"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tilida ish yuritish: masʼuliyat, burch va javobgarlik

Til – ijtimoiy hodisa. Uni tabiat qonunlariga aloqasi yo‘q. Uni rivojlantirish ham, barbod qilish ham insonning qo‘lida.

Odamzodga yo‘qdan bunyod etish buyurilmagan, yo‘qdan bor qilolmaydi. Lekin borini rivojlantirish, boridan o‘ziga qo‘layini, mukammalrog‘ini barpo etish uchun aql berilgan.

Shu bilan birga, tabiat boyliklarini yo‘qotgan, yo‘q qilgan insonning o‘zi.

O‘zini anglagan, kelajagini o‘ylagan millat borki, o‘z tilini, qadriyatini, madaniyatini, maʼnaviyatini asrash uchun kurashgan, kurashadi – boyliklarini asragan millatning kelajagi bor.

O‘zbek tili, uning qudrati, shukuhini kimgadir isbotlash uchun birgina shu tilda ijod qilgan, o‘zbek millatining buyuk namoyandalari sharafiga 36 davlat, 74 ta davlatda ular sharafiga o‘rnatilgan yorgorliklarda ham bilsa bo‘ladi.

Ajdodlarimiz tomonidan tilimiz boyligi bo‘yicha qanchadan qancha bitiklar bitilgan bo‘lsa, mamlakat rahbarlari tomonidan Davlat tili maqomini mustahkamlash borasida tinimsiz qarorlar, farmonlar, qonunlar qabul qilingan.

Yaqin 4 yil davomida qabul qilingan millatning iqtisodi, siyosati, huquqi hamda maʼnaviyati borasidaga hujjatlar o‘zining tarixiyligi bilan ahamiyatli.

Shu borada yaqinda qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42- moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi, avvalo tilimizni yana-da hayotiyligini mustahkamlaydi hamda qonuniy zamirini taʼminlaydi.

42-modda ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda, yaʼni ushbu moddaga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan besh borabarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” degan to‘ldirish kiritilmoqda.

Asosli to‘ldirish, avvalroq kiritilishi lozim bo‘lgan to‘ldirish hamda bu ikkinchi qism ish yuritish hujjatlarimizni anchayin tartibga soladi.

Ammo, Qonun qabul qilinishi boshqa, uni hayotga tadbiq etilishi boshqa, unga amal qilish va ijrosini taʼminlash boshqa narsa.

Avvalambor, qonun qabul qilinishi jarayoni bilan birgalikda idora, korxona, tashkilotlar hamda muassasalar, hokimiyat tizimlarida “Davlat tilida ish yuritish” masalalarini ham mustaqkamlashimiz zarurdek. Buning uchun:

– barcha taʼlim muassasalari bitiruv sinflari, guruhlari, kurslari uchun alohida “Davlat tilida ish yuritish” maxsus kurslari taʼlimini yo‘lga qo‘yish lozim. Bugungi kunda ushbu kurslarning dars mavzulari til va adabiyot fanlari mavzulariga qo‘shib yuborilgan. Bu mavzu bolalarimizga to‘liq yoritilib berilmagan.

– O‘quv dargohlari bitiruvchilari, vazirlik, korxona, tashkilotlar, hokimiyatlar uchun ilmiy asoslangan yagona “Davlat tilida ish yuritish” qomusiy qo‘llanmasini chop etilishi lozim. Deylik, ish yuritish hujjatlari qanday yozilishini bog‘chada, maktabda, kollejda, akademik litseyda, oliy o‘quv yurtida hamda ishxonalarda bir xil ekanligini yoshlarimiz bilsin, bu boradagi ishlarimiz tizimli bo‘lishi lozim. Bugungi kunda turli mualliflar hamda turli nashriyot va turli davrlarda chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarida hujjatlar ham turli yuritilishi yozilgan – chalkashlik ko‘p.

-shuningdek, ish yuritishda Davlat tiliga amal qilmagan, uni qo‘pol tarzda bo‘zgan korxona rahbari bilan birgalikda o‘sha hujjatlarni tayyorlagan xodimga ham intizomiy chora ko‘rilishi lozim.

- har bir tashkilotdagi barcha ish yuritish hujjatlari, tashqi eʼlonlar, reklamalar, xizmat guvohnomalarida yozuvlar asosan, Davlat tilida bitilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tilidir.

Shuningdek, 9- moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi. Qonunning 10-moddasiga ko‘ra esa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga 42-modda ham umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Xalqimizning xohish irodasi birinchi o‘rinda. Xalqning xalq, millat sifatida to‘la shakllanishi hamda o‘zligini rivojlantirish yo‘lida uning tilini ish yuritish hujjatlaridagi rolini oshirish yo‘lida qilingan har bir to‘g‘ri qadam esa tahsinga loyiqdir.

Mohira Xodjayeva

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzosi.

30.04.2020 947