"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Joy nomlari xalqimizning o‘tmishi, buguni va ertasi haqida “gapirishi” lozim

Joy nomlari xalqimizning o‘tmishi, buguni va ertasi haqida “gapirishi” lozim

Bugun yoshlarimiz yurtimizning ko‘cha va xiyobonlari, avtobus bekatlari, katta-katta maydonlar, binolarni bezab turgan o‘zbekcha nomlar, shior va lavhalarni ko‘rib, bularning barchasini odatiy bir hol sifatida qabul qilishadi. Vaholanki, yaqin tariximizda bu manzara butunlay boshqacha ko‘rinishga ega edi.

Birgina shahrimizni olib qaraylik. O‘tmishda uning ko‘chalari nomlarini o‘qib, qaysi mamlakatda yurganingizni bilmay qolar edingiz: Titova, Marks, Krasnoarmeyskaya, Frunze va hokazo. Shunisi ajablanarliki, bolsheviklar va ularning partiyasiga aloqador bo‘lgan bu nomlarning birortasi Samarqandga aloqador emas va qadriyatlarimizga mutlaqo mos bo‘lmagan kimsa va narsalar edi. Yoki, shahardagi aksariyat turarjoy mavzelari Super, BAM, Partsyezd degan, insonda hech qanday his-tuyg‘u uyg‘otmaydigan mavhum nomlar bilan atab kelinganini eslaylik. Bularning barchasi zamirida xalqimizni tarixiy xotira, Vatan tuyg‘usidan mosuvo qilishga qaratilgan g‘arazli maqsadlar mujassam ekanini anglash qiyin emas. Holbuki, ajdodlarimiz azaldan o‘zlari yashaydigan mahalla, shahar va qishloqlar, xiyobonlarga nom tanlashga juda katta eʼtibor berishgan. Misol uchun, Samarqand tarixi bilan hamohang joy nomlari — Zarafshon, Dahbediy, Siyobcha, Ko‘ksaroy, Bog‘i Temur, Bog‘ishamol, Bog‘ichinor kabi nomlar yoki tarixiy shaxslar bilan bog‘liq Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Al-Buxoriy, Al-Farobiy, Ali Qushchi, Abu Abdullo Rudakiy, degan nomlar avvalambor o‘zining aniq tarixiy maʼnosi bilan ajralib turadi.

Qadimiy nomlarda ota-bobolarimizning hayot va tafakkur tarzi ham o‘z aksini topgan. Masalan, shahrimizning tarixiy qismidagi “Kulolon”, “Suzangaron”, “Zargaron”, “Kaftarxona”, “Aravasozi”, “Konigil”, “Dukchiyon”, “Charmgari”, “Galaosiyo" singari mahalla nomlari bu yerda hunarmandchilik rivojlanganligidan, xalqimizning azaldan o‘troq hayot kechirib, yuksak madaniy turmush darajasiga ega bo‘lishganidan dalolat beradi.

Tarixiy taraqqiyot qonuniyatiga ko‘ra, joy nomlari tarix va vaqtning kuzatuvchisi, voqea-xodisalarning ishtirokchisidir. Bu ilmiy terminda “toponimlar”, deb yuritiladi. Toponimika uning vujudga kelishi, taraqqiyoti, o‘zgarishi, etimologiyasi, yangi nomlarning qo‘yilishini tartibga soladi. Toponimika prinsiplarini ishlab chiqish, uning meʼyorlarini belgilash esa bugunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Bu hozirgi kun o‘zbek toponimikasining ham oldiga qo‘yilayotgan muhim talablardan. Xususan, birgina Samarqand viloyatining tarixiy nomlarini tiklash, yangi nomlarga mustaqillik davri ruhini singdirish tadbirlari davomida sohada hali ko‘plab kamchiliklar borligi ko‘zga tashlanmoqda. Xo‘sh, bu kamchiliklarni qanday bartaraf etish mumkin? Keling, shu haqda ham to‘xtalib o‘tamiz.

Bu borada tabiiy-geografik, tarixiy obyekt, mahalla, ko‘cha, maydon va xiyobonlarga qo‘yiladigan nom quyidagi talablarga javob berishi maqsadga muvofiq. Jumladan, nom o‘zi ifodalayotgan joyning tarixini, tabiiy va geografik xususiyatlarini ifodalashi lozim. Shuningdek, u o‘sha joyda yashovchi aholi tili va tarixiga yot bo‘lmasligi, kishilarning manzilni oson topib olishlari uchun ko‘maklashishi, uni aniqlashda belgi, mo‘ljal rolini o‘ynashi kerak. Joy nomlari aniq, sodda va tushunarli bo‘lishi bilan bir qatorda, unda tarixiylik, milliylik, toponimik anʼanaviylik sezilib turmog‘i zarur.

Shu bilan birga, joy nomlari davlat va jamiyat taraqqiyotida ham muhim rol o‘ynaydi. Ularning o‘zaro aloqalari, maʼrifiy, taʼlim-tarbiyaviy, iqtisodiy jarayonlarda o‘z aksini topadi. Misol uchun, tarixiy maʼnoga ega nomlar xalqda, ayniqsa yoshlarda milliy vatanparvarlik, g‘urur tuyg‘usini uyg‘otadi. Maʼno-mazmunsiz nomlar esa aksincha, ularda xalqimizga, mintalitetimizga yod g‘oya va qarashlarni shakllantiradi.

Joriy yilning 9-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov rahbarligida o‘tkazilgan “Geografik obyektlarning nomlarini, shuningdek, jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqidagi turli lavha va reklamalarning qonun xujjatlariga muvofiqlashtirish hamda Davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish” masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham bu alohida taʼkidlangan edi. Aytish joizki, ayni vaqtda birgina shahrimizdagi 210 ta mahallada 1 821 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, o‘rganishlar natijasida, 28 ta ko‘cha nomlari Xalq deputatlari shahar Kengashi qarori bilan tasdiqlanmaganligi, 39 ta ko‘chada peshlavhalar o‘rnatilmaganligi, 14 ta nomi takrorlanadigan ko‘chalar borligi aniqlangan.

Prezidentimizning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bu esa jarayonda har bir mahalla, ko‘cha, uy va xonadonning xaritasini yaratib, nom va raqamlarni aniq ko‘rsatishni talab etadi. Agarda ko‘chaning nomi bo‘lmasa yoki u tasdiqlanmagan bo‘lsa, undagi xonadonlarga raqam berib bo‘lmaydi. Takrorlanadigan ko‘cha nomlari esa chalkashlikni keltirib chiqaradi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, geografik obyektlarga nom berish va qayta nomlash ishlariga jiddiy yondoshish vaqti yetdi. Ishni ertaga qoldirish yoki jarayonda masʼuliyatsizlik qilish vaqti kelib albatta o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatadi. Qolaversa, bu qonunchiligimizga zid hisoblanadi.


Shahzod ESHONQULOV,
Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari.


Manba:
“samshahar.uz” sayti

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep
20.08.2020 5994