"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimiz – borlig`imiz

Har bir millatning qon-qoniga singib ketgan fe’l-atvori, ma’naviy tafakkuri avvalo, uning milliy tilida, shevasida aks etishi shu millatning o`ziga xosligi ifodasi demakdir. Til biz uchun necha asrlar davomida sayqal topib, shakllangan, suronlardan omon qolgan omonatdir. 

Xizmat yuzasidan hududdagi ko`rkam, peshtoqiga ajnabiy tilda  nom bitilgan, dong`i ketgan tadbirkorlik sub’yektigi tashqi yozuvlarni ko`zdan kechirdim. Shaharda obro`yi baland, sokin, aholining eng sevimli dam olish maishiy maskani. Tadbirkor bilan suhbatlashar ekanman, bino peshtoqidagi so`zni o`zgartish zarurligi, o`zbek tilining davlat tili sifatida mavqei va nufuzi, peshlavha va e’lonlar  qaysi tilda ifodalansa, aholida shu tilga bo`lgan munosabatning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etishi to`grisida gapira boshladim. Tushuntirganim sari tadbirkorning yuzida istehzoli tabassum yugurar, peshlavhada “brend” ilinganligi, fikrim uni mutlaqo qiziqtirmasligi haqida seskanmay, xotirjam so`zladi.

Ota-bobolari o`zbek bo`la turib, shu Vatanda yashab, uning non-tuzini tatib, bola-chaqasiga rizq-nasiba topayotgan, o`z tilida emas, o`zga tilda bulbuligo`yodek  biyron so`zlab, o`z tilidan tonadigan ushbu kabi kimsalarga “...unda o`z diningni, urf-odatlaringni, hattoki o`zbekcha ismingni ham rasman o`zgartir!!!” degim keladi.  Bunday rosmana o`zbeklar barcha sohada ancha topiladi. Zero, til bilish va o`z tilidan foydalanish tushunchalari farqlanadi.

Mustabid tuzumning tilimizga nisbatan haqoratomuz munosabati asoratidan qutilish uchun yana qancha vaqt  kerak....       

Yaqinda Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo`yilgan davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tom ma’noda bugungi davr farzandi qalbidagi kechinmalar, milliy tilimizning kelajagi uchun qayg`uli o`y va xayollarini larzaga keltira oldi. 

Savol tug`iladi: biz nega o`zligimizdan or qilamiz?

Bobolardan meros qolgan bebaho xazinamiz, Temur tig`i yetmagan hududlarni egallay olgan tilimizdan qachondan beri uyalish holatiga tushdik? Axir mustaqil Vatanda hech kimga qaram bo`lmay, erkin va osuda hayot kechirish baxtidan bahramandmiz-ku? 

Nega?

So`z san’atkorlari tomonidan yaratilgan sermazmun, xalqona, so`zlashuv uslubiga o`z ta’sirini o`tkaza olgan so`z va iboralarga boy asarlar mutolaa qilinmaganligidami?

Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda o`zbek tili fani o`qitilishini o`z holiga tashlab qo`yilganligi, ta’lim oluvchining o`zbek adabiyotidan bahramand bo`lmaganligidadir? 

Ehtimol milliy seriallarimizning qahramonlari nutqida arosatdagi tildan foydalanish yoki ko`pchilik yoshlarimiz uchun barkamol inson qiyofasidagi “zvezda”larimizning o`z ona tilini xor qilayotganligidadir???

Shu o`rinda, davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik va unga behurmat munosabatda bo`lganlik uchun nafaqat mansabdor shaxsga, balki shu zamindan nafas olayotgan har bir fuqaroga salmoqli javobgarlik belgilanishi, davlat tiliga sheriklikni da’vo qilayotganlar tomonidan ilgari surilgan  g`oyalarga o`tmishdagi tush sifatida qaralishi, eng asosiysi, ushbu hujjat lohihasi muhokamadan chiqarilib, favqulodda qabul qilinishi shart, deb bilaman. 

Mening ona tilim, munis, mehribon, 

Sen turkiy dunyoning g`olib xayoli – 

Seni yozajakman, tirilgan jahon. 

R.Parfi

Shu zaylda ketilsa, shoir  orzulari mamlakatimizda armonligicha qolaveradi.

Ona tilimizning mustaqilligi uchun xalqimizning necha-necha bilimdon farzandlari jonini tikib, qo`lga kiritilgan davlat tili maqomini amalda saqlab qolishda barcha birdek javobgar bo`lsin. Shundagina kutilgan natijaga erishiladi. Aks holda...

Oydin Xotamova

Zarafshon shahar hokimining

ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini

oshirish, davlat tili to`g`risidagi

qonun hujjatlariga rioya etilishini 

ta’minlash bo`yicha maslahatchisi

04.05.2020 714