"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

ONA TILIMIZ - JONU DILIMIZDIR

Bu yil ilk marotaba yurtimizda 21-oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Hozirda joylarda ushbu bayramga bag‘ishlab turli tadbirlar tashkillashtirilmoqda. Xususan, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik, idora va muassasalar rahbarlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari, tilshunos va adabiyotshunoslar, jurnalistlar hamda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining ona tili, yaʼnikim davlat tilining nufuzi hamda mavqeini oshirishga oid bir-biridan qiziqarli va mazmunli maqolalari, suhbat hamda intervyulari eʼlon qilib borilmoqda.

 

Ushbu ezgu amaliy saʼy-harakatlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamentining hissasi katta bo‘lmoqda, albatta. Bugun Departamentning bevosita rahbarligi ostida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarining yangi tahrirda chop etilganligi davlat tilini rivojlantirishdagi muhim qadamlardan bo‘ldi. Shuningdek, davlat tilining qadr-qimmatini oshirishga bag‘ishlangan qator tanlovlar jamiyatimizda davlat tiliga nisbatan eʼtiborni yana-da oshirishga xizmat qilmoqda.

Ayni islohotlar jarayonida O‘zbekiston farzandiman degan har bir fuqaro faol ishtirok etishi, qaysi kasb, qaysi soha egasi bo‘lishidan qatʼi nazar, davlat tili rivojiga munosib hissa qo‘shishi lozim.

 

Unutmaslik kerakki, davlat tiliga hurmat, avvalo, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish va yozishdan boshlanadi. Tasavvur qiling: “vaziyat” so‘zining o‘rnida “aziyat” yoki “odat” so‘zining o‘rnida “ofat” so‘zi yanglish yozilsa, matnda qanchalik maʼno o‘zgaradi. Ezgulik, quvonch, yorug‘ istak maʼnolarini bildiruvchi so‘zlar o‘rnida g‘am-alam, talofat va kulfat maʼnolari bo‘y ko‘rsatadi. So‘zda sehr bor deydilar. Shunday ekan, har bir so‘zlayotgan so‘zimizga mehrli, tilimizga eʼtiborli bo‘lishimiz zarur.

 

Aslida ona tiliga befarqlik, uni qadrlamaslik, davlat tilini eʼzozlashga oid qadriyatlarni unutish har qanday ofatdan, baxtsizlikdan ham yomondir. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, alloma ustoz Abdulla Oripov “Ona tilimga” sheʼrlarida shunday yozgan edilar:

 

Ming yillarkim, bulbul kalomi
O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin sheʼrga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...

 

Darhaqiqat, ustoz adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning "Ona tilim, sen borsan, shaksiz, Bulbul kuyin sheʼrga solurman..." maqolasida (18.10.2019, “uza.uz” sayti)  keltirilganidek, sheʼrda bulbul – betakrorlik ramzi. Boshqa hech kimnikiga o‘xshamagani uchun uning kalomi ming yillar o‘tsa-da, o‘zgarmaydi. Bunga ehtiyoj ham sezmaydi. To‘ti esa – taqlid timsoli. Shu boisdan u achinmoqqa sazovor. Shu sababdan ham unga nisbatan “sho‘rlik” epitetini qo‘llaydi shoir. Shoirning bulbul kuyini sheʼrga solayotgani sababi – ona tilining mavjudligi. Tilini yo‘qotganlar ham to‘ti bilan qismatdosh bo‘lishga mahkum...

 

Ayni sakkiz qator sheʼrning o‘zi ona tilining inson, jamiyat taqdirida qanchalik beqiyos o‘rin tutishini, istiqlol, hurlik, vatan, kindik qon to‘kilgan muqaddas tuproq tushunchalariga egiz ekanligini anglatadi.


Shuning uchun ham davlat tilini eʼzozlamoq, uning qadr-qimmatini o‘rniga qo‘ymoq kerak. Unutmaslik kerakki, ona tili ona vatan kabi aziz va suyukli, u hamisha eʼtibor hamda ehtiromga munosib.


Bahodir Valiyev,

Favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep



14.09.2020 907