"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Bolangdan hurmat kutsang, otangni eʼzozla”

Bu voqea ikki yillar ilgari to‘y oldi “maslahat oshi”da sodir bo‘lgandi. Kimni qurbi nimaga yetadi, kim nima qo‘sha oladi kabi savollarga javob izlanayotgan payt. O‘ttiz yoshni qarshilab qolgan, ammo ancha “katta” ko‘rinadigan Mansur gapga qo‘shildi:

– Paxan,shu to‘yda usilitel, artistni men viruchat qilsamda, rublni maydalab. A, bu Zafar bratan erta biz to‘y qilsak otvetini qiladiku-a. Knigasiga shunaqa yozilgan, tak chto...

– Sendan hech narsa kerakmas, baraka topgur kerakmas, – davra ahli guv etib unga yuzlandi. Negadir otaxonning tepa labi dir-dir titrardi, – oldin tilingni charxla, – dadil aytilayotgan bu gapda taʼkid, qatʼiyat bor edi. –To‘rt kun chetga chiqib kelib otang, onang bisotini loyga qoradigan bo‘ldingmi? Pul topib, aql topmagan deydi sendaqalarni. Dasturxon non-tuzini zahar qilma. Sadqai odam ket.

– Ey, boboy, nima bu? Endi... Mansur umid bilan to‘ybolaning otasi Zafarga boqqan edi, u ko‘rsatkich barmog‘ini og‘zini ustiga qo‘ydi,“jim” degandek.

– Bas. Boshim omon bo‘lsin desang, tilingni asra. Otang bir umr yer kavlab senga rizq tutdi. Halol yedirdi, sen bo‘lsa... Oq sut bergan onang rozi bo‘lsin desang, u alla aytgan tilda gapir. To tilingni sozlamas ekansan, elga qo‘shilma. Chiq, uyimdan. Sensiz ham o‘tar shu to‘y.

Uning gapi tugar-tugamas davrani to‘rida savlat to‘kib o‘tirgan Barot ota bir tebrandi.

Ha, bu tomonlarda to‘yga kelma deyishlik eldan chiqqanga ishora. Ikki yil chetda ishlab, o‘zni dunyo ko‘rganga chiqarib, o‘zbek tiliga rus so‘zlarni qo‘shib gapirishni odat qilgan Mansur kabi kimsalarni nari itarish uning uchun o‘lim bilan barobar. O‘shanda to‘y mavzusini chetga surib otaxonning keskin dakki bergani davra ahlini tarang hayratga solgandi. Sababini shu yerda jam bo‘lgan yoshi ulug‘lar bilgani boismi hech kim oraga tushmadi. Kayvonining qizishishi bejizga emas.

U qishloqdagi maktabda ona tili va adabiyoti fanidan dars bergan. O‘shanda yigirma yoshlarda edi. Bir gal tekshiruvga “kattakonlar” kelganida, uning sinfiga ham kirishdi. “Barot malim”bolalarga mehr bilan saboq berayotib, Abdulla Qodiriyning “O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar” degan gapini aytdiyu, “balogina”ga qoldi. Zamon qaltis edi, o‘sha paytlarda. Uch kun tinmay “oblono”ga chaqirishdi, “po‘stagini qoqishdi”. Tong otarga yaqin sudralib uyga kirib keladi. Partiya safidan o‘chiramiz, seni maktabdan haydaymiz deyishdi. Elning bolalariga taʼlim berishda “millatchilik” qilayotgan ekan. O‘shanda, yuragini qora quyun bosgani, tuganmas dard ichida to‘lg‘ongani rost. Kechasi bilan oh urib, nola chekkanlari yodida. Shu yurt, shu xalq farzandi bo‘la turib, o‘z yozuvchisining gapini ayta olmasa, qorako‘zlarga yetkaza olmasa kim bo‘ldi, o‘qituvchilikning sharafi nimada? Xalq farzandi bo‘lgan yozuvchi, shoirning biron-bir sheʼr yoki naqlini gap orasida ham bo‘lsin, qistirib o‘tib keta olmasa, ona tili fani degani qayerda qoladi. Uch kunda sochi oqardi. Ishdan haydaldi. Shu sabab bo‘ldiyu, to‘rt yil maktab ostonasiga yo‘latishmadi. O‘sha kunlarni o‘tgani o‘tgan bo‘lsin. Tilga hurmat, uni qadrlash hissi – jon qadar aziz ekanini yil o‘tgani sari anglamoqda. Ota-onasini sog‘ingan kezlarda ularning pand nasihatlarini yodga olganda – til masalasi or, nomus, g‘urur bilan bog‘liq ekanini biladi. Ha, xalqimiz bejizga“Bolangdan hurmat kutsang, otangni eʼzozla” deya aytmagan.

Bugun Barot otaga o‘xshaganlarning qalbida yana quyosh porlamoqda. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yuksaltirish yo‘lidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 21-oktyabr –O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi, qonun qabul qilindi. Ehtiyoj bor edida. Qashqadaryo viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ish boshlab, buni yaqindan anglamoqdaman.

Til tuganmas boylik, xazina. Xazinani noyob qiladigan, qimmatini oshiradigan bu – uning duru javohirlari bo‘lsa, biz uni boyitishga hissa qo‘shishimiz kerak emasmi? Qaysi sohada ishlamaylik baʼzida tushunarsiz so‘z yoki jumlaga duch kelib qolsak, filolog, mutaxassisga murojaat etgan joyimiz bormikin? Lug‘at titkiladikmi? O‘z ona tilimizni bilmasligimizni tan olgimiz kelmadi. Taʼlim maskanlarining ro‘parasiga imlo xatolar bilan “bejalgan” ko‘cha yozuvlarini ilib qo‘yganmiz. Bola aytganga emas, ko‘rganiga ishonadi. Taʼlimning muhim sharti bu, avvalo, ibrat, namuna bo‘lishlikdir. Farzandga kitob o‘qi, kitob o‘qi desangizda, ammo o‘zingiz telefon “kovlab” o‘tirsangiz, telefon dastagini “Privet, privet, qandaylar?” deb ko‘tarsangiz...

Bu yo‘ldagi ishlarni amalga oshirish uchun birlashish darkor. Bu davr talabi! Tadbirkorman deya, ko‘ngilga kelgan so‘zdan yorliq tayyorlab, do‘kon peshtoqiga ilib qo‘yish urf bo‘lgan. “Grand”, “Angel”, “Butik”, “Volna”,“Madam”, “Astoriya”, “Master”, “Posudani zo‘ri”, “Mister”, “Zakazga tovar keltiramiz”. Hamyurtimizning tadbirkorligi, mahsulot ishlab chiqarishiyu, savdo sotiqdagi ishi tahsinga loyiqdir, ammo o‘zi yashab turgan zamini, unga rizq tutgan davlat tiliga hurmatsizlik, bepisandlikni – xiyonatga tenglagim keladi. Nega deysizmi? Til – elning boyligi, pokiza dasturxoni. Ko‘pning haqiga notoza qo‘lni tiqib bulg‘amoqdan og‘ir gunoh yo‘qdir. Shoir Muhammad Yusuf aytgani kabi, yurakni tirnab bir nola o‘tadi: Ona tilim, kechir meni, ona tilim. Tilning ravnaqi va sayqali yo‘lidagi ishlar albatta, ko‘pning ishi. Bunda jamoatchilik nazoratining ahamiyati yuksak. Ularning orasida siz va biz o‘z o‘rnimizni yana-da teranroq tushunsak, nur ustiga aʼlo nur. Bu ulug‘vor ishga hissa qo‘shish esa, albatta savob. Ajdodlar merosini asrab avaylash uchun burchlimiz. Shu yo‘lda jasorat, fidoiylik ko‘rsatgan ziyolilar xotirasi oldida bosh egib, ular boshlagan ishlarni davom ettirmoqlik azmi aʼmolimiz bo‘lmog‘i kerak.

Tilimiz g‘aznasini ohista ko‘zdan kechirib afsus uyatdan yuz qizarib ketmoqda. Siz va meni ulg‘aytirgan, dunyoqarashimizni shakllantirgan, yurakni junbushga keltirgan so‘zlarni biz hech qanday maʼnosiz, siyog‘i yo‘q, yurakka yetib bormaydigan, quruq so‘zlarga almashmoqdamizku? Goh bilib, goh bilmay. Bundan bir necha yillar ilgari – ayirboshlash, taqvim, nusxa ko‘chirish, do‘kon, majmua, loyihalash, yorliq, quvvatlash, tuzilma deya so‘zlashgan bo‘lsak, bugun market, kserokopiya, dizayn, komplekt, tekst, fenomen, tovar, direksiya, unitar, infratuzilma, fond kabi so‘zlarni hech qanday og‘riqlarsiz ishlatmoqdamiz.

Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining ravnaqi uchun qator ishlar qilindi, ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Lug‘atlar chop etildi. Bu kabi ishlarni yana-da ko‘paytirish, ildamlab ketayotgan zamon zaylining shiddati bilan baqamti bo‘lish vazifasi ilgari surilmoqda.

Til taraqqiyotini belgilashning bosh mezoni kitobxonlik ekani bugun tobora ayon bo‘lmoqda. Qanchadan qancha o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari chop etilmoqda. Mamlakat rahbari tashabbusi bilan kitobxonlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buyuk mutafakkir, adib, yozuvchi, shoirlarning asarlari lotin alifbosida chop etilyapti. Orada anchayin uzilish bo‘lgan edida. Men yoshligimda qo‘limdan qo‘ymay o‘qigan asarlar kirill alifbosida, farzandim maktabda lotin alifbosini o‘rgangan. Bugun mana shu ehtiyojlarga barham berilyapti. Davlat boshqaruv organlarida davlat tilida ish yuritish, masʼul xodimlarni masʼuliyatini oshirish, ko‘cha yozuvlari, peshlavhalarni maʼnaviyatimizga mos bo‘lishini taʼminlash, geografik obyektlarni nomlanishida uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lida hamfikr bo‘lib ish olib borilmoqda. Maqsad yagona hazrat Navoiy yakqalam qilgan, Bobur, Qodiriy, Cho‘lpon, A.Oripov, M.Yusuf jon berib sayqallagan ona tilimiz qaddini tiklamoq, o‘zbekcha fikrlab, o‘zbekcha gapiradigan avlodni tarbiyalashdan iboratdir. Bu yo‘lda, yaʼni Ibrat bobomiz aytgani kabi vataniy ishda birlashish istagidasiz, safimizga qo‘shiling. Onamiz tilini ardoqlab, qadr topish sharafi muborak bo‘lsin!

Ziyoda AMINOVA,

Qashqadaryo viloyat hokimining

Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini

taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

21.04.2020 617