- Bosh sahifa
- Maqolalar
- “O‘q-yoy xaltasi” ma’nosidagi “qo‘ramta”ning “qo‘ramtani qo‘zg‘ash” iborasiga aloqasi bormi? – mutaxassis tahlili
“O‘q-yoy xaltasi” ma’nosidagi “qo‘ramta”ning “qo‘ramtani qo‘zg‘ash” iborasiga aloqasi bormi? – mutaxassis tahlili
Yaqinda noshir, adabiyotshunos do‘stimiz Sanjar Nazar feysbuk sahifasida “qo‘ramta” so‘zini eslatib qo‘ydi. Sanjar “qo‘ramtani qo‘zg‘ab qo‘ydi”yu, lekin uning “tafti” hali ketmadi (hazil). Ba’zi shevalarda “qo‘ramtani qo‘zg‘ash” degan ibora bor. Unutila boshlagan, sovigan janjal yoki bahs-munozarani qaytadan qo‘zg‘ash ma’nosida aytiladi. Ammo “qo‘ramta”ning o‘zi nima?
“O‘zbek tilining
izohli lug‘ati”da “qo‘ramta” so‘ziga shunday izoh berilgan: “qo‘ramta –
(tarixiy) kamon o‘qlari solib, osib yuriladigan maxsus xalta” (II tom. 1981. 639). “Этимологический словарь тюркских языков” (ЭСТЯ) lug‘atida ham “qo‘ramta”ga berilgan izoh shunday.
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li kabi baxshilar aytgan
dostonlarda ham “qo‘ramta” shu ma’noda ishlatilgan.
“Devonu
lug‘otit-turk”da bu jihozning nomi “qo‘ramta” emas, “qurman”, Ergash
Fozilovning XIV asr Xorazm yodgorliklari lug‘atida “qurban” shaklida berilgan.
Mahmud Koshg‘ariy “qurman” so‘zi yasalishini: “belga kamar bog‘la so‘zidan
olingan” (I tom, T.: 1960. 416), deb tushuntiradi. Bu izohni “qo‘ramta”ga ham tatbiq etish mumkin.
Darhaqiqat, qadimgi turkiyda “qo‘r” so‘zi “belbog‘”, “aylana”, “o‘tovni
aylantirib bog‘lanadigan tasma” kabi ma’nolarni bildirgan. O‘q-yoy solinadigan
xalta – qurman yoki qo‘ramtaning ham bel va yelkaga bog‘lanadigan bog‘lari
bo‘lgani uchun shunday atalgan. Hozirgi tilimizdagi “qurshov”, “qurshamoq”
fe’li ham shu o‘zakdan. Ammo “o‘q-yoy xaltasi” ma’nosidagi “qo‘ramta”ning
“qo‘ramtani qo‘zg‘ash” iborasiga aloqasi bormi?
“Mo‘g‘ullarning
sirli tarixi” asarida mazkur jihoz qurman yoki qo‘ramta emas, “qo‘r” (“qor”)
deb ataladi. Asarning
189-paragrafida Nayman xoni Tayangxon aytadi: “Shimol tomonda notavon, bechora
mo‘g‘ulchalar bor emish. Ular go‘yoki o‘zlarining QO‘Rlari bilan O‘ngxonni
qo‘rqitishibdi”. Shundan so‘ng Tayangxon mo‘g‘ullarga qarshi urushni rejalaydi.
Buning xabarini Chingizxonga: “Nayman xoni Tayangxon kelib sening QO‘RINGNI
TORTIB OLMOQCHI” (“Naїman-u Tayang-qan QOR čїnu abura iramüi”), deb yetkazishadi. Bu xabarga Chingizxonning ukasi
Bilgutay no‘yon shunday munosabat bildiradi: “Agar tirik holimda mendan QO‘RNI TORTIB
OLISHSA, yashashning nima keragi bor? Navkar uchun jangda o‘lib, qo‘r va
o‘q-yoyi uning suyaklari bilan yonma-yon qo‘yilishi sharaf emasmi?” Ko‘rinib
turibdiki, bu matnda “qo‘r” so‘zi ramziy ma’noda: “O‘ngxonni qo‘r bilan
qo‘rqitibdi” deganda, O‘ngxonning Chingizxondan mag‘lub bo‘lib qochishi, “qo‘rni tortib
olish” iborasida “bosib olib, qulga aylantirish, qurolsizlantirish” ma’nolari
ko‘zda tutilgan. Turli davrlarda: qurman, qurban, qo‘r, sadoq (sag‘daq),
qo‘ramsaq, qo‘rluq, qo‘ramta va hokazo nomlar bilan atalgan bu jihoz ko‘chma
ma’noda kuch-qudrat, sha’n, g‘urur ramzi ham hisoblangan.
Keyinchalik bu
jihoz iste’moldan chiqsa-da, bizningcha, uning nomi va unga bog‘liq ramzlar
xalq xotirasida saqlanib qolgan. Ma’lumki, turkiyda “qo‘r” (“qur”)ga shakldosh
(omonim) boshqa o‘zak-so‘zlar ham bor. Aytaylik, boshqa bir “qo‘r”dan:
“qo‘rimoq”, “qo‘riqchi”, “qo‘rg‘on”, “qo‘ra” kabi so‘zlar hosil bo‘lgan bo‘lsa;
“qo‘r” deganda yana “cho‘g‘”, “chala uchgan cho‘g‘”, “qalb qo‘ri” kabi
ma’nolarni ham anglaymiz. Bizningcha, “qo‘ramta” shakli dastlab sadoq ma’nosida
qo‘llangan bo‘lsa, keyinchalik bu so‘z boshqa ma’nodagi “qo‘r” o‘zaklariga ham
ko‘chgan.
Aytaylik, qozoq tilida ham mavjud bo‘lgan “qo‘ramta” so‘ziga qozog‘istonlik tilshunos Qaydar Abduali (Qaydar Әbduәli) shunday izoh keltiradi: “qor qalin yog‘ib, qish uzoq cho‘zilgan yili, odatda, uyur-uyur bo‘lib yuradigan arxarlar qo‘ralanib, birlashib bir tabunga aylanadi, buni ovchilar qo‘ramta deb ataydi”. Boshqa bir qozoq adibi “qo‘ramta”ni “yig‘ilish”, “qurultoy” ma’nosida qo‘llaydi.
Ba’zi o‘zbek
shevalarida esa “qo‘ramta” – “chala o‘chgan cho‘g‘”, “qurum” ma’nolarida
tushuniladi. Ammo “qo‘ramta aynan nima?” degan savolga men bilan suhbatdosh
bo‘lganlar bir xil javob qilishmadi: kimdir qo‘ramta deganda chala uchgan
cho‘g‘ni, kimdir qurumni (qurumta), kimdir cho‘g‘ betidagi kulni tushunar ekan. Qo‘ramta haqidagi bunday mavhum tasavvur ilgari u boshqa ma’no bildirgan,
degan farazga olib keladi. Qashqadaryolik yozuvchi Ne’mat Arslon hikoyasida bu
so‘zni “chala o‘chgan cho‘g‘” ma’nosida qo‘llagan: “Har kun qo‘ramtaga ko‘mib
yoki qaynatib, ishi shoshilinch paytda qovurib yeydigan tuxumini o‘ylarkan,
folga borish kerak, degan fikri qat’iylashdi”.
O‘zbek xalq
dostonlarida “qo‘ramtaga qo‘l soldi” iborasi “urushga hozirlandi” ma’nosiga ega. “Qo‘ramtani qo‘zg‘ash” deganda esa o‘chayotgan cho‘g‘ni qayta alangalatish, ko‘chma
ma’noda eski janjalni qayta qo‘zg‘ash tushuniladi. E’tibor qilinsa, yuqorida
keltirilgan barcha iboralarda qo‘ramta urush, janjal bilan bog‘liq ravishda
qo‘llanilgan. Shu bois ular o‘rtasida umumiylik borday
tuyuladi.
Abduvohid HAYIT