"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tiliga hurmat – insoniy burchimiz

Ilmning ham, axloqning ham kaliti tildir. Til insonning yuksak madaniyatini, chuqur bilimini, hissiyotini namoyish qiluvhi vositadir. Shuning uchun til qoidalarini mukammal bilish va unga amal qilish juda muhim hisoblanadi. 

Xalqimizda ona tilimiz bilan bog’liq juda ko’p naqllar, maqollar, hikmatli so’zlar bor. Deyarli barchasidan bir umumiy xulosa chiqarish mumkin. Buni muhtaram Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyevning quyidagi so’zlaridan ham anglash mumkin: ”Biz yoshlarimizning jahon tillarini egallashga bo’lgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim qo’llab-quvvatlaymiz. Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulug’ alloma, XX asr boshida olti tilli – o’zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug’at tuzgan Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli so’zlarini eslatmoqchiman: ”Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o’z ona tilini ko’zlariga to’tiyo qilib, ehtirom ko’rsatsinlar. Zero, o’z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.

Afsuslar bo’lsinki, jamiyatimiz orasida ona tilimiz bo’lgan o’zbek tiliga – davlat tiliga nisbatan bepisand munosabatda bo’layotgan, uning mavqeyiga putur yetkazadigan xatti-harakatlar qilayotgan, o’z ona tili qolib o’zga davlatlar, o’zga millatlar tilini ko’klarga ko’tarib, o’z ona tiliga nisbatan vijdonsizlarcha munosabatda bo’layotgan shaxslar ham uchrab turibdi. Shunday kishilarni ulug’larimizning bir so’zidan xulosa chiqarishlarini xohlardim: ”O’z tilini bilish odamiylik, o’zga tilni bilish bilimdonlikdir”.

Keyingi paytlarda hukumatimiz tamonidan davlat tiliga bo’lgan e’tibor ancha kuchaydi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-5850-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 34-sonli qarori shular jumlasidandir. Bu hujjatalar aynan zaruriyat yuzasidan, kerakli vaqtda va munosib tarzda chiqarildi deb hisoblayman.Sababi, ”Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganiga o’ttiz yildan oshgan, ”Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi Qonun qabul qilinganiga yigirma olti yildan oshgan bo’lsa-da, haligacha bu qonunlar ijrosi to’liq ta’minlangani yo’q.

Birgina yozuvni olaylik. Ko’pchilikka yaxshi ma’lumki, lotin yozuvi yer yuzida eng ko’p tarqalgan yozuv hisoblanadi. Bizning davrimizda jahondagi xalqlar 220 xil yozuvdan foydalangani holda, dunyo aholisining 30 foizdan ortig’i aynan shu lotin yozuvidan foydalanadi. Shuni inobatga olgan holda, O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1993-yil 2-sentabrda ”Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi Qonunni qabul qildi. Unga ko’ra, yangi alifboda 31 harf va 1ta tutuq belgisi joriy qilindi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995-yil 6-mayda bu qonunga ayrim o’zgartirishlar kiritish haqida qaror qabul qildi. Bu hujjatlarga binoan, yangi alifboga o’tish bosqichma-bosqich, ya’ni 1996-yil sentabrdan 2005-yil sentabrga qadar amalga oshiriladi deb ko’rsatilgan. Bu muddat adolatli bo’lgan, mening nazarimda, chunki 10 yil davomida bemalol yangi alifboga o’tish borasidagi masalalarga ulgurish mumkin. Qarangki, oradan biroz vaqt o’tib, yangi alifboga to’liq, uzil-kesil o’tish muhlati 2005-yildan 2010-yilga ko’chirildi.

Bu esa jamiyatdagi yangi alifboni o’rganishga kirishgan aholi vakillarining harakatini ancha sustlashtirib qo’yishiga sabab bo’ldi. Xo’p mayli, bu ham qandaydir muhim jihatlarni inobatga olib amalga oshirilgan deylik, lekin hozirgi kunimizda, oxirgi muhlatdan ham 10 yil o’tib ketgan bo’lsa-da, haligacha lotin yozuviga to’liq, uzil-kesil o’tilmaganini qanday izohlash mumkin?!

Qonun barcha uchun barobar, unga barcha birdek amal qilishi kerak deymiz-u, ko’pchilik respublika va hududiy nashriyotlarda chiqarilayotgan gazetalarimizning haligacha eski alifboda ekanligi, ba’zilarining faqat nomi yangi alifboda-yu, qolgan qismi eski alifboda berilayotganini qanday baholaymiz?! Yoki korxona va tashkilotlarning muhri, xos raqami lotin yozuvida-yu, ish yuritilishi, hujjat matni kirill alifbosida ekanligiga-chi?

To’g’ri, hozir yangi alifboga o’tish borasida ancha-muncha sa’y-harakatlar amalga oshirilyapti, lekin imloda ham ba’zan har xilliklar vujudga kelib turibdi.Birgina kirill alifbosidagi ”я” harfi ishtirok etgan so’zlar yozilishi bo’yicha ham darsliklarimizda, ommaviy axborot nashrlarida hattoki imlo lug’atlarda ham har xillik ko’zga tashlanyapti. Oy nomlarini yozilishini aytadigan bo’lsak, kirill alifbosidagi ”сентябрь”, “октябрь” so’zlari ba’zi darsliklarda ”sentabr”, ”oktabr” shaklida yozilgan bo’lsa, ba’zilarida ”sentyabr”, ”oktyabr” shaklida berilganini, kirill alifbosidagi ”ъ” belgisi ishtirok etgan so’zlar imlosi bo’yicha ham kirill alifbosidagi “объект”, “субъект” so’zlari yangi alifboda ba’zi o’rinlarda ”obyekt”, ”subyekt” ko’rinishida, ba’zi o’rinlarda ”ob’ekt”, ”sub’ekt” ko’rinishida uchramoqda. 

Bu kabi lotin yozuvi imlosi bilan bog’liq muammolar, ming afsuski, biror aniq yechim topmayapti. O’ylaymanki, imkon qadar tezroq to’la-to’kis barcha jabhalarni yangi alifboga o’tkazish, imlo bilan bog’liq muammolarni tilshunos olimlarimiz, mutaxassislar ko’magida hal qilib bir xillikka erishish lozim. Aks holda, davlat tilimiz va yangi alifbomiz mavqeyiga putur yetishi, keng xalq ommasi orasida davlat tilimiz va yangi alifbo - lotin yozuvi bilan bog’liq Qonunlarimizga nisbatan ishonchsizlik hissi paydo bo’lishi mumkin. Bu esa juda ayanchli holat bo’ladi.

Zero, muhtaram Yurtboshimiz o’z nutqida ta’kidlaganlaridek:”Har birimiz davlat tiliga bo’lgan e’tiborni mustaqillikka bo’lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz o’zimizdan, o’z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”.

Shunday qilsakkina haqiqiy ma’noda ishimizda unum va baraka bo’ladi, Vatanimiz va ona tilimiz oldidagi burchimizni halol va pokiza bajarayotgan bo’lamiz. Ulug’larimiz e’tirof etganlaridek, Vatandan olganimiz qarz, qarzni esa qaytarmoqlik farz hisoblanadi.

S.ISLOMOVA,

Uchquduq tuman hokimi maslahatchisi

08.05.2020 1242