"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • “Intriga kuchaydi”, “shedevr gol”, “ajoyib seyf” - bu kabi ajnabiy so‘zlarning o‘zbekcha muqobili qurib ketganmi?

“Intriga kuchaydi”, “shedevr gol”, “ajoyib seyf” - bu kabi ajnabiy so‘zlarning o‘zbekcha muqobili qurib ketganmi?

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va bu Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilganiga o‘ttiz yil bo‘lyapti. Shu davrda unga amal qilish, o‘rganish, sofligini taʼminlash, boyitish borasida izchil ishlar olib borilyapti. Bu borada qonun, qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan, qarorlar qabul qilingan.

Ona tilimiz g‘oyat go‘zal va rang-barang. Muloqotda, talaffuzda, yozuvda uning imkoniyatlari juda boy. Ammo o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatishga uringan baʼzi kishilar tilimizda muqobili bo‘lsa-da, ajnabiy so‘zlarni qo‘shib gapirishi g‘ashga tegadi. Bu borada O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Sport” kanali sport sharhlovchilarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. “Raqibga nisbatan fol ishlatildi”. Bu holatni, nima, “o‘yin qoidasi buzildi” deb aytsa bo‘lmaydimi? Yoki “goldan keyin intriga kuchaydi”. Buni “to‘p darvozaga kiritilgandan keyin o‘yin surʼati oshdi” deyish mumkin emasmi? “Siz shedevr golni ko‘rdingiz”, “darvozabondan ajoyib seyf”... Tovba, sharhlovchi “chiroyli golni ko‘rdingiz”, “darvozabon mohirlik ko‘rsatdi yoki mohirlik bilan to‘pni qaytardi” desa bo‘lmaydimi?

To‘g‘ri, tillar o‘zga tillardan kirib kelgan so‘zlar bilan boyib boradi. Ammo chetdan kirib kelgan atama, nom, so‘zning milliy tilda muqobili bo‘lmaganda taomilga kiradi va uni hamma tushunadi. Ona tilimizga hurmatsizlik ayrim shaxslarning so‘zlashuv madaniyatida ham ko‘ramiz: Ruscha so‘zlarni aralashtirib gapirish bilan o‘zlarini ziyoli, boshqalardan madaniyatliroq deb bilishadi.

O‘zbek tili sofligini saqlash, undan faxrlanish tuyg‘usi haqida gap ketganda, xususiy savdo, umumiy ovqatlanish, tadbirkorlik subyektlariga nom qo‘yishda maʼnosiga tushunsa tushunmasa ajnabiy atamalarga mahliyo bo‘linayotganiga nima deysiz?

Samarqand shahrining markaziy ko‘chalaridan o‘tar ekansiz, ruscha, inglizcha nomlangan obyektlarga ko‘zingiz tushadi. “Biz O‘zbekistonda yashayapmizmi yoki Rossiya, Angliyada yashayapmizmi” degan o‘y o‘tadi xayolimizdan. Ona tiliga hurmat - millatga, Vatanga hurmat demakdir.

Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, “tilga eʼtibor – elga eʼtibor”. O‘zaro so‘zlashganda, minbarlarda, davralarda, sharhlarda, yozuvlarda fikrimizni sof o‘zbek tilida ifodalashni o‘rganaylik.

Tog‘aymurod SHOMURODOV

Manba: zarnews.uz

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

10.09.2020 592