"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MILLATNING RUHI VA NURLI BOG‘ICHI

O‘zligimiz ko‘zgusi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ona tilimizning rivoji, ravnaqi, barqarorligi yo‘lida bajarilayotgan keng qamrovli ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, kuzatib, ishtirokchisiga aylanib turibmiz. Poytaxt Toshkentda ham bu borada samarali ishlar olib borilmoqda.

Shahar ko‘chalarida qad rostlagan ulkan inshootlar, ko‘rkam binolar nomlanishidagi xatoliklar, xorijiy tillarda yozilgan g‘aliz jumlalar, peshlavhalardagi tushunarsiz holatlarni bartaraf etish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi. Bu borada tuman hokimlarining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari tomonidan bozor va ko‘chalar, jamoat joylarida uchrayotgan reklama, tashqi yozuvlar muntazam o‘rganib borilmoqda. O‘rganish jarayonidagi noxush holatlar uchun obʼekt egalariga ogohlantirish xatlari berilib, tushuntirish ishlari doimiy ravishda olib boriladi.

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida, Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridagi reklama bannerlari qariyb to‘liq lotin yozuvida va davlat tilida taqdim qilinmoqda.

Shu o‘rinda yaqinda qabul qilinib, kuchga kirgan reklama to‘g‘risidagi qonun ham davlat tilining nufuzini oshirishga bevosita xizmat qilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga ko‘ra, Toshkent shahri va tuman hududida joylashgan barcha bino va inshootlarning nomlari, reklama eʼlonlari lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida yozilishiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Ammo, afsuski hali hamon baʼzi tadbirkor va ishbilarmonlar davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga bepisandlik va eʼtiborsizlik bilan qaramoqda. Bozorlar hamda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan baʼzi bir tadbirkor va ishbilarmonlarning o‘z ona tiliga bepisand munosabati, keng jamoatchilik vakillariga sezilarli taʼsir qilishini alohida taʼkidlamoqchiman. Chunki, ular bevosita xalq bilan muloqot qiladi, xalqning orasida bo‘ladi.

Yaqinda, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, yangi joriy etilgan norma – reklamalarning davlat tilida bo‘lishi, bu borada jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirishga doir davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlarning davlat tilining ijrosi va nazorati yuzasidan qizg‘in fikr, mulohazalari, taklif va eʼtirozlari tinglandi.

Davlatimiz rahbari ham deyarli har bir chiqishlarida yurtimizning dunyoga yuz tutmog‘i uchun eng avvalo, ona tilimizning nufuzini yanada oshirish, milliy tilimizga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirish zarurligi haqida ko‘p taʼkidlaydi. Darhaqiqat, til millat ko‘zgusi, erkin hayotimizning nurli bog‘ichidir. Ona tilimizning namunasi o‘laroq, reklama to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishi esa, ezgu ishlarmizning amaliy natijasi va davomi ekanligi bugun, ayni haqiqatdir.

Reklama davlat tilining ko‘zgusi, davlat tilining darajasini belgilovchi yaqqol vositasi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, poytaxt ko‘chalarida katta va kichik LED ekranlarda yal-yal tovlanayotgan turli xil mazmundagi reklamalar xorijdan O‘zbekistonga kelgan har bir xorijlikning ham eʼtiborini tortishi turgan gap.

Bugun O‘zbekistonning turizm salohiyati yildan-yilga ortar ekan, ona tilimizning barqarorligi, adabiy tildagi jamoaviy muloqotlarning rasman yo‘lga qo‘yilishi xalqimiz kayfiyatiga ijobiy taʼsir qilishini yoddan chiqarmasligimiz va qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlashimiz nihoyatda muhim.

Til sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, amalga oshirilayotgan ezgu ishlar kelajak avlodni ham, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga, O‘zbekistonda davlat tilini to‘laqonli joriy etilishi va taʼminlanishiga munosib hissa qo‘shishiga chorlaydi.

Akmal RO‘ZITOYEV,

Toshkent shahri hokimi maslahatchisi

16.11.2022 620