"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili: faqat rasmiy idoralar bilan cheklanish kifoya qilmaydi

Xalqni xalq qilib turadigan omillardan asosiysi – til. Tarixdan bilamizki, qavmlar ona tilini unutishi oqibatida boshqa elatlarga qo‘shilib, madaniy singishib ketish hollari ko‘p yuz bergan. Masalan, forsiyda so‘zlasha boshlagan turkiylar yoki turkiyda gaplasha boshlagan forsiylar keyinchalik genetik ildizlaridan uzoqlashib, til egalarining nomini olgan, o‘zlarini qaysi millatga mansub deb bilish borasida ham evrilishga uchragan.

Til muloqot vositasi sifatida juda kuchli mafkuraviy quroldir. Ehtimol, to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Til, bu – mafkura”, deganimiz aniqroq bo‘lar. Chunki, masalan, hindcha bilgan odam axborotni asosan shu til vositasida olishga odatlanadi, o‘z-o‘zidan mazkur millat muhitiga ko‘nikib boradi. Ana endi ona tilidan umuman bexabar, miyasining “yegan-ichgan”i o‘zga iqlim mevalari bo‘lgan toifalar haqida nima deyish mumkinligini tasavvur qilib olavering. Adliya vazirligining qonunchilik tashabbusidan jazavaga tushganlarning aksariyati “o‘zimizning begonalar” ekani hayratlanarli emas, aslida.

Bilasiz, islom dinining keng tarqalishi bilan Sharqda arab tili millatlararo muloqot vositasiga aylandi. IX-XIII asrlarda forslarning milliy ruhi kuchayishi, ziyolilarining jiddi-jahdi bois bu til ham ustuvorlikka erishdi. Biri ilm lisoni bo‘lsa, ikkinchisi adabiyot zaboniga aylandi. Dastlab Qoraxoniylar, keyinchalik Temuriylar shafeligida turkiy tilimiz xalqaro maqom kasb etdi. Ayniqsa, Alisher Navoiydan so‘ng eski o‘zbekchada ijod qilish “Xitodin to Xuroson” va undan narilarda ham urfga kirdi.

Uzoqdan kelayotganimning boisi, biror til hech qachon shunchaki tarix sahnasiga chiqib qolmaydi. Til egalarining milliy ruhi mustahkamligi, ishboshilarning maqsadda sobitligi, ziyolilarning saʼy-harakati asosiy omil bo‘ladi. Hozir o‘sha qatʼiyatimizni ko‘rsatishning ayni zamoni keldi. O‘zbek tilining chinakamiga davlat tili maqomiga ko‘tarish yo‘lidagi qadamni hech ikkilanmasdan tashlashimiz shart.

Taniqli huquqshunos Nuriddin Murodov Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasini ikkinchi qism bilan to‘ldirish kifoya qilmasligini taʼkidlamoqda. Bunga “Davlat tili haqida”gi qonunning 24-moddasi asos qilib olinib, shu doira uchungina jarima belgilangan, deydi u.

Qonunning 8–23-moddalari talablarini bajarmaganlik uchun esa javobgarlik qamrab olinmagan. Nima qilamiz yana ehtiyotkorlikka berilib, yana ortga surib? O‘zbek tilini faqat davlat idoralarida ish yuritish jarayoniga to‘liq tatbiq etibgina qolmay, hayotimizning barcha jabhalarida keng istifoda qilish, ko‘pmillatli mamlakatimizda millatlararo muloqot tiliga aylantirish payti kelmadimi? Butun dunyoda shunday-ku: rivojlangan davlatlarda ham, rivojlanayotgan davlatlarda ham.

Shu kecha-kunduzdagi voqealarni kuzatib, beixtiyor 1989 yilga qaytgandek bo‘lyapmiz. O‘zbek tilini davlat maqomiga ko‘tarish maqsadi elimizni qanday birlashtirgan edi-ya? Farqi, hozirgi saʼy-harakatlar zamonning zayli bilan internetda, onlayn tarzda namoyon bo‘lmoqda. Aytmoqchimanki, tarix takrorlanib, maʼmuriy javobgarlik belgilanganidan so‘ng hammasi oldingiday eski hammom, eski tosligicha qolib ketmasligi kerak.

Eng birinchi navbatda o‘zbek tilida taʼlim olish sifatini tubdan oshirish zarur, toki hatto ziyolilarimiz ham bolalarini boshqa tildagi maktablarga berishni bas qilsin. Internet makonida o‘zbekcha axborot olish imkoniyatini ham kengaytiraylik.

Boshqa millat vakillari yoki yurtimiz mehmonlariga o‘zbek tilini beminnat o‘rgatish amaliyotini sistemali ravishda yo‘lga qo‘yishni kechiktirib bo‘lmaydi. Bu borada oliy taʼlim muassasalari va nodavlat o‘quv markazlari ham tashabbus bilan chiqishini kutamiz.

Shoir-yozuvchilar, tarjimon, jurnalist va olimlar, ayniqsa, tilshunoslar ijtimoiy masʼuliyatni chuqur his etib, jamiyat oldidagi vazifalarini sidqidildan bajarishlari, o‘zbek tili qudratini kuchaytiradigan va ko‘lamini kengaytiradigan amaliy harakatlarga o‘tishlari zarur. Xalqimiz topib aytganidek, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi, azizlar!

Norqobil JALIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

29.04.2020 593