"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”


Til har bir millat madaniyatining o‘zagi va ko‘zgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson o‘z onasini ko‘rmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqini keltirishimiz mumkin: «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin».

Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak. O‘zbek tilini oxirgi yillarda davlatimiz hukumati tomonidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida o‘zbek tili maqomi yuqori darajada yuksalishiga olib kelmoqda. Zero farzandlarimiz bizning asl adabiy o‘zbek tilini avlodlarga to‘la to‘kis yetkazib berishi tilning mustahkamlanishiga asos bo‘ladi.

Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Bu o‘z davrida tom maʼnoda olamshumul voqea bo‘lganiga 33 yil bo‘ldi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi va «O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish» jamiyati tomonidan 21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan «Ona tilim – faxrim mening» mavzusiga bag‘ishlab tashkil etilgan maʼrifiy tadbirda aynan shu mavzuda so‘z yuritildi. Tadbirda Bosh konsul A.Agzamxodjayev, «O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish» jamiyati raisi O.Islomova, Turkiyada yashayotgan vatandoshlar ishtirok etdilar. Tadbir ishtirokchilarning Davlat madhiyasini jonli ijrosi bilan boshlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktorining maslahatchisi, filologiya fanlari doktori, professor Naibaxon Mamadaliyevaning o‘zbek tili rivojlanish tarixi, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ona tilimizning nufuzini yuksaltirish bo‘yicha hayotga tadbiq etilayotgan ishlar, 2023-yilning 1-yanvarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tili rivojlantirish Departamenti tomonidan O‘zbekistonda o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash, ona tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish bo‘yicha qilinayotgan saʼy harakatlar haqidagi maʼruzasi tinglandi. Bu borada xorijdagi ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilgani va chet mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziquvchilarning soni yil sayin ortib borayotgani qayd etildi.

Bosh konsul Amirsaid Agzamxodjayev o‘z chiqishida bundan 33 yil muqaddam, yaʼni 1989-yil 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi mustaqil O‘zbekiston davlati tarixida yangi sahifa ochganini alohida taʼkidladi.

Bundan tashqari, diplomat 2020-yil 10-aprelda O‘zbekistonning «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinishi ham muhim voqea bo‘lganini qayd etdi. «Ushbu qonun bilan har yili 21-oktabrni O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlash belgilab qo‘yildi. Endilikda har yili 21-oktabr sanasi butun mamlakatimiz va xorijiy ellarda katta bayram sifatida nishonlanadi. Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini oshirish bizning asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi», dedi diplomat. o‘zbek tili BMTning yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib bormoqda. Til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix sahifalariga aylanar edi. Qadimda xalqlar o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilganlari bois ular boshqa mintaqalarda so‘zlashuvchi xalqlar bilan qorishib ketib, ularni tillarini o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan. Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘xtatar ekan, o‘sha til yo‘qolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq.

Tadbirda so‘zga chiqqan «O‘zbek xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish» jamiyati raisi Ozoda Islomova  so‘zga chiqib, Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasida o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirish dolzarb vazifaga aylanib borayotganini qayd etdi. “O‘zbek yurtdoshlarimizning ona tilimizni o‘rganishga qiziqishi va o‘zbek tilida so‘zlashish va yozish qobiliyati meni hayratga solgan. Yaqin yillar ichida ona tilimizning mavqei bundan ham yuksalishini istayman. Umid qilamanki, o‘zbek tilining dunyoning yuksak minbarlarida jaranglashi yagona hodisa bo‘lib qolmaydi. O‘zbek o‘g‘il-qizlari o‘z yutuqlari bilan nafaqat ona Vatanimiz shaʼnini, balki ona tilimiz nufuzini yana-da baland ko‘taradilar”, deya g‘urur bilan gapirdi. Shuningdek, Referendumga qo‘yilishi kutilayotgan yangi Konstitutsiyaning 22-moddasiga “Davlat xorijda yashayotgan fuqarolar va vatandoshlar bilan aloqalarning saqlanib qolishi hamda rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi” degan norma kiritilishi ko‘zda tutilayotgani ham vatandoshlarning juda quvontirganini alohida qayd etdi.

Taʼkidlash lozim, bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tashqi siyosatida va xalqaro munosabatlarida vatandoshlar bilan aloqalarga ustuvor vazifa sifatida alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini yaratish hamda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 25-oktabrda “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston davlat siyosatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tasdiqlangan Vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi bu sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Lekin, sir emas, kundan kunga xorijda istiqomat qilish, taʼlim olish va ishlashni xohlovchi vatandoshlarimiz ko‘payib bormoqda. Shuningdek, xorijda tug‘ilib o‘sayotgan vatandoshlarimiz ham bugungi kunda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Vatandoshlar orasida yetuk fan va taʼlim mutaxassislari, olimlar, tadbirkor va ishbilarmonlar hamda boshqa turli sohalarda mehnat qilib kelayotgan minglab vatandoshlarimiz bilan hamkorlik olib borish Vatanimiz ravnaqiga katta ko‘mak berishi shubhasizdir.

Men 1985-yilda mehnat faoliyatimni Chet ellardagi vatandoshlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalar bog‘lash O‘zbekiston “Vatan” jamiyatida boshlaganman. Bu jamiyat keyinchalik O‘zbekiston “Do‘stlik” jamiyati bilan birlashtirildi va bir necha marta qayta tashkilotlar tuzildi. Bu jamiyat hozir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bo‘limi sifatida faoliyat yurityapti. Xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash va ularning his-tuyg‘ulari men uchun begona emas. Shu nuqtai nazardan tadbir davomida shuni kuzatdimki, xorijdagi vatandoshlar orasida nafaqat o‘zbek milliy qadriyatlariga, maʼnaviy va diniy ehtiyojlari, balki o‘zbek tilini saqlab qolish, uni asrab-avaylashga ham alohida zarurat sezildi. Shuningdek, vatandoshlar va ularning farzandlari orasida tariximiz, milliy urf-odat va anʼanalarimiz, tilimiz, dinimizni yo‘qolib va unutilib borayotgani ham tashvishli vaziyatni keltirib chiqarishi tabiiy.

Lekin Davlat rahbarining siyosiy irodasi va tashabbusi bilan “Vatandoshlar” jamg‘armasini taʼsis etilishi vatandoshlarimiz bilan ishlashning aniq mexanizmlarini yaratishga imkon berishi aniq. O‘ylaymanki, xorijiy mamlakatlarda yildan yilga vatandoshlarimiz soni ortib borishi, u yerda tug‘ilib o‘sayotgan farzandlari orasida milliyligimiz, urf-odatlarimiz va tilimizning yo‘qolib ketishini oldini olish, ularni Ona Vatan bilan uzviyligini taʼminlash, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yana-da jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish maqsadida hamda O‘zbekiston nufuzini va salohiyatini oshirish, respublikamizda har tomonlama olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan  xorijliklarni tanitish hamda chet el mamlakatlari bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish maqsadida xorijdagi vatandoshlarni birlashtirib turish maqsadida tashkil etilgan ushbu jamg‘arma o‘zbek tilini saqlashda ham o‘z konsepsiyasiga ega. Bu borada biz olimlar kamarbasta bo‘lamiz.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim. Bunday vatanparvar harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq o‘zbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Zero, buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur».

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida Turkiya hududida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, diaspora vakillari farzandlarining milliy tilni mukammal egallashi uchun maxsus kurslar tashkil etish va ularni zarur adabiyotlar bilan taʼminlanishiga kelishib olindi. Tadbirning badiiy qismida vatandoshlarimiz tomonidan O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan sheʼr va qo‘shiqlardan iborat dastur, yangi kelinning ilk kelinsalomi namoyish etildi.

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi,

filologiya fanlari doktori

 

26.10.2022 651