"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

QADRSIZLANGAN TILIM

Mamlakatimiz aholisi o‘rtasida xorijiy tillarga, ayniqsa, ingliz tiliga e’tibor juda kuchayib bormoqda. Bu bilan xorijiy tillarni o‘rganmanglar deyishdan yiroqman. Odamlar o‘z tili qolib boshqa tillarni o‘rganishga “qattiq kirishdilar” shekilli, qayerga bormang yoki qaramang, ayniqsa yoshlar orasida tuturiqsiz, mantiqsiz so‘zlarni eshitishga qulog‘imiz, o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalariga bo‘ysunmagan yoki chet tilda yozilgan har xil yozuvlarni ko‘rishga ko‘zimiz ko‘nikib bormoqda.

Qaysi bir ijtimoiy tarmoqqa qaramang, ona tilimizga e’tibor susayib ketgani haqida qanchadan-qancha tanqidiy maqolalar yozildi, hozir ham yozilmoqda, bundan keyin ham yoziladi. Chunki tilimizga bo‘lgan e’tibor va uning bugungi ahvoli shunga muhtoj.

Har kuni ishga, bozorga, o‘qishga boramiz. Qayerga qaramang xatolarga, xorijiy til (ayniqsa, rus va ingliz tillari)da yozilgan peshlavha, e’lonlarga ko‘zingiz tushadi. Peshlavha va e’lonlarni yozgan yurtdoshlarimiz qalbida o‘z ona tiliga, xalqiga, vataniga bo‘lgan hurmat tuyg‘usi bormikan? O‘z ona tilida to‘g‘ri yozishni bilmasdan chet tillarida reklama, afishalar chiqarishi mantiqsizlik emasmi?

Ayrim ko‘chalardan o‘tsangiz, o‘zingizni Rossiya yoki Amerika Qo‘shma Shtatlarida yurganday his qilasiz. Chunki kundan-kunga zamonaviylashib, chiroy ochib borayotgan ko‘chalarimizda o‘zbek tilida yozilgan matnlarni uchratish mushkul bo‘lib qoldi. Yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi yuzasidan hokimlik va boshqa idoralar tomonidan ma’lum chora-tadbirlar belgilanishiga qaramay aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari bu masalaga panja orasidan qarayotgani tashvishlanarli hol. Istalgancha ajnabiy tilda reklama berish, istalgan tilda nom qo‘yish avj olayotgani fikrimiz tasdig‘idir.

Bir tomondan olib qaraganda har bir fuqaro – iste’molchi. Shuning uchun fuqarolar tomonidan reklama peshlavhalaridagi qo‘pol xatolarni tuzatish, xorij tillarida berilgan nomlarni almashtirishni talab qilsa, kutilganidan ham yaxshi natijalarni berishi aniq. Shu bilan birga, qonunchilikda xorijiy tillardagi so‘zlardan foydalanishga ma’lum bir cheklovlar qo‘yilsa, o‘z ona tilimizdagi so‘zlardan foydalanish birmuncha kuchayishi turgan gap.

Reklama beruvchi yoki reklama agentligi xatolarga e’tiborsizlik bilan qarasa, uni bartaraf etish uchun hech qanday chora ko‘rmasa, xatolarni bartaraf etish masalasiga e’tiborsizlik bilan qaragan reklama beruvchi shaxs yoki reklama agentligining xatti-harakatlarini mensimaslik yoki e’tiborsizlik va past nazar bilan qarash deya ta’riflab, ularni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha normativ xujjatlar ishlab chiqilishi kerak, deb o‘ylayman.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, reklamalarda davlat tilini ishlatishda xatolarning oldini olish na “Davlat tili haqida”gi qonunda va na “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda tartibga solingan. Reklama va e’lonlarda uchrab turadigan qo‘pol imlo xatolari uchun kim javobgar? Reklama beruvchimi yoki reklama agentligi? Bu kabi savollarga, afsuski, javob yo‘q.

Yoshlar deganda xayolingizda birinchi bo‘lib 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar gavdalanadi. Ayrim yoshlarning kiyinish madaniyati ham, o‘zini ko‘cha-ko‘yda tutishi ham o‘zgarib ketgan. Lekin hozir biz ularning yurish-turishi, kiyinishi haqida gapirmoqchi emasmiz. Mavzudan chetlashmagan holda ularning ona tilimizga bo‘lgan munosabati haqida fikrlashmoqchimiz. Bu “ommaviy madaniyat” deganlari qanday balo ekanki, nafaqat katta yoshli tajribaga ega ba’zi ustozlarni, yoshlarni ham o‘z domiga tortib ketmoqda.

Ko‘chalarda yoshlarni ko‘p kuzataman. Ularning so‘zlashish jarayonida qanday so‘zlardan foydalanayotgani, so‘zlarni o‘rinli yoki o‘rinsiz qo‘llayotganiga e’tibor qarataman. Deyarli har doim fikrlarim salbiy bo‘ladi. Nega deysizmi? Oddiy bir misol (bu hol sizda ham bo‘lgan), ayrim katta yoshdagi ziyoli kishilar, yoshlar so‘zlashuv davomida xorijiy ayniqsa, rus tili va ingliz tilidagi so‘zlarni ko‘p qo‘llaydi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, sobiq ittifoq davrida shakllangan katta yoshdagi odamlar rus tilida, hozirgi zamon yoshlari ingliz tilidagi so‘zlardan foydalanadi. Sof, chiroyli, so‘zlarga boy ona tilimiz turganda, boshqa tillardan foydalanishning nima keragi bor? Ayrim ziyoli insonlar til me’yorlariga rioya qilmasa, bozorda pista sotib o‘tirgan sotuvchidan nimani kutish mumkin? Davlat tilining, jonajon milliy tilmizning qadrsizlanishi shu emasmi?



Q.Astonov,

Navoiy viloyat hokimi maslahatchisi


29.05.2020 778