"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILIMIZ XAZINASINING KO‘ZGUSI

O‘z taraqqiyotining tamomila yangi bosqichiga dadil qadam qo‘yayotgan mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘layotgani kabi davlat tilining o‘rni va nufuzini oshirish borasida ham tub burilish jarayonlari boshlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bu borada qilinadigan ko‘lamli ishlarning to‘laqonli tarhini chizib berar ekan, bu ishlarning pirovard natijalarini quyidagicha ifoda etdi: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”. Har bir fuqaroning ongu shuurida ana shu qoidaning salomatligi va sobitligi yurt yuksalishining ham, mamlakat mustaqilligi muhofazasi muntazamligining ham garovidir.

Mazkur tarixiy nutqda ta'kidlanganidek, “dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Albatta, bu bebaho boylik, buyuk qadriyat milliy o‘zlikning asriy ildizlari sifatida o‘zbek qavmining ona tili sifatida o‘zbekning milliy-ma'naviy dunyosini charog‘on qilib tursa, davlat tili sifatida ko‘p millatli mamlakatimiz fuqarolari qalbiga bir davlatga, bir yurtga mansublik, birdamlik tuyg‘ularini joylaydi, ularni yagona davlat ramzi sanalmish bayroq, gerb, madhiya kabi muqaddas timsollar singari bir yurtning sadoqatli farzandlari o‘laroq birlashtiradi. Aytish mumkinki, ana shu ma'noda o‘zbek tili O‘zbekistonda faqat bir emas, balki ikki ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-ma'rifiy vazifani bajarmoqda, ana shunday zalvorli va muazzam vazifalarni yelkasiga ortmoqlagan holda takomil yo‘llaridan jadal odimlamoqda. 

Davlatimiz rahbari 2020-yilning 21-oktyabr kuni imzolagan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomining hayotimizning barcha jabhalarida to‘la-to‘kis joriy qilinishi uchun tegishli chora-tadbirlar aniq belgilab berilgan, mazkur maqomning muntazamligi uchun davlat va boshqa tashkilotlar, fuqarolarning mas'ullik intizomi ko‘rsatilgan. Aytish joizki, bir necha o‘n yillar davomida tilimiz rivoji borasida jonlana olmagan vositalar faol va samarador harakatga keldi. Hukumatimizning bu boradagi ishlarni jadallashtirishga qaratilgan bir qancha qarorlari va aniq rejalari tasdiqlandi, yana bir qancha rejalarga tartib berish ustida ish olib borilmoqda.

Besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni takomillashtirish va nashr etish mazkur rejalarda belgilangan muhim ishlardan biri edi. Fransuz adibi Anatol' Fransning “Lug‘at alifbo tartibidagi butun olamdir”, degan gapi aslo mubolag‘a emas. Lug‘atlar — dunyo, jamiyat hayotining oynasi, zotan, tilning so‘z boyligi benihoya sezgir barometr sifatida xalq hayotidagi har qanday o‘zgarishlarni aks ettiradi. Shuning uchun ham eng qadimgi davrlardan boshlab dunyo tilshunoslik tafakkuri tarixida lug‘at va lug‘atchilik deyiladigan faoliyat alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, Sharqda lug‘at tuzishday savobli yumushga katta hurmat bilan qaralgan. Bu o‘rinda ahli olam e'tirofini qozongan Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy kabi ko‘plab ulug‘ allomalarimiz nomini iftixor bilan tilga olish mumkin. Mamnuniyat bilan aytish lozimki, bizda lug‘atchilik an'analarining ildizlari behad qadim va baquvvat.

Albatta, lug‘atlarning barcha turlari til taraqqiyoti va muhofazasida muhim, ammo ular orasida izohli lug‘atlarning o‘rni va ahamiyati favqulodda o‘zgachadir. Izohli lug‘atlarni har qanday tilning bosh lug‘ati deyish mumkin, chunki ularda so‘z ma'nosining tavsifi bilan bir qatorda so‘zning kelib chiqishi, to‘g‘ri yozilishi, tarqalishi, uslubiy nozikliklari, fonetik-ma'noviy tadriji, o‘z yoki boshqa tillardan o‘zlashganligi, hududiy mansubligi kabi jihatlarga daxldor ma'lumotlar ham o‘rni bilan joy oladi. Tildagi har qanday so‘z, asosan, uch yo‘l bilan yuzaga keladi va tilning boyib-ranginlashib borishiga xizmat qiladi. Bu uch yo‘lni ma'rifatparvar bobomiz Fitrat bunday tavsiflaydi: “Dunyo o‘zgarib turadir. Hayot kundan yangilashib boradir. Yuz yil burungi ota-bobolarimizning tushlariga ham kirmagan bir ko‘b hodisalar, narsalar maydonga chiqib turadir. Bular uchun yangi-yangi otlar taqash lozim bo‘ladir. Biz bularning otlarini yo yangidan yasaymiz (uchg‘ich, uyushma, boshqarma kabi), yoxud yotlardan olarmiz (elektrik, telefon, poyizd kabi), yo unutilib ketgan eski so‘zlarimizni yangidan tirgizamiz (qurultoy kabi). Shu uch yo‘l bilan tilimizga yangi so‘zlar kirgizish qabul etmasak, tilimizni boyimoqdan to‘xtatgan bo‘lamiz (“Adabiyot qoidalari” asari).” Bu uch yo‘l u yoki bu tarz yoki yo‘sinda izohli lug‘atlarda o‘z tajassumini topadi. Ayni paytda tildan to‘g‘ri va maqsadga tamomila muvofiq foydalanishda, matn mazmunini to‘la va teran anglashda, lug‘atlarning, xususan, izohli lug‘atlarning o‘rni qiyossizdir. Buning ustiga, ayniqsa, izohli lug‘atlar tilning taraqqiyot darajasini ham tugal tasavvur qilish imokniyatini ham beradi. Ana shu mulohazalar inobatga olinsa, izohli lug‘atni boshqa lug‘atlar uchun ham ona lug‘at deyish mumkin. Shuning uchun ham izohli lug‘atning dunyo lug‘atchiligidagi salmog‘i ayrichadir.

Shuni ham qayd etish joizki, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol'klori instituti olimlari hukumat tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq, shu yil oxiriga qadar mazkur 5 jildli izohli lug‘atning lotin alifbosidagi to‘ldirilgan varianti, “Davlat tilida ish yuritish”, “O‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy terminlari izohli lug‘ati”, “Xalqaro terminoelementlarning izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” kabi o‘nga yaqin kitobning nashrini amalga oshirish ustida ish olib bormoqdalar Albatta, hali qilinadigan ishlar juda ko‘p, qadimiy va boy tilimizning betakror imkoniyatlarini to‘lig‘icha inkishof qiluvchi xilma-xil tadqiqotlar, ilmiy-ommabop nashrlar, o‘quv adabiyotlariga ehtiyoj katta, turli sohalarga oid lug‘atlar, qomusiy adabiyotlar yaratishni ham davrning o‘zi talab qilib turibdi. Har bir ziyoli jamiyatimizda, ayniqsa, yoshlarimizda teran til tuyg‘usi va rost so‘z sevgisi barqarorlashmog‘i uchun mas'ul ekanligini hech qachon unutmasligi lozim. Ana shunday tuyg‘u va sevgi Vatanga bo‘lgan adoqsiz muhabbatning beshigidir.

Nizomiddin MAHMUDOV,
O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
filologiya fanlari doktori, professor


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
30.06.2020 1524