- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Til savodxonligi oiladan boshlanadi
Til savodxonligi oiladan boshlanadi
Til — millat ko‘zgusi
Tilning taraqqiyoti jamiyat,
millat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq. Davlat tili maqomi esa uning har
tomonlama rivojlanishi, taraqqiy etishiga imkon yaratadi. O‘zbek tilining
istiqlol davri taraqqiyoti buning yorqin misoli bo‘la oladi. Bunday istiqbolli
rivojlanish islohotlar, o‘zgarishlar, takomillashuvlar tilimizning leksikasida
o‘z aksini topmoqda. Olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy, moddiy-madaniy,
ma’naviy-ma’rifiy islohotlar o‘zbek tilimizning rivoji va taraqqiyoti uchun hal
qiluvchi omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mana, o‘zbek tilining davlat
tili sifatida e’tirof etilganiga ham 33 yil to‘lmoqda. O‘tgan davr mobaynida
tilimizning nufuzi va mavqei oshdi, ijtimoiy vazifasi va qo‘llanish doirasi
kengaydi. Ish yuritish o‘zbek tilida olib borilmoqda.
Istiqlol sharofati bilan
o‘zbek tilida qator asarlar yaratilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari va
umumta’lim maktablarida barcha yo‘nalishlar hamda sohalar bo‘yicha yangi
darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar nashr qilindi. Ayniqsa, o‘zbek tilshunosligi
sohasida yuzlab, balki minglab ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, mazkur soha
bo‘yicha o‘zining yechimini kutayotgan ayrim nazariy muammolar o‘rganildi.
Turli yo‘nalishlarda ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar hamda nomzodlik (PhD) va
doktorlik (Dc) dissertatsiyalari himoya qilindi.
2006-2008-yillarda nashr
qilingan 80000 dan ortiq so‘zdan iborat “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 2020-yilda
Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish Departamenti
tashabbusi bilan to‘ldirilgan holda yangidan chop etilib, mamlakatimizdagi
vizirlik, agentliklar, qo‘mitalar, idoralar, tashkilotlar, mahalliy
hokimliklarga beg‘araz taqdim etildi. Shuningdek, professor E.Begmatovning
15000 dan ortiq ismni o‘z ichiga qamrab olgan “O‘zbek ismlari” lug‘ati nashrdan
chiqdi. Mazkur lug‘at hajmi jihatdan O‘rta Osiyo davlatlari o‘rtasida ham hech
bir mamlakatnikidan kam bo‘lmagan.
Keyingi besh yil ichida milliy
tilimizning istiqboli, ertangi kuni bo‘yicha Hukumatimiz rahbari tomonidan
qabul qilingan qator qonun, qaror, farmon va boshqa rasmiy hujjatlar bu
boradagi ishlarning yanada jadallashuvida muhim omil bo‘lyapti. Ayniqsa,
vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va hokimliklar rahbarlarining
ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi
lavozimlarining ta’sis qilinishi mazkur sohaga oid ishlarni izchillik bilan
davom ettirishga imkon yaratdi.
Maslahatchilar tomonidan
joylarda davlat tilida ish yuritish, hujjatlar aylanmalari, muhrlar, rasmiy ish
qog‘ozlari, geografik ob’ektlarining nomlari, tashqi va ichki yozuvlar, davlat
tiliga oid targ‘ibot-tashviqot ishlari, televideniyedagi chiqishlar, ilmiy va
ommabop maqolalar tayyorlash, radiodagi eshittirishlar, boshqarmalar, idoralar,
tashkilotlar, korxonalar bilan hamkorliklarning yo‘lga qo‘yilishi ayni muddao
bo‘ldi.
Birgina Xorazm viloyati
misolida 2021-2022-yillarda amalga oshirilgan ishlar haqida aytadigan bo‘lsak,
viloyat hokimligi huzuridagi “Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash
masalalari” bo‘yicha komissiyasi tomonidan 11 ta tuman, 2 ta shahar, 50 ta
shaharcha, 599 ta qishloq, 585 ta aholi punktlari, 529 ta mahalla, 11772 ta
ko‘cha, 3 ta daha, 13 ta istirohat bog‘i, 2 ta maydon, 562 ta qabristonlar
nomlariga Respublika ekspert xulosalari olinib, ularning barchasi davlat
reyestri bazasiga kiritildi.
“Davlat tili to‘g‘risidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari” bo‘yicha komissiyasi
tomonidan esa, viloyatdagi barcha idoralar, tashkilotlar, boshqarmalarda davlat
tilida ish yuritish, hujjatlar aylanmalari, muhrlar, shtamplar, rasmiy
blankalar va boshqa rasmiy hujjatlarning “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun
hujjatlariga muvofiq olib borilishi doimiy nazoratga olingan.
“Tashqi reklama va ularni
tartibga solish masalalari” bo‘yicha komissiya tomonidan viloyatdagi deyarli
barcha tashqi yozuvlar, reklamalar, peshlavhalar va boshqa axborot matnlarining
ahvoli muntazam o‘rganib turilibdi. Komissiya jami 1000 dan ortiq
o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan tashqi yozuvlar aniqlagan bo‘lsa, shulardan 151
ta peshlavha, 226 ta reklama, 107 ta boshqa axborot matnlari ajnabiy tilda
yozilgan. Shuningdek, 91 ta peshlavha, 164 ta reklama, 117 boshqa axborot
matnlarida xatoliklar topildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida
jami 851 ta tashqi yozuvlarni o‘zbek tilida va xatosiz yozilishiga erishildi.
Yosh niholni qayoqqa egsang
egilganidek, til bo‘yicha savodxonlikni ham aslida oiladan, bolalar bog‘chasi,
keyin esa maktabdan boshlash kerak. Davlatimiz rahbari joriy yilning 8 oktyabr
kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bugungi kunda Prezident
Administratsiyasi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, Xalq ta’limi vazirligi
tizimida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasini o‘rgangan holda,
boshlang‘ich sinflar uchun darsliklarning yangidan chop etilayotgani
ta’kidladi. Bu ham mamlakatimizda ta’lim tizimiga, ayniqsa, o‘sib kelayotgan
yosh avlodning savodxonligi, tarbiyasi, bilimi uchun bo‘lgan munosabatning oliy
namunasidir.
Ayni damlarda butun
mamlakatimiz bo‘ylab, jumladan, vazirliklar, agentliklar, qo‘mitalar,
viloyatlardagi barcha idoralar, tashkilotlar, korxonalar, tumanlar va shaharlar
hokimliklarida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan
o‘tkazilayotgan tadbirlar ko‘lamining kengligidan bu yilgi bayramning har
yilgidan ham boshqacha bo‘lishi ayon bo‘lmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonning
ertangi kuni uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi aniq. Zero, til
mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilovchi asosiy omildir.
Ravshan XUDOYBERGANOV, Xorazm
viloyati hokimining
ma’naviy-ma’rifiy ishlar
samaradorligini oshirish,
davlat tili
to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari
bo‘yicha maslahatchisi