"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilga hurmat hissi avvalo insonning o‘zidan boshlanishi kerak emasmi?

Ona tilim – jon-u dilim

– "O‘zbek tilining mavqeyini oshirish uchun nima qilish kerak?" Katta anjumanda, notiq tomonidan ana shu savol kuyunchaklik bilan o‘rtaga tashlandi. Yonimda o‘tirgan kishi sekin hamrohiga shivirladi:

– Til bayram 21-oktabrda shekilli. Hali bor-ku, aa?

– Bilmadim, nega domla bu mavzuni ko‘taryaptilar, menam hayron.

Ha, domla jon kuydirib ko‘tarayotgan bu mavzu vaqt, zamon tanlamaydigan, kunda kunora qayg‘uradigan mavzudir. Bahs boshlanib ketdi. O‘z fikrini bildiruvchilarning aksariyati o‘qituvchilar ekan, fikrlar dadil bo‘ldi.

... bog‘cha yoshidagi bolalar uchun maxsus qo‘llanmalar zarur;

…maktab o‘quvchilari o‘rtasida insholar tanlovini har chorakda o‘tkazish kerak;

…tashkilot, korxona va muassasa xodimlarining davlat tilida ish yuritishi uchun ularni ishga qabul qilishdan oldin, o‘zbek tilida test topshirsinlar, bo‘lg‘usi oila egalari yoshlar oila qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy bo‘lgani kabi o‘z ona tilida insho yozishi ham majburiy bo‘lsin, test topshirsin, axir bo‘lg‘usi ota-ona-ku ular...

... lozim, kerak, darkor. 

Hech kim aytmaydiki, men o‘zimdan boshlayman, deya. Axir tilga hurmat hissi, avvalo, insonning o‘zidan boshlanadigan sharafli ish emasmi? Uyda yaqinlarimiz bilan muomala jarayonida o‘zimizni hurmat qilib, so‘z so‘zlasak, “Assi”, “Bohhi”, “Dilya”, “Alish”,“Nappi”, “Shappi” deyishdan o‘zimizni tiysak, ko‘chada ketayotib “Mы otkrilis”, “Milano”, “Lamour“ ni yonidan indamay o‘tib ketmasak, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘ziga xos “imlo”dan voz kechishda namuna bo‘lsak, ozgina yurakni “qaynatib” tursakkina xatolardan xoli bo‘la boshlaymiz, nazarimda. Xorij yozuvini peshtoqiga ilib savdo qilayotgan do‘kon sohibiga borib, nega “Vumen” degan peshlavha bor peshonangizda, deganmizmi, yo‘q. Ey menga nima? deymiz, go‘yoki yutamiz. Aslida “Women” inglizchadan tarjima qilganda, ayol deganini aytsak, oddiygina qilib, “Ayollar uchun do‘kon” deb yozilishi haqida fikr bildirsa, targ‘ibot mana shundan boshlanadi.

Tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan yigitga, “Firmang nomini qanday nomlamoqchisan? deya savol bering, albatta, biron bir mashhur brendga uyqash nomni aytadi. “Sardor butik”, “Solneshko”, “Grand”, “Mir elektroniks”, “Granat”. Albatta, tadbirkorlik qilish uchun loyiha bilan chiqqani maqtovga loyiq, uning tashabbuskorligi hurmatga sazovor. Ammo mehnatini yanada yuqoriga olib chiqadigan, hatto xorijlik hamkorlarning e’tiborini tortadigan jihat uning tashkiloti nomi bilan bog‘liq ekanini u bilsin, anglasin. Shunday chiroyli nom qo‘ysinki, u nafaqat tumanda, viloyatda, balki respublikada ham mashhur bo‘lsin. Xorij kompaniyalari o‘zbekona talaffuz bilan uning korxonasi nomini talaffuz qilsinlar va so‘rasinlar ma’nosi ne deya? Mag‘zini chaqib, bizning tariximizga, o‘zbek tilining mavqeyiga, chiroyiga maftun bo‘lishsin. Navoiy ardoqlagan, Bobur e’zozlagan, Abdulla Qodiriy suxanida qadr topgan tilimizni avaylash nafaqat uning buguni uchun, hatto farzandlarining ertasi uchun ibrat, hikmat ekanini biz tadbirkorga qachon uqtiramiz? Uning faoliyati to‘kislikka yo‘l boshlashi barobarida, ma’naviyat uchun xizmat qilishini, bu esa yurt sharafi bilan bog‘liq ekanini aytish gali keldi.

– Kechirasiz, men tadbirkorni himoya qilaman, siz aytganingiz kabi uning har ishiga e’tiroz bildiraversam, bilmadim, qanday bo‘larkin?

– Yashang, tadbirkorni albatta himoya qiling, bugun hukumatimiz tomonidan qo‘yiladigan dastlabki talab ham shu. Endi uning ishiga “uzukka ko‘z misol yarashadigan” fikrni aytsangiz ya’ni sof o‘zbekona nom ostidan mehnat qilishi, faoliyat yuritishi haqida bildirsangiz, uni nafaqat qo‘llab-quvvatlaysiz, balki himoya qilasiz. Millat vakili sifatida jahon bozoriga yo‘l boshlagan bo‘lasiz. Axir bu milliy g‘urur bilan bog‘liq tushuncha.

Shahar bo‘ylab keza boshlaysiz. Agar o‘nta do‘kon yonidan o‘tsangiz, qani ayting, shuning ikkitasida o‘zbekona nom uchrasa do‘ppingizni osmonga otasiz. “Zarya”, “Mir kovrov”, “Med sentr”, “Dom svetov”. “Ideal”, “Vkusno”, “Oboylar marketi”, “Zerkalo”. Boshingiz aylanib ketadi. “Qayerdaman, o‘zi?”

Tadbirkor qanday nom qo‘yishi, ishlab turgan tashkilotini qanday nomlashi ixtiyoriydir, ammo u ro‘zg‘orida foydalanadigan, ota-onasi erkalaganida bolalikdan qulog‘idan kirib, ongiga singgan ona tilini hurmatini joyiga qo‘yishga mas’ul hisoblanadi. U jamoatchilik bilan muomala qilayotganida bu kabi vazifalarga e’tibor qaratishi muhim sanaladi. Farzand bo‘lib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga bo‘lgan mehri ham bu jarayonda albatta namoyon bo‘ladi. Odatda, biz bu haqida hamma ish bitib, reklama, peshlavha odamlar hukmiga havola etilganidan so‘ng bosh qotiramiz, afsus. Agar “xato”si borligi haqida aytsangiz, uning egasi albatta ko‘p mablag‘ sarflagani, qancha mehnati ketgani haqida “ayyuhannos” soladi. Biz esa jim qolamiz, uning xatosi xiyonat ekanini, ya’ni ko‘pga daxl ishda xato qilish xiyonat ekanini aytishdan tiyilamiz. Qani endi xuddi shu kabi faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ya’ni reklama, peshlavha, ko‘cha yozuvlarini tayyorlash bilan shug‘ullanuvchilar huzurida bittagina xodim ya’ni muharrir bo‘lsa-da, “mana bu so‘z bunday yoziladi, chiziqchani olib tashlang, h yozing, xar debsiz, bu qo‘pol xatolik bo‘ladi, mana endi hammasi joyida”, deb tursa,ko‘chadagi ta’lim, tarbiya ishlaridagi muammolar bartaraf etilardi. Ko‘chadagi ta’lim-tarbiya deysizmi? Albatta shunday, katta ko‘chada har kuni minglab odamlar o‘tib qaytadigan joyga ilingan peshlavha albatta ta’lim beradi, o‘tgan qaytgan yo‘lovchiga, o‘g‘il-qizlarimizga. Xorijdan kelgan mehmonlar uchun ko‘zgu bo‘ladi. Tarjimasi haqida ayting deyilgan chog‘da, hozir siz o‘qigan so‘z “Bek” bo‘lib – qadim, qadimdan o‘ziga to‘q, sarmoyasi bor, uch-to‘rtta odamni ish bilan ta’minlagan, ko‘pga nafi tegadigan kishiga nisbatan qo‘llangan. O‘rta asrlarda hududlarni beklar boshqargan. Shohlar tomonidan beklarga kata-katta hududlar topshirilgan, ular shu joyning tinchligi, osoyishtaligi, xalqining farovonligi uchun mas’ul bo‘lgan deyilsa, nur ustiga a’lo nur emasmi?

Ha, milliy tiklanish, milliy yuksalish haqida so‘z borar ekan, avvalo bu yo‘lda milliy ong, tafakkur tushunchasi ustuvorlik qiladi. Tilga bo‘lgan hurmat hissi qanchalar ustun bo‘lsa, uni asrab-avaylashga hissa qo‘shishdagi daxldorlik ortib boraveradi. Bu his uyg‘onmasa, Navoiy hazratlarining “magarki, yaxshilik qilish qo‘lingdan kelmasa, yomonlik ham qilma, shu sening yaxshiligingdir”, deganlariga amal qilingani soz. Tilni asrab-avaylash qo‘limizdan kelmayaptimi, demak uni g‘aliz qilib qo‘yishdan tiyilmoq kerakdir.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Vazirlar Mahkamasi Huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Joylarda ayni shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi maslahatchilar faoliyati joriy etildi. Nima o‘zgaradi, deyishingiz mumkin? Endi davlat tilida ish yuritish sohasi monitoring qilib boriladi, uning natijadorligi tahlil etiladi. Davlat tiliga oid qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish borasida takliflar muvofiqlashtiriladi. O‘zbek tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzi orttiriladi. Ona tilimizda komputer dasturlari yaratiladi. O‘zbekcha fikrlab, o‘zbekcha gapiradigan avlodni shakllantirish yo‘lidagi xizmat takomillashtiriladi. Ayniqsa, yashab turgan manzilning obro‘yi bo‘lgan joy nomlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Chunki tahlillar va o‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, ba’zi bir qishloq nomlarini o‘sha yerda yashab turgan odamlar aytishga uyaladi. Qashqadaryoda “Bo‘yniqora”, “Junli”, “G‘alcha”, “Sariq”, “Kalta”, “Loyqa”, “Chalamozor”, “Beshqo‘tan” kabi qishloqlar borligini aksariyatimiz bilamiz. Ularni qog‘ozga bitishda bori ekan-da deya yozib qo‘yaverilayotgandir, ammo so‘rashganida men “g‘alchalik”man deyish uchun uni aytayotgan odam qaysidir ichki sezimlarini parchalashi kerak bo‘lishini tasavvur etyapsizmi?

Insonga ism berilayotganda albatta kengashilgan. Bu udum qadimdan qolib kelgan. Yoshi ulug‘larni jamlab fikrlashilgan. Eng chiroyli, eshitimli nom qo‘yish yarim davlat ekani ayon bo‘lgan. Shunga aytishadi-da, ism chiroy, u insonga baxt keltiruvchi istak bilan bog‘liq. Bugun bu kabi ishlarga e’tiborni kuchaytirishni davr talab etmoqda. “Zara”, “Mitxun”, “Nihon”, “Nisren” kabi ismlarni qo‘yib farzandimizni “Kimlarga o‘xshab boryapsan-a” deya tergayotgan onalar yonimizda-ku bugun.

Nufuzli xalqaro sport musobaqasini oilaviy tomosha qilyapmiz. Ingliz tilida boshqarib borilayotgan musobaqada hakam chiroyli talaffuz bilan “halol”. “yonbosh”, “kurash” degan sof o‘zbek so‘zlarini aytmoqda. Har eshitganingda bir qalqib ketasan, kishi. Nima bu? Milliy g‘urur va milliy ong emasmi! Uydagi tomoshabinlar ham hayqirib qo‘yadi: “Hah, sani tuqqan onang o‘lmasin”. Kurash tushayotgan polvonga ham, o‘zbekcha chiroyli gapirayotgan ingliz hakamga ham olqish aytilayotganini ich-ichingdan his qilasan. Qadding o‘sadi, qadring yuksaladi.

Ha, til bu xazina. Uni sayqallab, tobora dur-u javohirlar bilan boyitish har bir fidoyijonning kundalik ishi, pokiza rizq topishning vositasi bo‘lmog‘i darkor. Bu yo‘ldagi kuyunchaklar endi bir manzilga jamlanmoqda. Ko‘pni tashvishga solayotgan masalalarning yechimi borasida, dalillar asosida o‘rganilmoqda. Bu o‘rganishlar samarasi xalq ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Ziyoda AMINOVA,

Qashqadaryo viloyati hokimining

davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga

rioya etilishini ta’minlash masalalari

bo‘yicha maslahatchisi

20.03.2020 915