"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Nomlarimiz milliy g‘ururimizga aylansin!

Dunyo tillari va o‘zbek tili

Manbalarda ko‘rsatilishicha, dunyoda 7000dan ortiq til bor. Shulardan 1400 ta tilning yo‘qolib ketish xavfi bor. Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo‘lgan deb hisoblanadi. O‘sha 40 tilning orasida o‘zbek tili ham borligi quvonarli. Lekin har qanday til, u nechog‘lik mukammal shakllangan bo‘lmasin, til auditoriyasi uning taraqqiyoti yoki tanazzulini belgilaydi. Til auditoriyasi – bu – tilning qo‘llanish ko‘lamining kengligi, undan foydalanuvchilarning til meʼyorlariga rioya qilishi bilan belgilanadi.

Tilimiz nufuzi yo‘lidagi islohotlar

2019 -2020-yil tom maʼnoda ona tilimiz rivoji hamda uning huquqiy maqomini mustahkamlash borasida tub burilish yili bo‘ldi:

Prezidentimiz tomonidan 4-oktabr kuni «Davlat tili haqida"gi qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarori imzolandi. 2019-yil 21-oktabrdagi tantanada Yurtboshimiz tilimiz rivojidagi muammolar va istiqbollarini aniq va ravshan ko‘rsatib berdi. Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda yana bir muhim qadam “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Ushbu Farmonda tilimiz rivoji bilan bog‘liq yaqin va uzoq istiqboldagi vazifalar, strategik rejalarning aniq negizi belgilab berildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmonga ko‘ra Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi va davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni tashkil etuvchi vakolatli davlat organi sifatida vazifalari belgilab berildi. Aytish mumkinki, o‘tgan qisqa muddat mobaynida ushbu tashkilot davlat tilini rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini olib borish uchun tilimiz ravnaqi yo‘liga g‘ov bo‘layotgan muammolarni aniqlash, fidoyilarni bir jabhaga birlashtirish va qilinajak ishlarni tizimli asosda tashkil qilish borasida asosiy ijrochi sifatida maydonga chiqdi.

Ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasi tashkil qilindi.

Respublikamizda ko‘zga ko‘ringan tilshunos, adabiyotshunos, shoir va yozuvchilar, maʼnaviyat targ‘ibotchilari jamlangan juda katta ishchi guruh tomonidan “2020 ― 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi va keng muhokamaga qo‘yildi.

21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Xullas, ushbu davr o‘zbek tili taraqqiyoti yo‘lida “ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”ga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Islohotlar har doim oson kechmagan

Davlat miqyosida aniq chora-tadbirlar belgilangan, bugun har bir yurtdoshimiz, agar taʼbir joiz bo‘lsa, tilimiz rivoji yo‘lida Navoiy bo‘lmog‘imiz lozim. Bu bir oz hissiyotga berilgan chaqiriq bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin bu chin haqiqat. Zero “Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir” (Sh.M.Mirziyoyev).

Ming afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlarda davlat tilining huquqiy maqomini mustahkamlash yo‘lida qo‘yilayotgan kichik qadamlar yuzasidan fikrlar “jang” i kishining g‘ashini keltirar darajaga yetdi. Jumladan, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan davlat tilida ish yuritishni taʼminlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi loyiha atrofidagi munozaralar, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimi Mariya Zaxarovaning davlatimizda olib borilayotgan til siyosati borasidagi o‘rinsiz fikrlari haqidagi muhokamalar bugun avj pallasiga yetdi. Har qanday qonun uning meʼyorlarini buzgan holatda unga nisbatan belgilangan jazo choralari bo‘lgandagina kuchga ega bo‘ladi. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan 42-moddasiga “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” degan to‘ldirish kiritilmoqda. Juda to‘g‘ri qaror! Biroq ushbu masala xususida ijtimoiy tarmoqlarda aholi tomonidan turli munosabatlar bildirilmoqda. Bu oddiy aholi uchun emas, mansabdor shaxslarga qaratilgan jarima ekanligini bilib-bilmay munosabat bildirishyapti. 30 yildan beri davlat tilini o‘rganmagan rahbarlarga qaratilgan bu qonun hujjati. Bu yerda biror bir tilning huquqiy maqomi kamsitilishi haqida gap ketmayapti. Har qanday o‘zini hurmat qilgan davlat o‘z tilini himoya qilishga haqli, bu hech qanday millatlararo nifoq keltirib chiqarishni xohlayotgan ayrim kuchlar uchun “tutantiriq” bo‘ladigan masala emas. 

Ushbu kodeksda, bizningcha, “Barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” deb belgilansa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bugungi sharoitda tadbirkorlik subyektlari bilan bog‘liq, ishlab chiqarish sohasida davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish uchun ham biror chora qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi lozim. Chunki davlat tiliga rioya qilmaslik ko‘p hollarda mana shu jabhalarda yuz bermoqda va, eng achinarlisi, shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib turgan inshootlar nomlari, aholi har kuni isteʼmol qiladigan mahsulot, uning yorliqlari, ko‘cha yozuvlari va peshlavhalarda tilimiz aksi ko‘rinmas ekan, unga nopisand munosabat davom etaveradi. 

Muammolar ko‘p...

Dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi. Bugun yurtimiz tarixi, obidalari, betakror tabiati bilan tanishish maqsadida yurtimizga xorijdan ko‘plab sayyohlar tashrif buyurayotgani quvonarli. Ular tomonidan o‘zbek qadriyatlarini chuqur hurmat va qiziqish bilan o‘rganayotganlarining guvohi bo‘layotganimiz ham bor gap. “Assalomu alaykum” kalomimizni zumda o‘rganib, qalampirnusxa do‘ppini boshiga qo‘ndirib, qo‘li ko‘ksida salom berishni o‘rganib olishgan xorijlik do‘stlarimizni ko‘rib naqadar g‘urur hissini tuyamiz. Biroq ular shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab sayr qilar ekan, o‘zi qiziqish bilan o‘rganishni niyat qilgan birorta o‘zbekcha so‘zni uchratmasligi naqadar achinarli va uyatli.

Bitta misol: internet tarmog‘i orqali restoran.uz saytiga kirib, ko‘ngilochar joylar nomlari, manzili, hatto ulardagi narxlar haqida ham maʼlumotga ega bo‘lish mumkin. Ushbu saytda bitta Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatadigan bunday obyektlardan 293ta restoran, 76ta banket zallari, 17ta karaoke, 331ta kafe, 36ta qahvaxona nomlari keltirilgan. Dastlab, restoran nomlari bilan qiziqdik: ZODA, QUYEENS, SARBON APPETIT, Myasnoy bar Grillades, Reddy‘s Bar & Grill, Sushi Bar №1, Osiyo Elite, Salom, Arbat, Chenson, Xon Atlas – Family Restaurant, Amphora, Zamok, Jumanji, China Town, Bek Catering, Positif, Verona, Prestige, Santini, Aist,Chikago Uno, Kitay, Pasado, Gasthaus, Dudek, Alexandra, Ariana, Maestro Restaurant, Zafar (Yevropa taomlari) , Marakanda, April, Tokyo, Majeur, Actor, Maristella Klub, “Mulla Dost” (Mashxadiy Food Servise OOO) Restoran, El Gaucho, Biyer Regen, Midori, Olimpiya, “Behruz” (“Welcome Allianse” OOO), Ogni Tashkenta, “Arisu Sarang” , Shohsaroy (“Nafis taom savdo” ЧФ)..... restoran nomlari ushbu saytning 3ta sahifasida keltirilgan ro‘yxat tartibi bo‘yicha keltirildi. Imlo xatolari ham saqlandi, ro‘yxatda o‘zbek tilidan boshqa xohlagan tildagi restoran nomlarini topishingiz mumkin, faqat o‘zbek tilida emas! Istagan qiziquvchilar ushbu 293ta ro‘yxat davomini oxirigacha ko‘rib chiqishi va xulosa qilishi mumkin.

Yurtimizda turizmning turli xillari rivojlanib bormoqda, tabiiy, sayyohlarni yurtimizga jalb qilishda O‘ZBEK millati qadriyatlarining o‘ziga xosligi jozibadorlik kasb etadi. Biz ota-bobolarimiz bunyod qilgan qadriyatlarga qo‘shimcha o‘zimiz bunyod qilgan qaysi qadriyatimiz bilan avlodlar oldida maqtanamiz? “Assalomu alaykum”dan o‘z safarini boshlab, dunyoga mashhur o‘zbek taomlaridan tanovul qilib ko‘rmoqchi bo‘lgan sayyohlarni bu ahvolda qaysi o‘zbek taomxonasiga taklif qilamiz? Eng achinarlisi, saytda yuqorida nomlari keltirilgan restoranlarning atigi 3tasida !!! o‘zbek taomlari tayyorlanishi, va, u ham bo‘lsa yevropa va boshqa taom turlaridan oxirgi ro‘yxatda turganligiga nima deysiz! Qani bizda milliy g‘urur, davlat tiliga hurmat-eʼtibor!

Prezidentimiz joriy yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi tantanalarida so‘zlagan maʼruzalarida jamoat joylarida, ko‘chalar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilayotganligi, bu masala jiddiy o‘rganib chiqilishi va tartibga solinishi zarurligi haqida kuyunchaklik bilan gapirdilar. Haqiqatan ham, ushbu masala tilimiz kelajagiga befarq bo‘lmayotgan har bir insonning ko‘nglidagi eng og‘riqli masalalardan biridir.

Keyingi yillarda respublikamizda ishlab chiqarish, savdo-sotiq obyektlari, korxona, muassasa, firma, mahsulotlarga xorij tillarida nom qo‘yish urfga aylanib bormoqda. Ayniqsa, keyingi uch-to‘rt yil ichida nom yaratishda inglizcha yoki so‘zlarga murojaat qilishga ruju qo‘yilmoqdaki, buning sabablarini turlicha izohlash mumkin.

Birinchidan, ishlab chiqarish, savdo obyektlari, korxona, muassasa, firma o‘z nomi yoki mahsulotini xorijiy tilda nomlash orqali isteʼmolchilar eʼtiborini o‘ziga jalb qilishni ko‘zda tutgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, xorijiy nom orqali ishlab chiqarish, korxona, firma, savdo obyektlari o‘z mahsulotini jahon bozoriga olib chiqishni nazarda tutgan deb taxmin qilish mumkin.

Har qanday holatda ham, bizning nazarimizda, har bir davlatda ishlab chiqarish, savdo obyektlari, korxona, muassasa, firma savdo obyekti, mahsulotga, avvalo, shu davlatning milliy tilida nom berilishi maqsadga muvofiq. Nomning boshqa tillarda berilishi, bir tomondan, milliy tilimizga soya solish, uning qo‘llanish doirasini cheklash, sofligiga putur yetkazishga olib kelsa, boshqa tomondan, kishilarda milliy tilga bepisandlik kayfiyatini hosil qiladi.

Bugungi kunda respublikamizda ingliz, rus tillarida yoki bu tillar birliklari ishtirokida yaratilib, amalda qo‘llanilayotgan mahsulot nomlari ham ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Xohlagan do‘konga kirib, peshtaxtalardan o‘rin olgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan nom ostidagi mahsulotlarni bir nazardan o‘tkazsak, ahvol haqida xulosa qilish qiyin emas. Bir qarashda bular shunchaki oddiy masala bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Shusiz ham muammolarimiz yetarli, bir tomonda jahon pandemiyasi, ikkinchi tomonda texnogen ofatlar, ular keltirib chiqargan iqtisodiy muammolarni bartaraf qilish yo‘lidagi саъай-ҳаракатлар.... Nomi qanday bo‘lsa ham mahsulotni ishlab chiqaribdi-ku, otasiga rahmat o‘sha tadbirkorlarning deyishimiz mumkin. Lekin shuni unutmaylikki, biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan eng buyuk qadriyat - ona tilimizni bus-butunligicha, boyliklariga zavol yetkazmasdan kelajak avlodga yetkazishga masʼulmiz. Aks holda, ona tiliga nopisand munosabat davom etaveradi. Kelajak avlodimiz “Nasha kasha” ni ichib katta bo‘ladi, milliy ertak qahramonimiz Zumrad qolib Mashaga ergashadi. Benissimodan tort, Korzinkadan produkta, Gurman Burgerdan ujin qilib katta bo‘lgan bir avlod bunyod bo‘ladi...

Nima qilish kerak?

Ishlab chiqarish, savdo obyektlari, korxona, firma, mahsulotlar, uning brendiga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xal¬qimizning milliy anʼanalari va mentalitetiga yot bo‘lgan to‘qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o‘zbek adabiy tili meʼyorlariga mos bo‘lishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyekti bilan shug‘ullanuvchi ommani nomlash (neyming) texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy ko‘rsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zaxirasini yaratish dolzarb muammolardan biridir.

Ayni paytda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanib borayotganligini hisobga olsak, bir-birini takrorlamaydigan, yangi nomlarni topish ham oson emas, albatta. Mana shularni inobatga olgan holda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi rahnamoligi ostida ishlab chiqarish, savdo obyektlari, kompaniya, firma, mahsulotlarga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xal¬qimizning milliy anʼanalari va mentalitetiga yot nomlar berilishining oldini olish, ularning O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi Qonuniga mos bo‘lishini taʼminlash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar, nomlar zaxirasini yaratish ishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “O‘zbekcha nomlash laboratoriyasi” o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan mazkur masala yechimiga bag‘ishlangan “O‘zbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha uchun mablag‘ ajratilib, o‘zbek tilida nomlar bazasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Internet tarmog‘ida barcha tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar uchun uznom.uz sayti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sayt orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kishilarga firma, korxonalari, savdo obyektlari, ishlab chiqargan mahsulotlari uchun milliy nomlar taqdim etiladi. Yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat turi orqali nom yaratish jarayonida o‘zbek tili meʼyorlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yiladi.

Albatta, yurtimizda barpo qilinayotgan yangidan yangi turarjoylar, zamonaviy inshootlar, ishlab chiqarish korxonalariga milliy g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimiz meʼyorlariga mos holda to‘g‘ri nom berishga yurtdoshlarimiz o‘zlarini masʼul deb bilishsa, milliy nomlar ana shu obodlikka yana-da yarashiqli bo‘ladi. Bu o‘z ishlab chiqarishi, savdo do‘konlari, maishiy xizmat obyektlari, tibbiy xizmat muassasalari, xususiy o‘quv markazlari va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini yo‘lga qo‘yayotgan har bir millatdoshimiz uchun hayotiy zarurat bo‘lishi bilan birga, ijtimoiy burch hamdir. 

Muyassar Saparniyazova, 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

20.05.2020 943