"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Tilning shakllanishi va rivojlanishini millat tarixidan ayro holda o‘rganib bo‘lmaydi

Tilning shakllanishi va rivojlanishini millat tarixidan ayro holda o‘rganib bo‘lmaydi


    Inson o‘z tilini mukammal bilishi, uni doim ulug‘lashi va shu bilan birga, boshqa millatlarning tiliga ham hurmat bilan qarashi yuksak madaniyatdan dalolat. Tilning shakllanishi tarixi, me’yoriy rivojlanish jarayonini millat tarixidan ayri holda o‘rganib bo‘lmaydi.

O‘zbek xalqining buyuk siymolaridan biri mutafakkir, olim, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy barcha davrlarda butun turk dunyosi tomonidan «Shams ul-millat», ya’ni «Millat quyoshi» deb e’zozlab kelingan.  

Umrini turkiy til mavqeyini yuksaltirish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bag‘ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to‘la-to‘kis munosibdir.  

Tarixchilarning ma’lum qilishicha, Alisher Navoiyning yangi yozib tugatgan "Xamsa" asarini o‘qigan Husayn Boyqaro u ulug‘ zotni e’zozlab, o‘zining yaxshi ko‘rgan oq otiga mindiradi. Podshoh otning jilovidan tutib, saroy ahlining ko‘zi oldida Alisher Navoiyga jilovdorlik qiladi va hammaga eshittirib aytadiki: «Turkiy tilda shunday «Xamsa» yozganligingiz uchun menday podshoh sizga jilovdor murid bo‘lsa arzigay».  

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan "Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari" bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yildi. Prezidentimiz yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bugungi kunda til siyosatini takomillashtirish borasida qabul qilgan farmon va qarorlari orqali mustaqil davlatchiligimiz timsoli, ma’naviy boyligimiz – o‘zbek tilining rivojlanishiga rahnamolik qilayotgani qalbimizni faxrga to‘ldiradi. 

O‘zbek tilining vatanimizda davlat tili sifatida amal qilinishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qo‘yilganiga ham 33 yil bo‘ldi.  

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni uch tamoyilga: umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanganligi barchamizni keng imkon va majburiyatlarga undaydi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini oshirish borasida har bir sohada nihoyatda muhim o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida ham ushbu yo‘nalishda jadal islohotlar yo‘lga qo‘yildi. Vazirlik tizimida hujjat almashinuvi davlat tilida amalga oshirilmoqda. Xodimlarning lotin alifbosiga asoslangan davlat tilida ish yuritish borasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy filiallarida qisqa o‘quv kurslari tashkil qilingan. Bugunga qadar tizimda faoliyat yuritayotgan 400 ga yaqin xodimning malakasi oshirildi va bu jarayon davom etib kelmoqda.  

Davlat rahbarining "Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan topshiriqlarni ijro etish maqsadida «Mehnat va bandlik sohasiga oid atamalar izohli lug‘ati" tayyorlandi va 3000 nusxada nashrdan chiqarilib davlat organlariga foydalanish uchun taqdim etildi.  

O‘tgan yilgi xayrli ishning davomi o‘laroq «Aholi bandligi, kasbiy malakani baholash, mehnat munosabatlari va kasb-hunarga o‘qitish izohli glossariy"si o‘zbek, ingliz va rus tillarida nashrdan chiqarishga tayyorlandi.  

Vazirlik ko‘proq ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishda faoliyat olib borsa-da,tizimda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosiy o‘quv soatlariga tilshunos olimlarni taklif qilgan holda til targ‘ibotiga qaratilgan uchrashuvlarni tashkil qilishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.  

O‘tgan yili Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan e’lon qilingan «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» respublika tanlovida «Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim» yo‘nalishida g‘olib deb topildi. Joriy yilda esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida "Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha eng namunali vazirlik-idora" nominatsiyasi bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi g‘olib sifatida e’tirof etildi.  

Targ‘ibot tadbirlarida vazirlik tizimidagi "Ishga marhamat!" band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish monomarkazlari, Mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish Respublika kurslari, Mehnat bozori tadqiqotlari instituti, Ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazlari (KOICA), Tashqi mehnat migratsiya agentligi hamda agentlikning Rossiya, Qozog‘iston, Koreya davlatlaridagi vakolatxonalari xodimlari faol ishtirok etmoqdalar.  

Zero, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘ini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shish har birimizdan milliy tilga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etadi.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir».  

Gullola ISOQOVA,  

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining  

maslahatchisi

 

08.11.2022 798