"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ko‘mirga aylangan umr

Xalq maqollari, matallarida bir hikmat bo‘ladiki, u hikmatli so‘z deb ataladi va asrlar osha og‘izdan og‘izga ko‘chadi.

Gap ko‘p, ko‘mir oz, degan iborada men chuqur ma’no, tagdor fikr ko‘rmadim. Suhbat cho‘zilsa sandalning cho‘g‘i sovub qolgani uchun shunday deydilarmi? Bu gapda ne badiiyat, ne hikmat bor?

O‘ylashimcha, bu ibora aslida gap ko‘p-ku, umr oz bo‘lgan.

Ku yuklamasining keyingi so‘zga qo‘shilib ketishidan umr ko‘mirga aylangan. Asliyatni tiklasak, dunyoning dardini aytishga umr yetmaydi, degan falsafiy xulosa chiqadi.

Bu singari zamonlar osha tildan tilga o‘tib, so‘zlari, harflari o‘zgarib ketgan, asl ma’nosini yo‘qotgan maqol va matallar ko‘p.

Xalqda Mehmon otangdan aziz, Ustoz otangdan ulug‘ degan hikmat bor. Biror aqlli zot, otadan ulug‘, otadan aziz inson bo‘lmaydi, deb aytgan chog‘i, keyingi vaqtda Mehmon otangdek aziz, Ustoz otangdek ulug‘ deyish urf bo‘ldi.

Otadan ulug‘ va aziz kishining yo‘qligi haqiqat. Aynan shuning uchun ham bu tashbeh ishlatiladi. Maqol xalq ijodi. Ijod badiiyatsiz, badiiyat mubolag‘asiz bo‘lmaydi. Inson boshi toshdan qattiq, deymiz. Toshdan qattiq narsa yo‘qligi uchun shunday deymiz. Tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit, degan gap bor. Tog‘ni maydalab bo‘lmasligi uchun bu maqol qudratli va boqiy. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan odam bo‘lmaydi. Soch bilan ko‘cha supurilmaydi, ko‘z yoshi bilan suv sepilmaydi. Lekin yor yurgan ko‘chalarni supuray sochim bilan, changi chiqsa suv sepay ko‘zlardagi yoshim bilan, deya kuylanadi. Buni lutf deydilar. Zavqi yo‘q odam lutfni anglamaydi. Bir do‘stimiz bo‘lardi. Latifa aytsalar kulmas, “yo‘g‘-yey, bunaqa bo‘lishi mumkin emas” deb turardi. Shu do‘stimiz adabiy tanqidchi bo‘ldi, lekin adabiyot nima ekanini, go‘zallik nima ekanini anglamay xo‘mraygancha dunyodan o‘tib ketdi.

Mehmon otangdan ulug‘, deganda biz avvalo otani ulug‘laymiz. Otadan aziz, otadan ulug‘ zotning yo‘qligini mubolag‘a vositasi bilan tasdiqlaymiz.

Nega men bu arzimas xatoga yopishib oldim? Gap shundaki, odamlarda tafakkur kuchi ortgani sari tasavvur kuchi kamayib bormoqda. Zavq-shavq o‘rnini sovuq hisob-kitob egallamoqda. Aql va yurak bahsida hissiyot yengilib, quruq mantiq g‘alaba qilmoqda. Bu jamiyat uchun xatarli hol. O‘zbek askiyani unutsa, do‘stona hazillarni esdan chiqarsa, so‘zning latofatini anglamay qolsa, bu falokatdir.

Maqolni tahrir qiluvchi hushyor do‘stlarga maslahatim bor: Agar “dan” o‘rniga “dek” qo‘shishni juda xohlasangiz, xalqning boshqa bir iborasi borki, uni shunday tahrir qilsa savobli ish bo‘ladi.

“To‘ylar qiling, qamishdan bel bog‘lab xizmat qilay,” deydilar. Aslida qamishdan bel bog‘lash emas, qamishdek bel bog‘lab xizmat qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Qamish necha bo‘g‘inli bo‘lsa shuncha karra beli bog‘liq. Ichining bo‘m-bo‘shligi yemay-ichmay xizmat qilishga, shamolda tebranishi tinch turmaslikka, ish uchun egilishga, yelib yugurishga timsol. Xipchaligi, ingichkaligi esa mehnatga shay turgan yosh yigitchadek. Mana buni hikmat desa bo‘ladi.

Shu o‘rinda ozroq “lirik chekinish”. Qamish mumtoz adabiyotimizda sadoqat ramzi hisoblanadi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning mashhur bayti o‘zbekchada shunday :

Tingla naydin, ne xikoyatlar qilur,

Ayriliqlardan shikoyatlar qilur.

Ya’ni, nay aslida qamish edi. Botqoq to‘qayda o‘sgan edi. Uni kesib nay qildilar, saroyga keltirdilar, baxmallarga o‘rab oltin naqshli g‘iloflarga soldilar. E’zozlab, suyib labga bosdilar. U esa nola qildi, faryod ko‘tardi. O‘zi o‘sib ungan to‘qayzorini sog‘indi. Hashamatli saroylarni, topgan izzat ikromini asl makoni bo‘lgan tashlandiq qamishzorga almashtirolmadi. Shu bois naydan hamisha nola ohangi chiqadi.

Vatanga sadoqat, yurt sog‘inchi haqida aytilgan abadiyatga daxldor bayt! Xazrat Navoiy aytganlaridek, g‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish.

Bir baytga shuncha mazmun sig‘dirolgan, birgina qamishdan shuncha falsafiy xulosalar chiqargan mavlonodek buyuk ajdodlarimizni o‘rganish o‘rniga yoshligimizning oltin damlarida “Shumel kamыsh” ni aytib yurdik. Mana buni yonib ketgan fursat, ko‘mirga aylangan umr desa bo‘ladi...

So‘z mulkining sultonlarini anglash uchun avvalo o‘zimizning jo‘ngina xatolarimizni anglamog‘imiz lozim. Chuqur fikr qilmay poyma-poy gaplar aytish, o‘zimizga oson qilish uchun so‘zning yarmini yutish, ismlar, joy nomlarini tanib bo‘lmas darajada qisqartirish tilga behurmatlikdan boshqa narsa emas.

Ko‘zingni och, oyoq ostingga qara, degan gapni qisqacha qilib, ko‘zingga qara, deymiz va qiziqchilarimizga kulgu bo‘lamiz. So‘zni qisqartirishga juda ustamiz. Muhammad Rahim degan ismni Mamaraim, bu ham uzun tuyulib Maraim deymiz. Xorazmlik esa Mirim deydi qo‘yadi. Anjan, Angren, Buvayda, Rishton, Xo‘jalandarbuva... ro‘yxatni uzoq davom etdirish mumkin. Bu nomlar o‘z asl ma’nosini yo‘qotib bo‘lgan.

Dushmanni yakson qilamiz, deyish ham qisqartish natijasidagi mantiqsizlikdir. Yakson degani barobar, teng demakdir. Dushmanni yer bilan, tuproq bilan yakson qilinadi.

To‘yga chorlaganda taklif qilamiz, yoki lutfan tashrif buyurishingizni so‘raymiz, deyiladi. Bizga birinchi jumla o‘ta qisqa, ikkichisi o‘ta uzun tuyulib, o‘rtachasini tanlaymiz: Lutfan taklif qilamiz! O‘zimiz bilmagan holda mehmonni kamsitib, o‘z shaxsimizni ulug‘laymiz. Bu haqda yozmagan tilchi, gapirmagan adabiyotchi qolmadi. Bizning xato odatimiz ham yo‘qolmadi.

Bu gaplar tilshunos olimning hukmi emas, bir qalamkashning o‘ylari xolos. Sizning ham ko‘nglingizda shunday og‘riqli gaplar ko‘p. Lekin, menga gapirishni kim qo‘yibdi, deya indamaysiz, bahsga kirmaysiz. Vaholanki, til hammamizniki. Faqat tilshunoslarga bog‘lab berilgan tomorqa emas.

Ilm ham, ijod ham bahs bilan tirik. Ma’rifat izlagan inson xato qilishdan cho‘chimaydi. Ma’rifatli inson birovning xatosidan kulmaydi. Bilmasang gapirma, jim o‘tir, demaydi. Xatoni tuzatadi, o‘z fikrini aytadi. Xato aytgan ham qizarib bo‘zarmaydi. Bahs qiladi, yo “fikringiz ma’qul,” deydi.

Og‘zingni yum, ovozingni o‘chir, degan so‘zni tug‘ilgandan o‘lguncha eshitamiz. Jim bo‘lish bizga asrlar davomida singdirilgan. Xujayralarimizga jo bo‘lgan. Yashagan yurtimiz o‘chgan ovozlar mamlakati bo‘ldi. G‘uncha to og‘zini ochdi, bo‘ldi vayron oqibat degan she’rlar bizni tarbiyaladi. Ozod va mustaqil bo‘lib ham ichki xavotirdan to‘la forig‘ bo‘lmadik. Darhaqiqat, shahar qurish osonu ongni o‘zgartish qiyin ekan.

Bu so‘zlardan murod ona tilimiz jonkuyarlarini bahsga chorlash, dadil fikrlar bildirishga chaqirmoqdir. Tanqiddan, e’tirozdan cho‘chimang. Faqat aytganlaringiz sukunat daryosiga cho‘kib ketishidan, hech kim munosabat bildirmasligidan, lom-mim demasligidan qo‘rqing.

Fikrat ― daryo, g‘aflat ― ko‘lmakdir,

Daryo―hayot, ko‘lmak― o‘lmakdir.


                                                                                                                                     Erkin Vohidov,

                                                                                                                                     "So‘z latofati".



27.05.2020 2056