"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • O‘zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish va xalqaro nufuzini oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir

O‘zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish va xalqaro nufuzini oshirish har birimizning muqaddas burchimizdir

Dunyo tamaddunida millatning o‘zligini, xalqning takomil darajasini belgilovchi muhim omillaridan biri – til hisoblanadi. Ona tilining rivoji, unda yaratilgan osori-atiqalar, ma'naviy merosning ko‘lamiga hamda ona tilini o‘rganish, tahlil etish ko‘nikmasining shakllanishiga qarab millatga baho beriladi.

1989-yil 21-oktyabr sanasida “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi davlatchiligimiz tarixida haqiqiy ma'naviy jasorat va fidoyilik namunasi bo‘lgan desam, adashmayman. Chunki bu O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari tashlagan ilk qadamidir. O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi ayni shu tilda e'lon qilindi. Bosh qomusimiz – Konstitusiya o‘zbek tilida yaratildi, Davlat madhiyasi jahon bo‘ylab jaranglamoqda, 120 dan ziyod millat vakillarining bir osmon ostida tinch, osoyishta, ahil yashashiga imkon yaratildi.

Davlat tili borasidagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilganligi, o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta'minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 34-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida boshqa vazirlik va idoralar qatori bevosita O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkiliy tuzilmasida ham vazirning ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Bu, o‘z navbatida, har bir soha kabi jismoniy tarbiya va sport sohasida ham o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirish, vazirlik hamda vazirlik tizimidagi tashkilot va muassasalar ish yurituvida bo‘lgan barcha me'yoriy hujjatlar davlat tilida rasmiylashtirilishini ta'minlash, barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, e'lonlar, reklama materiallarining davlat tili haqidagi, geografik obyektlarning nomlari va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishiga erishish, shuningdek, malakali mutaxassislar, tilshunos olimlarni jalb etgan holda, turli davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazib borilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlat tomonidan sportga bo‘lgan alohida e'tibor hamda mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy sport infratuzilmasining yaratilayotganligi natijasida, bugungi kunda aksariyat aholimiz sport bilan shug‘ullanishni o‘z hayot tarziga aylantirmoqda, qolaversa, farzandlarining sport bilan shug‘ullanishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib bermoqda.

Bu bizga nima beradi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu xalqimizning jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlashda juda katta yordami hisoblanadi. Ya'ni keyinchalik ushbu shug‘ullanuvchilar orasidan mahalliy sportchilar, sportchilardan esa mahalliy murabbiylar safi yanada kengayib boraveradi. Demak, biz tomondan sport ta'limi sohasida olib boriladigan davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarimiz bilan o‘zaro uyg‘unlashgan holda katta kuchga aylanadi va, albatta, o‘z ijobiy natijasini beradi deb o‘ylayman.

Zero, jismoniy tarbiya va sport sohasi nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xalqaro maydonlarda ham o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini yuksaltirish borasida o‘z o‘rniga ega. Buni quyidagi ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

O‘zbek kurashi xalqimizning turmush tarzi, ma'naviyati, milliy madaniyati va mentalitetini o‘zida aks ettiruvchi qadriyatimiz, milliy sport turidir. U xalqimizning ko‘pgina etnik xususiyatlarini mujassamlashtirgan marosim sifatida ham qadrlanadi. Uning shakllanishi qadim tarixga ega. Olimlarimiz Qadimgi Baqtriya (ya'ni O‘zbekistonning janubi) hududidan topilgan arxeologik topilmalarga tayanib (sopol idishlarda ikki polvonning kurash usullari aks ettirilgan), o‘zbek kurashining ildizlari kamida uch yarim ming yillik tarixga ega ekanligini qayd etishadi. Kurash ajdodlarimiz turmush tarzining bir qismi sifatida Klavdiy Eliyanning (II-III asr) yozma manbalarida, o‘zbek xalq qahramonlik dostoni “Alpomish”, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk”, Alisher Navoiyning “Hamsa”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, Zayniddin Vosifiyning “Badoye ul-vaqoe'”, Husayin Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai Sultoniy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi asarlarida ifodalangan, ularda kurash haqida ma'lumotlar berilgan.

Keyingi yillarda asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va halollikning timsoli sifatida e'zozlanib kelingan, o‘zbek xalqining tarixiy merosi – “Kurash” milliy sport turini qayta tiklashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Sport jamoatchiligi hamda davlatimiz tomonidan bevosita ko‘llab-quvvatlanishi natijasida kurash xalqaro sport turi sifatida e'tirof etildi.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish joizki, o‘zbek tilining davlat tili sifatida shakllanishi uchun asosiy omillardan biri sifatida o‘z tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan o‘zbek kurashi bilan bir qatorda “Belbog‘li kurash”, “Turon”, “O‘zbek jang san'ati” kabi milliy sport turlari bilan ham bog‘lash o‘rinli bo‘ladi. Shu bois, o‘zbek tilining jahon hamjamiyatidagi o‘rnining yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shuvchi boshqa milliy sport turlarini ham Osiyo va jahon miqyosidagi xalqaro musobaqalar dasturlariga bosqichma-bosqich kiritish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Davlat tili borasidagi islohotlarning davomi sifatida mamlakatimizdagi har bir vazirlik va idoralar kesimida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilganligi hamda maslahatchilar oldida turgan eng asosiy vazifalar sifatida “Davlat tili haqida”, “Geografik obyektlarning nomlari” hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarning ijrosini vazirlik va idoralar kesimida tizimli ravishda to‘g‘ri tashkil etish bilan bir qatorda, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi xalqaro nufuzini oshirish borasida ham jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, sport sohasining tajribali mutaxassislari, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda o‘z hissamizni qo‘shishga astoydil xarakat qilamiz hamda buni o‘zimizning fuqarolik burchimiz deb bilamiz.


Zokir RASULOV,

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining
ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini
ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

"Sport" gazetasidan olindi.

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

24.06.2020 4136