"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Reklama – madaniyat, maʼnaviyatni ifodalaydi

Baʼzan shunday bo‘ladi, ko‘chada ketayotib yo‘l betidagi yozuvlarni bir-biriga ulab, hijjalab o‘qib ham biron bir maʼno topa olmaysiz. Xunobingiz oshadi, uning davlat tilida emasligi dilingizni xira qiladi, ayni mana shu ishga diqqatni oshirish haqida o‘ylay boshlaysiz.

Tilga bo‘lgan hurmat hissini oshirish, bu boradagi ishlarni namoyon etish haqida gap ketar ekan, albatta ko‘cha yozuvlari, peshlavhalarning joylashtirilishi va ularning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi asosiy eʼtiborda bo‘ladi. Negaki, tashqi reklama, ko‘chadagi yozuvlar o‘tgan-qaytgan kishiga dars beradi, yo‘l ko‘rsatadi va madaniyat, maʼnaviyatni ifodalovchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlari ijrosini taʼminlash hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablari doirasida – Qashqadaryo viloyatida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tashkil etilgan ishchi guruh aʼzolari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilyapti. Tadbirkorlik subyektlarining ayni bu boradagi maʼlumot va bilimlarini oshirish, sohaga oid huquqiy hujjatlarning ijrosini taʼminlash – kun tartibining dolzarb masalasi bo‘lmoqda.

Tashqi reklamaning joylashtirilishi, uning o‘rnatilishining tartibi bor. Bu huquqiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan. Ayni kunda katta ko‘chalar, bozorlar va yirik savdo majmualariga o‘rnatilgan peshlavhalar – qonun talablariga zid ekanligi aniqlansa, bartaraf etilyapti.

Qarshi shahridagi “Yerqo‘rg‘on” bozoridagi betartib joylashtirilgan tashqi reklama vositalari, peshlavha, banner va binolar peshtoqidagi yozuvlar olib tashlandi. Ularni  joylashtirish tartib bo‘yicha tadbirkorlarga tushunchalar berildi. Shuningdek, Qarlig‘bog‘ot, Amir Temur ko‘chalaridagi joy husniga dog‘ bo‘lib tushgan 100 dan ortiq ko‘cha yozuvi, tashqi reklama konstruksiyasi bartaraf qilindi. Bu kabi ishlar davom ettirilayapti.

Ziyoda Aminova

Viloyat hokimining maslahatchisi

07.05.2020 635