"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ELNI BIRLASHTIRUVCHI VOSITA

21-oktabr — O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun

Qadimiy til sifatida e’tirof etilayotgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy qadriyat, o‘zlikni anglash, mustaqil davlatchilik timsoli, ma’naviy boylik, xalqimiz hayotidagi siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

1989-1990-yillarda tilimizga sof o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlarni kiritishga olimlarimiz ko‘p harakat qildi. Masalan, “uchoq”, “tayyora”, “tikuchoq” singari so‘zlarning asl ma’nosi berilsada, tushunsak ham qabul qilmadik. Bu haligacha davom etmoqda. O‘sha vaqtlarda qandaydir ko‘zga ko‘rinmas to‘siq bordek tuyulardi. Ammo, bugun-chi, nima uchun talaffuzi o‘z tilimizda aytiladigan, tushuniladigan so‘zlarni inkor qilyapmiz.

Davr muammosini ko‘tarmoqchi emasmiz. Fikrimizcha, bugun ham milliy til va uning ravnaqi uchun g‘amxo‘rlik qilish bir guruh mutaxassislargagina kerakday, ilmiy-amaliy soha uchun ishlatilayotganday.

Shu o‘rinda Ishoqxon to‘ra Ibratning “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”, deb bir asr narida aytgan so‘zlarini keltirishni joiz deb bildik. Albatta, mamlakatimiz ko‘pmillatli, har bir millat o‘z ona tiliga ehtirom ko‘rsatishi kerak, shu o‘rinda o‘zbek millati ham.

    So‘nggi yillarda o‘zbek tili va adabiyotini rivojlantirishga, tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan bir qancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosatini takomillashtirishga huquqiy asoslarning mustahkamlanishi davlat tili nufuzini yanada oshirdi. 

                               O‘rnimizni bilaylik

Bugun milliy yetakchimiz boshchiligida tilimizni asrab-avaylash maqsadida qonun, bir nechta farmonlar qabul qilindi. Qonun bilan “O‘zbek tili bayrami kuni” belgilandi. Tilga bo‘lgan e’tibor amaliyotga ko‘chirilib, mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat ekanligi namoyon etilmoqda.

Yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga vorislik ruhida tarbiyalashda O‘zbek degan nom va til ajdodlarimiz istagan holga keltirilmoqda.

Tarix – bor haqiqat. Tilning o‘rnini bilishimiz, biz qaysi avlod vakillari ekanligimizni yana bir bor yoshlarga uqtirishimiz uchun arxiv hujjatlarini ko‘tarishning o‘zi kifoya. Minglab ajdodlarimiz o‘z tili himoyasi uchun qatag‘on qilingan. “Ayblov hujjatlari gapirganda” tilimizning, o‘zimizning o‘rnimiz qayerdaligini tushunib yetamiz. 

O‘zbekistonda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash bilan ish bitadi deyish oson. Bunga faqat xohish va iroda kerak. Xohish bo‘lish uchun esa, kuchli targ‘ibot va til mafkurasi bo‘lishi lozim.

O‘zlikni anglash

Til siyosatini mafkura qilib yuritar ekanmiz, o‘z ona tilimizni qanchalik hurmat qilishimiz, birinchi navbatda oilaga ham bog‘liq. Har bir oilada, muloqot tili birinchi o‘rinda o‘zlikni anglashga yetaklaydi. Oilada milliy tilimizga bo‘lgan e’tibor kuchli bo‘larkan, bola avvalo e’tibor va e’zozlangan ona tilda fikrlaydi. 

Oilada o‘z ona tilida muloqot qilib, maktabda boshqa tilda suhbatlashadigan bola asta-sekin “maktab tili”ga o‘tib olishini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Bu esa, farzandlarimizni mentalitetimizga mos qilib voyaga yetkazishda ancha mushkulot tug‘diradi. O‘zlikni anglashda tilni birinchi o‘ringa qo‘ysak inson ma’naviyatini shakllantirishdagi o‘rni kelib chiqadi. 

O‘zlikni anglashda til siyosatini yuritish va tarix zarvaraqlarida aks etgan noyob asarlarni xalqimizga yetkazib borish muhim omillardan biridir. qo‘lyozmalar, jadid namoyondalarining hayoti va ijodini o‘rganishni tobora kuchaytirish muhim omil sifatida ko‘rinib qolmoqda.

Til siyosati qanday bo‘lishi kerak?

2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida tilimizni rivojlantirishning muhim belgilari belgilangan. Jumladan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishishning birdan bir yo‘lini tanlab oldik, ya’ni davlat tilida ish yuritish. Bunga nafaqat ish yuritish, balki ish yuritish orqali odamlar ongida o‘zbek tili imkoniyatlarini to‘liq singdirish – yozma nutq, og‘zaki nutq va tashqi ko‘rgazma til siyosatining asosiy texnologiyalaridandir.

Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish bugungi kundagi eng muhim yo‘nalishlardan biri. Lekin, aksariyat hollarda tilning sofligini saqlash, ilmiy muassasalar va tilshunoslarning ishi deya, kalavaning uchini o‘zimizdan qochiramiz. 

Globallashuv jarayonida tilimizning rivojlanishi ham tezlashib, o‘zga tillardan kirib kelayotgan so‘z va iboralar ham rivojlanishga “o‘zlashtirma” so‘zlar sifatida hissa qo‘shmoqda. Ularning tilimizdagi muqobili yoki o‘zbekcha talqini borligini “izlamay” muloqot jarayoniga kiritib yuboramiz. Bu asosan yozma muloqotda ko‘proq sezilib, ommaviy tus olmoqda. 

Har bir soha til siyosatiga bo‘lgan e’tiborni o‘zi ko‘rsatib beradi. Masalan, “plagiat”, “antiplagiat”, “skrinshot”, “stendap”, “prezentatsiya” va hokozalar. Eng achinarlisi uni tushunib, tushunmay hayotimizda ishlatayotganligimiz – biron bir oshxonaga ovqatlanishga kirsangiz, “soboyga nima bor”, “soboy qiling”, “soboyga olib ketasizmi?”, “Fleshmob qiling” kabi juda ko‘p so‘zlarni uchratamiz. Davlat tilining sofligini saqlashda ko‘proq dasturiy ta’minotni sof o‘zbek tilida yaratilishi esa yuqoridagi ko‘rinishlarning oldini oladi.

Ayniqsa, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, darslik va ommaviy o‘qiladigan nashrlar loyihalarini tayyorlashda davlat tilini qo‘llashda izlanishlarimizni kuchaytirishimiz lozim. Shuningdek, amaliyotda tilning sofligini saqlashda ta’lim muassasalarining o‘rni va ahamiyati beqiyos. 

Davlat tilini boyitib borishda Konsepsiya asosida faoliyatni yo‘lga qo‘ysakkina, ya’ni o‘zbek tilini boyitib boramiz. Buning uchun har bir soha vakillari faoliyatidagi so‘z va atamalarni muqobilini yaratib, lug‘aviy izohini tilshunos-mutaxassislar bilan kelishib, uni amaliyotga kiritishi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Arxiv sohasida ishlatilayotgan 100 ga yaqin so‘zlarning bugungi kunda muqobili tayyorlanib, ularning izohi bilan berilgan lug‘ati ishlab chiqildi.

Arxiv sohasida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqilib, arxivlarga yetkazildi. Mehnat qonunchiligida ishlatiladigan yangi so‘z va atamalarning izohli lug‘ati Bandlik va mehnat vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, bugungi kunda amaliyotga keng tatbiq etilayotganligini ham aytib o‘tish joiz. O‘zbek tilini rivojlantirishda aynan izohli lug‘atlar aholining nutq madaniyatini oshirishga katta hissa qo‘shadi. 

Bugungi kunda tayyorlanayotgan har bir soha bo‘yicha izohli lug‘atlarimiz esa, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini tezlashtirib, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshiradi. 

Til siyosati haqida ilgari “ehtiyot bo‘ling”, “til siyosati nozik”, “biz ko‘pmillatli xalqmiz” deguvchilar topilardi. Qat’iy talablarni qo‘yish siyosatning boshqa tillarga nisbatan putur yetkazishiga olib kelmaydi. Davlat tilini rivojlantirishga doir yagona davlat siyosatini yuritishda rahbarlarining maslahatchilariga katta mas’uliyat yuklatilgan. 

Aynan maslahatchilar tomonidan davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun onlayn dasturlar yaratishga e’tibor kuchaytirilmoqda. 

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta’minlashda til bo‘yicha maslahatchilarning o‘rni beqiyosdir.

Davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida farmon, qarorlarning belgilanganligi, hukumatda maxsus tuzilma tashkil qilinganligi va bu o‘zbek tilining nufuzini davlat siyosati darajasida olib borilishini ta’minlaydigan yangi omildir.

2021-yil 1-apreldan boshlab esa o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi yo‘lga qo‘yilganligi esa til siyosatini yuritishning funksional yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Demak til siyosati endi asta mafkuraga aylanib, ongimizga singib boraveradi.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va obro‘yini yuksaltirishning yagona yo‘li – ta’lim. Biz maktabgacha ta’limdan boshlab og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirmas ekanmiz, o‘zbek tilining nufuzini boy beramiz. Joriy yilda yana bir katta muvaffaqiyatga erishildi. Tashqi reklama yozuvlari avval davlat tilida aks ettirilishi qonun bilan belgilandi va bugungi kunda uning ijrosiga kirishildi.

Demak, o‘zbek tilini mamlakatimiz ijtimoiy hayotida to‘laqonli ifodalanishini ta’minlasak va takomillashtirib borsak, yoshlarni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlardan g‘ururlanish ruhida tarbiyalasak, ona tiliga bo‘lgan hurmati, mehr-muhabbati yanada ortib boraveradi. 

Ana shundagina biz yurtimizdagi har bir fuqaroning davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishamiz.

Mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida davlat tilining to‘liq joriy etilishini ta’minlash, til to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va uning ta’sir kuchi barchaga taalluqli bo‘lishini ta’minlash bizning asosiy vazifamizdir.

 Shuhrat MIR RAYIM

“O‘zarxiv” agentligi direktori maslahatchisi

 

17.10.2022 492