"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ADABIY TIL BARCHA UCHUN BIRDEK TUSHUNARLI BO‘LISHI LOZIM

Bu davrdagi o‘zbek tilshunosligining o‘ziga xos jihatlari, adabiy tilning shakllanishi, dastlabki imlo qoidalarining ishlab chiqilishi, milliy alifboning tartibga solinishiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi vatandoshlarimizning faoliyati, ularning ilmiy merosi Fitrat, Cho‘lpon, Elbek, Ashurali Zohiriyni hisobga olmaganda, deyarli o‘rganilmagan. Istiqlolga qadar nashr qilingan adabiyotlarda o‘zbek tilshunosligi 40-yillarda shakllana boshlagan, degan fikr ustuvor bo‘lib, 20-30-yillar o‘zbek tilshunosligi deyarli inobatga olinmadi. Vaholanki, o‘sha davrda mukammal alifbosi, muayyan qoidalarga solingan adabiy til bo‘lishini orzu qilgan, shu yo‘lda o‘z jonini qurbon qilgan, tarix sahifalariga “jadidlar” nomi bilan kirgan millatparvar bobolarimiz o‘zbek tilshunosligining rivojiga ulkan hissa qo‘shishgan.

Millatimizning shunday qahramonlaridan biri Shokirjon Rahimiydir. U haqidagi ma'lumotlar juda kam.

Yosh Rahimjon 1903-1909-yillar orasida otasining qo‘lida xat-savodini chiqargach, madrasada, usuli jadid maktabi va rus-tuzem maktabida o‘qigan. Bu davr tarixiga oid hujjatlar o‘rganilishi jarayonida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, u 1910-1911 yillar oralig‘ida Turkiyaning Istanbul shahriga o‘qishga yuborilgan. Toshkent tuzem (yerli xalq yashaydigan) qismi politsiya kapitani Kolesnikovning 1911-yilda Turkiston rayon qo‘riqlash bo‘linmasi boshlig‘iga yozgan xabarnomasida Munavvarqori boshchiligidagi ziyolilar iqtidorli yoshlarni Turkiyaning Istanbul shahriga o‘qishga yuborishayotgani, bularning orasida Shokirjon Rahimiy ismli o‘ta nochor oiladan chiqqan yigit ham borligini yozadi. Bu ma'lumotdan Shokirjon Rahimiy kambag‘al oiladan chiqqani, Munavvarqori Abdurashidxonov homiyligida Turkiyada tahsil olib qaytgani ma'lum bo‘ladi.

O‘zbek ziyolilari orasida taniqli shoir va pedagog sifatida tanilgan Tangriqul Maqsudiy o‘z xotiralarida Shokirjon Rahimiyning Toshkentdagi Ulug‘bek maktabida mudir bo‘lganini aytib o‘tadi: “Shu choqlarda men o‘qitaturgan Ulug‘bek maktabiga Shukribek isminda bir turk zobiti Shokirjon Rahimiy o‘rniga mudir bo‘lib keldi”.

1917-yilgi fevral inqilobidan so‘ng milliy istiqlol orzusi bilan yashagan mahalliy ziyolilar o‘sha yilning iyul oyida “Turk adam markaziyat” firqasini tashkil etganlar. Sh.Rahimiy mazkur firqaning faol a'zosi bo‘lgan. Keyinchalik “Turk adam markaziyat” firqasi va “Ittihod va taraqqiy” tashkiloti zaminida “Milliy ittihod” tashkiloti shakllandi. Tashkilotning yuzaga kelishida Munavvarqori Abdurashidxonov va Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘jaev tashabbuskor bo‘lganlar. Shokirjon Rahimiy ham “Milliy ittihod” tashkiloti faollaridan biri edi.

Shokirjon Rahimiy Fitrat, Cho‘lpon, Qayum Ramazon, Elbek kabi o‘z davrining yetuk namoyandalari bilan bir qatorda xalqni savodli qilish, milliy til va adabiyotning sofligini saqlash, adabiy til va imlo muammolari bo‘yicha izchil faoliyat yuritdi. U Fitrat tomonidan tashkil qilingan “Chig‘atoy gurungi” tashkilotining faol a'zolaridan biri edi. Bu haqda adabiyotshunos Naim Karimov bunday yozadi: “Fitratdan tashqari, “gurung”da Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Shorasul Zunun, Cho‘lpon, Elbek, Botu, Saidahmad Nazirovlar a'zo bo‘lganlar. Ular Xadrada umumturk tili va adabiyotini o‘rganish bo‘yicha pulsiz kurslar tashkil etib, shahar maktablaridagi ko‘plab muallimlarni o‘z darslaridan bahramand etganlar”.

“Chig‘atoy gurungi” faoliyati tugatilgandan so‘ng 1922-yilda Munavvaqori Abdurashidxonov tashabbusi bilan o‘zbek ziyoli qatlami manfaatlarini himoya qiluvchi “Nashri maorif” jamiyati tuziladi. Viloyatlarda ham uning bo‘limlari tashkil qilinadi. N.Karimov jamiyatning Toshkent shahridagi bo‘limi hay'ati Shokirjon Rahimiy (rais), Munavvarqori Abdurashidxonov (rais o‘rinbosari), Mirkomil Aliev (kotib), Saidnosir Mirjalilov (xazinachi), Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon), Xolmuhammad Oxunov, Tolibjon Musaboev, Zufar Nosiriy, Abdulla Avloniy, Salim Tillaev kabi maorif va madaniyat fidoyilaridan tarkib topganini aytadi. Shokirjon Rahimiy rahbar bo‘lgan jamiyatning asosiy maqsadi quyidagicha edi: o‘zbek adabiy tili, atamashunosligi va imlosini ishlash, milliy san'at to‘risidagi bilimni o‘rganish va tarqatish, o‘zbek xalqining tarixi va maishiy hayotini o‘rganish, o‘zbek maktablarida ta'lim va tarbiya masalalarini yo‘lga qo‘yish, o‘zbek xalq ta'lim xodimlari va san'at arboblariga yordam ko‘rsatish, Turkiston, Rossiya va xorijdagi oliy hamda quyi maktablaridagi o‘zbek o‘quvchilari sonini oshirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish, aholi o‘rtasida mavjud bo‘lgan o‘tmish sarqitlari va fanatizmga qarshi kurash yo‘li bilan o‘zbek xalqini madaniy jihatdan o‘stirish edi. 

Ko‘rib turganimizdek, jamiyat o‘z oldiga millat taqdiri, kelajagi uchun juda katta maqsadlarni qo‘ygan edi. Shokirjon Rahimiy ham bu sharafli yo‘lga butun umrini bag‘ishladi. Rahbarlik faoliyati bilan bir qatorda teatr truppasida qatnashdi, aholi o‘rtasida turli mavzularda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordi, “Ishtirokiyun” gazetasining tashkilotchisi bo‘ldi, darsliklar yozdi, o‘qituvchilik qildi, o‘zbek tilida ish yuritish muammolari bilan shug‘ullandi.

1924-1931-yillarda Cho‘lpon bilan birga o‘z faoliyatini Moskvada o‘zbek yoshlar uchun tashkil qilingan fakultetda mudir lavozimida davom ettirdi. O‘sha davrning taniqli ziyolilaridan biri, “Nashri maorif” ko‘magida Germaniyada o‘qigan Abduvahob Murodiy vatanga qaytishda Moskvada Shokirjon Rahimiy bilan uchrashganini yozadi: “Germaniyadan qaytganda Maskovda Nabi Rasuliy, Cho‘lpon, Shokirjon Rahimiylar ila ko‘rishdim”.

Guvohi bo‘lganimizdek, Shokirjon Rahimiy faoliyati, uning ilmiy merosi hali o‘rganilgani yo‘q. Tilshunos olimlar Hasanboy Jamolxonov va Abdusalom Umarov tomonidan arxiv materiallari asosida e'lon qilingan “O‘zbek yozuvining XX asr tarixi” kitobida olimning 3 ta maqolasi e'lon qilindi. Ulardan birinchisi “Qizil bayroq” gazetasining 1922-yil 22-mart sonida “O‘zbek imlosi to‘g‘risida asoslar (Maorif qurultoyig‘a)” nomi bilan e'lon qilingan. 1921-1925-yillarda jadid ma'rifatparvarlari tomonidan adabiy til, termin (istiloh), alifbo va imloni takomillashtirishga, arab grafikasidagi eski o‘zbek yozuvi bilan o‘zbek tili fonologik tizimi o‘rtasidagi nomutanosiblikka barham berishga, yozuvni isloh qilishga qaratilgan takliflar o‘rtaga tashlangan, ularni amalga oshirish uchun Toshkent, Samarqand va Buxoroda konferensiya va qurultoylar o‘tkazilgan, ana shu tadbirlar oldidan turli gazeta nashrlarida mutaxassislar fikrlari berib borilgan, o‘zaro munozaralar, tortishuvlar ommaviy nashrlar orqali amalga oshirilgan. Shokirjon Rahimiyning ham mazkur maqolasi “Nashri maorif” jamiyatining til, imlo masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan qurultoyi oldidan yozilgan edi. 

“Har qaysi xalq adabiyotining mukammalligi shu xalqning til va yozuvining tartiblik va qoidalik bo‘lishiga bog‘liqdir. Tartibsiz va qoidasiz til va yozuv bo‘yicha tuzilgan adabiyotning bir kun emas bir kun inqirozga uchrashiga hech shak-shubha yo‘qdir. Til jon bo‘lsa, yozuv uning badanidir. Sog‘ bo‘lmagan bir tanda jonning uzoq yashamog‘i qiyindir”, deb yozadi olim. Maqolada usmonli turk va shimol turklari (tatarlar)ning matbuoti ta'sirida ularda bo‘layotgan alifbo, imlo muammolari bizga ham kirib kelgani, lekin dastlabki davrlarda tajribali maorifchilar bo‘lmagani sababli bu narsa dastlab taqlidchilikdan nariga o‘tilmagani aytiladi. O‘tgan to‘rt yil mobaynida maorif sohasida bilimli yoshlar yetishib chiqqani, yetarli tajriba to‘plangani natijasida “imlochilar” (xalq tili bilan aytganda, “ona tilichilar”) yetishib chiqqani bilan faxrlanadi.

U o‘zbek imlosi oldida turgan qator muammolarni sanab o‘tadi: 

- Alifbo muammosi. Tilimizdagi asosiy kamchilik uning yozuvida ekanligi, arablar ham bu yozuvni boshqa millatdan (finikiylardan) o‘zlashtirib, o‘z tiliga moslagani, biz esa ulardan hech o‘zgarishsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirganimiz oqibatida o‘qish, o‘qitish ishlarida qiyinchiliklarga duch kelinayotgani aytiladi.

- Unlilar miqdori masalasi. Tilimizda qo‘llanilayotgan unlilar miqdori yetarli emasligi, bir harfning ham unli, ham undoshni ifodalashi ilmiy jihatdan to‘g‘ri emasligi, unlilar miqdorini o‘zbek tilining ichki tabiatini hisobga olgan holda belgilash taklifini bildiradi.

- Tildagi qalinlik, ingichkalik, ya'ni singarmonizm masalasi. O‘zbek tilida tovushlarning qalinlik, ingichkalik shakllari mavjudligini aytib, singarmonizm qonuniyatini ma'qullaydi.

- Alifbodagi harflarning shakliy miqdori masalasi. Arab yozuvida ba'zi harflar 4 xil (so‘z boshi, so‘z o‘rtasi, so‘z oxiri va yolg‘iz shakli), ba'zi harflar 2 xil shaklga ega. Shokirjon Rahimiy savod o‘rgatish, telegraf, matbaa ishlarida qulaylikni ta'minlash maqsadida harflar shaklini bittaga keltirishni tavsiya qiladi. 

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1929-yil 12-may sonida e'lon qilingan “Imlo masalasida bir-ikki so‘z” maqolasida tilimizdagi singarmonizm qonuniyati, unlilar masalasi, lab ohangi va bosh harflar masalasi xususida so‘z yuritadi. 

Singarmonizm masalasiga to‘xtalar ekan, bu qonuniyat o‘zbek tilida boshqa turkiy tillardagiga nisbatan erkinroq ekani, ko‘p holatlarda unga amal qilinmasligini, ko‘p so‘zlarni bu qoidaga kiritib bo‘lmasligini aytadi, lekin ayrim tilshunoslarning bu boradagi harakatlarini tanqid qiladi: “Buning uchun ba'zi o‘rtoqlar kabi hamma so‘zlarning boshini yorib, ko‘zini chiqarib, singarmo‘niyaga qaratish yoki singarmo‘niyaga qaramaydurg‘on so‘zlarga chek qo‘yib, ayrim bir ro‘yxat tuzish hech bir mantiqiy bo‘la olmaydi. Biz singarmo‘niya uchun shunday bir yo‘l tutaylikkim, bizning imlomizni o‘qug‘an va o‘rgangan kishilar qiynalmasinlar ham tuzgan qoidamiz to‘kis bo‘lsin”.

Unlilardagi qalin-ingichkalik o‘zbek tilida bir xil mavjud emasligi, ba'zi shevalarda faqat “a” unlisi qalinlik-ingichkalik jihatdan farqlanishini aytib, unlilar miqdori bo‘yicha bir qarorga kelish lozimligini aytadi. Unlilar miqdori haqida fikr bildirar ekan, imlochilar orasida 14, hatto 22 unli tarafdorlari borligini tanqid qilib, bu masala imlo masalasidan chiqib, ilmiy transkripsiyaga tegishli ekanligi, ular so‘zlar orasida bo‘lgan urg‘uni payqamasdan uni ham tovush deb anglaganidan kelib chiqqan holat deydi: “Imlochilar orasida 14 yoki 22 unli harf tarafdori bo‘lg‘on kishilar bor. Shu masala imlo ramkasidan chiqib, ilmiy transkripsiyaga tegishlik narsalar yoki bir qism imlochilarimizning quloqlar so‘zlar orasida bo‘lg‘on urg‘u (udorina)larni payqamasdan, uni ham ayrim bir cho‘zg‘i deb onglag‘onliklaridan kelgan bir narsa”. Bosh harflar masalasida gapirib, uning qabul qilinishiga qarshi chiqadi, lekin kelajakda qabul qilinishi mumkinligini aytadi: “Biz lotin asosida bosh harfni qabul qilishimiz erta. Biroq hozirg‘i kichik harflarning o‘zinigina jumla boshida yoki otog‘liq ismlarda katta yozilishig‘a qarshi bo‘lmaslik kerak. Hozir bo‘lmasa, biroq kelgusida bosh harf olinadurg‘on narsa bo‘lg‘onidan, hozirdan boshlab uning yo‘lini qattiq to‘sib qo‘yish kelishmagan bir ish”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1929-yil 17-may sonida e'lon qilingan “O‘zbek adabiy tili” maqolasida o‘zbek adabiy tili qonun-qoidalarini yaratishdagi muammolar, adabiy tilga asos bo‘ladigan tayanch shevalar haqida o‘z fikrlarini bayon qiladi. Adabiy til masalasida “singamoniyali tillar”, “singarmoniyasiz tillar” degan ikki xil oqim borligini, ulardagi barcha uchun tushunarli bo‘lgan jihatlarini olishi zarurligi, adabiy til barcha uchun birdek tushunarli bo‘lishi lozim, degan fikrlarni o‘rtaga tashlaydi.

Yuqoridagi maqolalaridan Shokirjon Rahimiyning o‘zbek tili grammatikasini chuqur bilgan, o‘zbek shevalari bo‘yicha ilmiy kuzatishlar olib borgan, tilimiz imlo qoidalari shakllanishida jonbozlik ko‘rsatgan millatparvar olim ekanini ko‘rish mumkin.

Tariximizning noma'lum sahifalarini o‘rganish, olimning adabiy merosini to‘liq tadqiq etish, yaratgan barcha asarlarini omma hukmiga havola qilish, uning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan xizmatlarini e'tirof etish, ona yurt ravnaqi yo‘lida jonini tikkan millat fidoyilari faoliyatini o‘sib kelayotgan yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatish oldimizda turgan mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli vazifalardan hisoblanadi.

Inomjon AZIMOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish markazi direktori,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil: 

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

30.07.2020 1156