"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

UCHINCHI RENESANSGA DAVLAT TILI BILAN ERISHAMIZ


Inson ona tili orqali dunyoni o‘zlashtiradi, tarixini o‘rganadi, o‘zligini taniydi, maʼrifatli bo‘ladi. Shu tilda umr bo‘yi muloqot qiladi, faoliyat yuritadi, aslida bu ham katta baxtdir. Shunday insonlar, xalqlar borki, ularning ona tilisi davlat tili maqomida emas, ular yaxshi ishlash, farovon yashash uchun boshqa tillarni o‘rganishga majbur bo‘ladi.

O‘zbek xalqi o‘z tarixi mobaynida ona tilida ish yurita olmagan, nutq so‘zlay olmagan davrlarni ham boshidan o‘tkazdi. O‘zi yashaydigan mahallani, tug‘ilgan joyni o‘z tilida nomlay olmagan paytlar bo‘ldi.

            1989-yil 21-oktabrda ona tilimizga davlat tili maqomi berildi, yaʼni “Davlat tili haqida”gi tarixiy qonun qabul qilindi. Bu – fikrni erkin bayon qilish huquqi va katta imkoniyat – ona tilida gapirish, ish yuritish, ijod qilish  demakdir. Shundan so‘ng mamlakatda ko‘plab amaliy ishlar boshlandi. “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini taʼminlash, ayrim o‘zlashma atamalar o‘rniga yangilari taklif qilish, ko‘chalar, geografik obʼektlar nomlarini o‘zbek tiliga o‘tkazish ishlariga kirishildi.

Ammo o‘tgan chorak asrdan ortiqroq vaqt ichida mamlakatda o‘zbek tili o‘zining davlat tili sifatidagi maqomini to‘la egallay olmadi. Yaʼni ish yuritishni davlat tiliga to‘laqonli o‘tkaza olmadik. Buning natijasida keyingi yillarda o‘zbek tili taʼlimi, o‘zbek tilida ish yuritish, nomlash ishlari, atamalardan foydalanish masalalarida ko‘plab muammolar paydo bo‘la boshladi. Maʼlum bo‘ldiki, birgina “Davlat tili haqida”gi qonun bilan mavjud muammolarni hal qilib bo‘lmaydi.

Muhtaram Prezidentimiz – Sh.Mirziyoev 2019-yil 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy farmonni imzoladi. Mazkur hujjat mamlakatda davlat tilini rivojlantirish ishlarining yanada jonlanishiga asos bo‘ldi.

Qonun hujjatlarini takomillashtirish  yo‘nalishida agar biz 1989-yildan 2019-yilgacha boru yo‘g‘i bitta qonun asosida faoliyat yuritib kelgan bo‘lsak, o‘tgan uch yil mobaynida davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan jami 19 ta meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan: 1 ta Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 3 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 13 ta qarori qabul qilindi. Mazkur meʼyoriy hujjatlar asosida mamlakatda davlat tilida ish yuritishni tartibga solish imkoniyati paydo bo‘ldi, viloyatdagi barcha shahar va tumanlar hokimliklarida o‘zbek tilining nufuzini oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha hokim maslahatchisi, bir so‘z bilan aytganda, davlat tilida ish yuritish ishlariga masʼul belgilandi.

Ushbu tuzilma joriy etilganidan so‘ng erishilgan eng katta yutuq, shubhasiz davlat idoralarida ish yuritish to‘liq davlat tilida olib borilishidir. Ilgari tajribada ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz, yurtimizda davlat tili o‘zbek tili bo‘lsada, baʼzi hujjatlar rus tilida ham yuritilar, eng achinarlisi bu tabiiy hol sifatida qabul qilinar edi.

Yana bir jihat, o‘zbek tilida tayyorlangan hujjatlarda ham imloviy, uslubiy xatolar yaqqol ko‘zga tashlanib turilar edi.

Bugun esa ishonch bilan ayta olamizki, viloyat, barcha shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat boshqarmalarida barcha ish yuritish hujjatlari to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Maslahatchilar tomonidan tegishli hudud hokimlari imzolayotgan qaror va farmoyishlari, bayonnomalari va boshqa xat-hujjatlarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti joriy etilishi bilan imlo va uslubiy xatoliklar keskin kamaydi. Hatto to‘liq bartaraf etildi.

Endilikda 2023-yildan boshlab, davlat idoralarida qabul qilingan normativ tusdagi hujjatlarning lingvistik ekspertizadan o‘tkazish amaliyoti majburiy etib belgilanganligi esa bu boragi mavjud kamchiliklarning to‘la yechim topishini kafolatlaydi.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, davlat tili bo‘yicha savodxonlik faqatgina ushbu soha bo‘yicha maslahatchilarning vazifasi bo‘lmasligi kerak. Afsuski kundalik amaliyotda ayrim boshqarmalar, hatto taʼlim yo‘nalishidagi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan hujjatlar loyihalarida ham imloviy, uslubiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotganligini kuzatamiz.

Bu 11 yillik maktab taʼlimida uzluksiz ona tili darslarini o‘tgan, oliy maʼlumotli xodimlar uchun uyatli hol.  Qolaversa, hatto masʼul lavozimdagi shaxslarning ham o‘z ism-sharifini atay Kadirov, Ibragimov, Djumayev, Xatamov, Galubov tarzida davlat tili qoidalariga zid ravishda qo‘llashayotganini kuzatamiz.

Bu borada ko‘pchilikning javobi tayin: Pasport (undan oldin guvohnoma)da shunday  yozilgan emish.  Nega tug‘ilgan paytda tanamizda ozgina nuqson aniqlansa, ha endi Xudo berganida demay darrov operatsiya yo‘li bilan tuzatamizu, o‘sha savodsiz FHDYO xodimi yozgan noto‘g‘ri familiyamizni umr bo‘yi tamg‘a sifatida olib yuramiz? Xolbuki tanani operatsiya qilishdan ko‘ra pasportda familiyamizni til qoidalariga moslab o‘zgartirish arzon tushmaydimi?...

Fikrimizcha, endilikda davlat xizmatiga ishga kirish uchun ariza topshirgan har bir talabgorni Davlat xizmatlari agentligi tizimida testdan o‘tkazish jaryonida davlat tili bo‘yicha savodxonligini aniqlovchi imtihonlardan o‘tkazish yoki davlat tili qoidalarini to‘liq o‘zlashtirganligi haqidagi sertifikat talab qilish joiz.

Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 52-sonli qarori qabul qilindi.

Davlat tiliga eʼtibor har bir tizimda uning rahbaridan boshlanadi. Agar tashkilot rahbari ona tilini qadrlasa, davlat tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘la olsa, tizimda davlat tilida ish yuritish, o‘z-o‘zidan rivojlanib boraveradi. Rahbar davlat tilini talab darajasida bilmasa, jamoada tilga munosabat shunga yarasha bo‘ladi.

Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida yangi tayinlanadigan har bir rahbar-kadr davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatiga ega bo‘lishi shart ekanligi belgilab  qo‘yildi. Bu – kelgusida jamiyatimizning barcha sohalarida o‘zbek tilining mavqeyini oshiradi, davlat tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va ehtiyojni paydo qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi ham katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Endi bu kunda nafaqat taʼlim muassasalari, balki oilalarda, mahallalar, tizim tashkilotlarida o‘zbek tili bayrami ommaviy nishonlanadi. Xalq orasida ona tilimizning obro‘si yuksalib boradi, milliy qadriyatga aylanadi.

Shu o‘rinda tashqi yozuvlarni davlat tili talablari asosida tartibga keltirishda joriy yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning ahamiyatiga ham bir oz to‘xtalmoqchimiz.

Sir emas, hattoki o‘n oycha ilgari ham viloyatdagi aksariyat tashqi yozuvlarning ajnabiy tillarda yozilganligiga guvoh bo‘lardik. Bunga esa o‘sha paytgacha sohaga oid qonunchilikdagi nomuvofiqliklar asosiy sabab edi. Negaki O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni 20-moddasida “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deb ko‘rsatilgani holda o‘sha paytda kuchda bo‘lgan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunda reklama tilini reklama beruvchining o‘zi belgilashi qayd etilgandi. Tabiiyki aksariyat tadbirkorlar tashqi yozuvlarni tartibga keltirish borasidagi tushuntirishlarimizda nisbatan keyinroq qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni ro‘kach qilishar hamda huquqiy jihatdan haq bo‘lib ham chiqishar edi.

Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning reklama tiliga oid 6-moddasida reklama matni davlat tilida berilishi majburiyligi, tadbirkorning xohishiga qarab uning boshqa tillardagi tarjimasi davlat tilidagi yozuvga nisbatan kichikroq o‘lchamda berilishi belgilandi.

Albatta yetarlicha huquqiy jihatdan asoslarga ega bo‘lganimizdan so‘ng tadbirkorlar o‘rtasida reklama va boshqa tashqi yozuvlarni davlat tili talablariga moslashtirish borasida har bir mahalla kesimida targ‘ibot ishlarini olib bordik.

Shuningdek, tashqi reklama vositalarini chop etuvchi va tayyorlovchi har bir tadbirkorlik subʼektlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, “telegramm” tarmog‘ida alohida uslubiy ko‘maklashuv guruhi tashkil etdik.

Bunda tadbirkorlar buyurtma sifatida kelib tushgan har bir reklama yoki axborot matnini guruhga uzatib, tegishli tilshunos mutaxassislardan ijobiy lingvistik xulosa olganlaridan so‘nggina chop etish amaliyoti joriy etildi.

Olib borilgan ishlar natijasida viloyat hududidagi barcha 6x3 o‘lchamdagi tashqi reklama konstruksiyalari, LED ekranlardagi yozuvlar “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga to‘la moslashtirildi.

        Ayniqsa, bu borada Jondor, Shofirkon, Qorako‘l, Qorovulbozor tumanlarida barcha tashqi bitiklarning o‘zbek tilida yozilishi tashkil etildi.

        Umuman o‘tgan davrda aniqlangan xorijiy tilda va xatoliklar bilan yozilgan 798 ta peshlavha va reklama yozuvlarining 635 tasi tartibga keltirildi.

           Albatta bu borada barcha ishlar ham yakuniga yetkazilgan emas.

Ayrim tadbirkorlar do‘konlari peshtoqida nomlar, ko‘rsatilgan xizmat turlarini boshqa tillarda yozish holatlari uchramoqda. Buning asosiy sababi esa tilimizning boy lug‘at zaxirasidan uzilib qolgan ayrim shaxslar o‘zga tillarda tanlagan nomlar va xizmat ko‘rsatish turlarining o‘zbekcha muqobiliga ko‘nika olishmayapti.

Masalan, Buxoro viloyati hududida eng ko‘p tarqalgan “Moy sam” xizmat turi bor. Biz ushbu jumlani “O‘zingiz yuving” shaklida qo‘llash borasida tavsiyalar berdik. Yoki “obmotka”ni “chulg‘am”, ijaraga beriladigan qurilish ashyolari: “kareta”ni “badiya”, “lesa”ni “havoza”, “apalubka”ni “betonqolip” atamalari orqali qo‘llash mumkin.

Ana shunday vaziyatda qadimda ajdodlarimiz tomonidan faol qo‘llangan mavjud mazkur atamalar kishilar qulog‘iga tushunarsizdek tuyulib, bugungi kun so‘zlashuv tilimizda joriy etishda ikkilanishlar yuzaga kelyapti. Bu tabiiy hol. Har qanday yangilikni amalda tatbig‘i qiyinchilik bilan amalga oshiriladi. Shu bois biz targ‘ibot ishlarimizni yanada kuchaytirib, tashqi yozuvlar sohasida ham tilimiz sofligiga erishamiz.

Shu o‘rinda daho yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning bir so‘zlari yodga tushadi: “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.

Muayyan hudud til etimologiyasi ko‘zgusi uning toponimlaridir. Bu borada Geografik obʼektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi ishchi organi sifatida O‘zbekiston Respublikasining “Geografik obʼektlarning nomlari to‘g‘risida”gi  Qonuni talabiga javob bermaydigan jami 47 ta nomlar tegishli tartibda qayta nomlandi

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Geografik obʼektlarning nomlaridan foydalanish va ularni saqlash maqsadida viloyatdagi 6333 ta ko‘chalarning 5283 tasiga peshlavhalar o‘rnatildi.

Viloyatdagi 13 ta shahar va tumanning chegarasida Davlat tili haqidagi qonun talablari asosida lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida peshlavhalar (stella, arka, darvoza ko‘rinishida), bir mahalladan ikkinchi mahallaga o‘tish chegaralarida ham 487 ta peshlavha o‘rnatildi.

            Bugun biz uchinchi renesansni barpo etish ostonasida turgan ekanmiz, davlatimizning iqtisodiy qudrati oshib borgani sari tilimiz mavqei ham shu qadar ahamiyat kasb etib boraveradi.

Har bir fuqaro davlat tilini yaxshi bilishi, ish yurita olishi, qadrlashi, muhofaza qilishi hamda rivojlantirish uchun o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Qadimiy va navqiron o‘zbek tilini kelgusi avlodga yanada boyitilgan holda yetkazish shu tildan foydalanuvchi xalqning muqaddas burchidir.

Akbar RUSTAMOV, 

Buxoro viloyat hokimining

 maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish

va hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

 qatʼiy rioya etilishini taʼminlash

 masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

09.11.2022 690