Davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar (24-modda). Mamlakatda demokratik, baynalmilal tamoyillarga rioya qilinib, har bir millat va elatning erkin rivojlanishi, ularning til mustaqilligi va tengligi ta’minlangan. Ta’lim-tarbiya ishlari o‘zbek tilidan tashqari tojik, rus, qozoq, koreys, turkman, qirg‘iz tillarida ham amalga oshiriladi. Milliy markazlarning faoliyati uchun yetarli imkoniyat yaratilgan. Shaxsga millati, irqi, tili, urf-odat va an’analariga qarab biror imtiyoz berish yoki shu vajdan huquqlarini cheklash javobgarlikka sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini to‘laqonli qo‘llash bilan bog‘liq” deb ta’kidlab o‘tgan edi.

2020-yil aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan davlat tilida ish yuritishni to‘la ta’minlash maqsadida mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasi “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy maosh miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” jumlasi bilan to‘ldirildi.

Davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va uning ahamiyatlilik darajasini xorijiy davlatlar qonunchiligi misolida quyidagi tartibda kuzatish mumkin:

ROSSIYA

“Davlat tili to‘g‘risida”gi Rossiya Federal qonuniga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan. Rossiyada 190 dan ortiq millat va elatlar yashaydi. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

GERMANIYA

“Ma’muriy amaliyotlar to‘g‘risida“gi qonunga ko‘ra, ma’muriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar mas’ul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

IRLANDIYA

Davlat tili sifatida irland va ingliz tili qabul qilingan. Davlat organlarida davlat tillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganini tekshirish bo‘yicha alohida organ mavjud. Agar davlat organi ushbu tashkilotga hujjatlarni taqdim qilmasa, ular bilan hamkorlik qilmasa, ushbu organ mansabdor shaxsi uchun 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilangan. Bu tekshiruvlar natijasida til to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgani aniqlansa, davlat organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi mumkin.

FRANSIYA

Konstitusiyada faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Tubon qonuniga ko‘ra, davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib boriladi, terminlarning fransuzcha muqobili turganda, inglizchasi yoki boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanadi. Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Qonun talablariga rioya qilmaganlik jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab bo‘ladi, boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin.

GRUZIYA

“Davlat tili to‘g‘risida“gi qonunga ko‘ra, davlat korxona va tashkilotlarida faqat gruzin tilida ish yuritiladi, zarurat tug‘ilsa, hujjatlar boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin, ammo bu tarjimalar rasmiy hujjat hisoblanmaydi.

OZARBAYJON

Konstitusiyaga ko‘ra, davlat tili ozarbayjon tili hisoblanadi. “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tashkilotlarda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Qonun talabiga rioya qilmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

TURKIYA

Barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblar hech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab etiladi. Ushbu talabga rioya qilmaganlik ma’muriy jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi. Turk yuridik shaxslari o‘rtasida tuzilgan turk tilida bo‘lmagan shartnomalar bekor qilinadi.

QATAR

2019-yilda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, Qatarda barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 qatar riali (14 000 AQSH dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

 

Isroilova Hurriyat Axrorovna

Sharof Rashidov tumani hokimining maslahatchisi

 

22.09.2022 1291