"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

VATAN VA MILLAT QAYGʻUSI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqidan keyingi oʻylar...

Napoleon Bonapartning bir gapi meni koʻp mulohazalarga chorlagani bilan yodimda muhrlanib qolgan. U taxminan shunday edi: dunyoda ikki kuch bor – qilich va aql-idrok. Ular doim mahorabada, biroq meni hayratga soladigani shuki, oxir-oqibat mudom aql qilich ustidan gʻolib keladi.

Bunday xulosaga kelgan odam umri qilich koʻtarib jang-u jadallarda oʻtgan, muzaffariyat va shon-sharaf bayrogʻiga burkangan mashhur sarkarda ekanini hisobga olsak, oʻsha hikmatomuz gapning ma gʻzi toʻq, chuqur hayotiy maʼnoga ega ekani yana-da oydinlashadi. Darvoqe, qilich qanchalik kuchli boʻlmasin, yaratuvchilik qudratiga ega emas, vayronkorlik va talafotdan boʻlak beradigan narsasi ham yoʻq...

Bonapartning gapiga basma-bas keladigan yana bir fikr bor. Insoniyat tarixi urushlar tarixidir, deyishadi muarrixlar. Oʻtmishga tiyran nazar solsangiz, bu gap bekor aytilmaganiga guvoh boʻlasiz. Biroq dunyoda bir kuch borki, faqat u insoniyat hayotini rohat va farogʻat, tinchlik-xotirjamlik, yuksalish hamda taraqqiyotga undab kelgan. Urush va qirgʻinbarotlar kulfatlari-yu kultepalarini bogʻ-u boʻstonga aylantirgan, yer yuzida hayot chirogʻini qayta nurlantirgan. Bu – ilm-maʼrifat ziyosidir!

Lekin tarix charxpalagi bardavomligini taʼmin etuvchi kim, uning qurib-qaqshab qolayotgan tegirmoniga suv quyib, unga ilhom va shavq berayotgan kuch qanday kuch?! Ehtimol, aynan mana shu xayoliy sahna Napoleonni hayratga solgandir?..

Ha, ilm-maʼrifat va jaholat dunyo bunyod boʻlibdiki, yonma-yon yuradi. Biri buzadi, ikkinchisi hayot eliksiri kabi jonlarga quvvat va shavq olib kiradi, dunyoni, insoniyat hayotini gullarga burkaydi...

Tarixdagi bunday oʻzgarish-u yuksalishlar, taraqqiyotlar va nihoyat, tamaddunlar xronologiyasini oʻrgansangiz, ular boshida joʻmard, oʻz hayotini oʻsha ezgu maqsadlarga baxshida etgan fidoyi shaxslar turganiga guvoh boʻlasiz. Bunday odamlar butun faoliyatini, umrini, va hatto shirin jonini shu maslak bilan bogʻlaydilar, oʻzlariga buni sharaf deb biladilar. Lekin hayot shundayki, doim ham qoʻl uzatgan, koʻzlagan marrani osonlikcha olib boʻlmaydi. Buning mashaqqatlari, sinovlari koʻp.

Shu maʼnoda bugun biz yashayotgan kunlarimiz, tahlikali va notinch asrimiz ham qaysidir maʼnoda ilm-maʼrifatga, ziyoga ehtiyoj sezayotgandek. Zotan, taraqqiyotning choʻqqisiga chiqdik, deyilayotgan ayni damlarda ham yer yuzining baʼzi joylarida urush olovi koʻzga koʻrinadi. Irqchilik, millatchilik, diniy radikalizm balolari bot-bot sahnaga chiqadi. Albatta, bunday tahlikali zamonda toʻgʻri yoʻlni topish, mamlakat va xalq farovonligini oʻylab, huzur-halovatdan kechish, insonga munosib hayot barpo etish va bu yoʻlda odamlarni oʻz ortidan ergashtira olish kishidan katta masʼuliyat, bilim va fidoyilik talab etadi. Zotan, zamonning bunyodkori – insonning oʻzidir.

Bu oʻrinda bir vaqtlar “Biz zamonning nainki jonu dili, balki bayrogʻidirmiz” degan Mavlono Rumiy mutlaq haq edi. Qarangki, buyuk bobomiz qariyb ming yil oldin aytib ketgan gap hamon oʻz dolzarbligini yoʻqotgan emas. Mavlononing ushbu soʻzidan anglashiladigan hikmat bitta – zamonning joniga aylanish, elning koriga yarash, jonfidolik va bu yoʻlda bayroqday sobit boʻlish. 

Yuqorida qisqagina toʻxtalganimizdek, insoniyat tarixidan xabardor kishi odamzod bugungi kunlarga oʻz oʻtmishi davomida kechirgan minglab qiyinchilik­lar, urushlar, ocharchiliklar, qaqshatqich oʻlatlar girdobidan omon chiqib kelganini yaxshi ang­laydi hamda bundan hayratlanadi. Agar oʻsha solnomalarni jiddiy oʻrgansangiz, mashʼum ofatlardan omon qolish yoʻlida jonfidolik qilgan qahramonlarning surati-yu siyrati tafakkuringizda balqib chiqadi…

Bugun mamlakatimiz va xalqimiz kechirayotgan ogʻir va sinovli kunlar haqida gapirib oʻtirish, menimcha, ortiqcha. Chunki buni hammamiz koʻrib turibmiz. Qisqa bir davr – 9-10 oy ichida boshdan oʻtkazgan ogʻir koʻrguliklar, albatta, hammamizning qalbimizni yaraladi. Biroq dilda umid, ishonch, qatʼiyat va jasorat bor ekan, iroda bukilmaydi, balki tobora toblanadi. Biz bugun shuni oʻz hayotimizda koʻrib turibmiz.

Prezidentimizning 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqini tinglab, xayolimdan beixtiyor shu oʻylar kechdi. Qaltis zamon, murakkab sharoitlar, ogʻir sinovlar va ularga ­basma-bas bukilmas bir iroda, ertangi kunga komil ishonch, bayroqday moʻtabar va sobit bir eʼtiqod…

Bugungi ogʻir kunlarda bundayin ulugʻ maqsadlarni koʻzlash, ertangi porloq kunlar haqida gapirish baʼzi odamlar xayolida nokerakday tuyulgan boʻlishi ham mumkin. Nafsilambrini ayt­ganda, haqiqatdan ham bu – mohiyatan paradoksal bir sahnadir. Nazarimda, buni Prezident ham payqagan. Biroq u oʻz eʼtiqodiga sodiq qolib, bunday oʻy-fikrlarga qarshi qarashlarini qatʼiy tarzda bayon etdi:

«Baʼzi odamlar, pandemiya davrida shu gaplar zarurmi, deb oʻylashi ham mumkin. Bunday tor qarash bilan yashaydigan kishilar yanglishadi. Xudo xohlasa, koronavirus pandemiyasi ham ertami-kechmi, albatta tarixga aylanadi.

Bu kasallik bosh­langan mart oyidayoq biz ushbu ogʻir sinovdan munosib holda, yana-da kuchli boʻlib oʻtishimiz kerak, deb oʻz oldimizga ulkan vazifa qoʻygan edik. Bugun ana shu maqsadlarimiz asta-sekin amalga oshmoqda. Biz barchamiz ulugʻ ajdodlarimizdan ibrat olib, ularga munosib boʻlib, doimo ezgu orzu-intilish­lar bilan yashashimiz kerak.

Bugungi fursatdan foydalanib, men yil boshida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomadagi bir fikrga eʼtiboringizni qaratishni oʻrinli, deb bilaman. Yaʼni: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”.

Chindan ham, bugun biz ulugʻ niyatlar bilan poydevor qoʻyayotgan yangi Uygʻonish davri mamlakatimizda mana shunday ulkan boylik yaratishga, xalqimizning hayotini farovon qilishga va kelgusi avlodlarga oʻzimizdan munosib meros qoldirishga xizmat qiladi.

Ishonamanki, oʻz tarixida ne-ne buyuk ishlarni sharaf bilan amalga oshirgan xalqimizning intellektual va maʼnaviy salohiyati, kuch-qudrati va olijanob fazilatlariga tayanib, oʻz oldimizga qoʻygan ulugʻ va ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz.»

Shavkat Mirziyoyev bugungacha davlat rahbari, Prezident sifatida oʻnlab maʼruzalar qildi. Biroq bu galgi nutq mohiyat-eʼtibori bilan ilgarigilaridan keskin farq qiladi. Gap shundaki, aynan mana shu nutqda Yangi Oʻzbekistonning milliy mafkurasiga tamal toshi qoʻyildi desam, xato qilmagan boʻlaman. Zotan, yangi davlatchiligimizda biz milliy jamiyat va davlat barpo etish, mamlakat ustunlarini milliy identitet – sof oʻzlik platformalari ustiga qurish va bir davlat oʻlaroq milliy va ruhoniy ornamentlarimizni ochiq-oshkor uning asosi etib belgilashga hech qachon bunday yaqin kelgan emasmiz. 

Men bu oʻrinda MILLIY MAFKURA soʻzini alohida boʻrttirib yozishni istar edim. Negaki, bugungacha biz amal qilgan mafkuralar, “Milliy gʻoyalar” qaysidir maʼnoda umuminsoniy deb boʻrttirilgan va baynalmilal chimmatga oʻralgani uchun ham sof emas va ehtimol, shuning uchun ham siyosiy “dahliz”larda bor-u, jamiyatda marginal edi. Milliylik fenomenidan qoʻrquv, xalqqa oʻzligini tanitishdan taysallash va keragidan ortiq ehtiyotkorlik milliy jamiyatda ikki xavfli tendensiya tomir otishiga zamin yaratdi. Bular uzoq yillar ong-u shuurimiz, dunyoqarashimiz va hatto axloqimizga singib ketgan kolonial siyosat taʼsiri boʻlsa, ikkinchisi, neokolonial-globallashgan, madaniyat va qadriyatlar qorishib ketayotgan uchinchi ming yillik “axloqi” – “ommaviy madaniyat” xuruji bilan bogʻliq evrilishlardir. 

Aytish mumkinki, jamiyatimiz uzoq yillar mana shu uch unsur – kolonial, neokolonial va ikkalasining oʻrtasida pajmurda boʻlib qolgan anʼanaviy axloq-odob doirasida yashadi. Va taassufki, ular chatishuvidan yangi bir gibrid qadriyat “oʻsib” chiqdi. Bugun buning hisobini toʻlayapmiz. Bugun bu kuchlarning, taʼsirlarning milliy oʻzligimizga, kelajagimizga va millat sifatida yashab qolishimizga xavf tugʻdirishini anglab yetdik. Biz xuddi bobolarimizday dunyoni aql-u zakovatimiz, yuksak maʼnaviyat va madaniyatimiz bilangina lol qila olishimiz mumkinligini tushundik…

Prezidentimizning mazkur, aytish mumkin boʻlsa, tarixiy, inqilobiy ruhdagi nutqi shu jihatdan milliy davlatchiligimiz tarixida ham, jamiyatimiz hayotida ham tarixiy hodisa boʻldi desam, adashmagan boʻlaman. 

Davlatimiz rahbari maʼruzasida “Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz. Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz. 

Men ishonaman – hurmatli ota-onalar bu tashabbusni albatta qoʻllab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi xalqasi, beshinchi ustuni boʻladilar. Va bu maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi eng mus­tahkam ustun boʻladi, desam, oʻylaymanki, sizlar toʻla qoʻllab-quvvatlaysizlar” deya masalani keskin va uzil-kesil qoʻyar ekan, bu Oʻzbekistonning chin maʼnoda yangi yoʻlga kirganini, mamlakatda davlatchilik va hukmron siyosat milliy va tarixiy-anʼanaviy oʻzanlarga burilayotganini, muxtasar aytganda, aziz Vatanimiz zamonaviy dunyoga postsovet bir oʻlka emas, YANGI OʻZBEKISTON boʻlib yuzlanayotganidan darak beradi.

KECHA VA BUGUN: BIZGA MAFKURA KERAKMI?

Mohiyatan olib qaraganda, Prezident strategik vazifa sifatida oʻrtaga qoʻyayotgan milliy gʻoya konsepsiyasi oʻtgan zamonda ham bor edi. Xoʻsh, u mavjud ekan, buning nimasi tarixiy, uning qay jihati inqilobiy, degan haqli eʼtirozlar tugʻilishi tabiiy, albatta.

Buni izohlashdan oldin, uzoq yillar xayollarimizda aylanib yurgan, oʻziga javob izlayotgan mana bu mulohazalarga toʻxtalsak oʻrinli boʻladi. Yaʼni yangilanayotgan Oʻzbekiston zamonaviy hamjamiyatga oʻz milliy qiyofasi bilan yuz tuta oladimi, va umuman, madaniyatlar qorishib ketayotgan bugungi global dunyoda mafkuraning oʻzi kerakmi? Umummilliy taraqqiyotimizda mafkuraning oʻrni qanday? Ziyolilar, rahbarlar, oddiy odamlar uchun milliy mafkura nima? Mamlakatimizda milliy mafkura shakllantirish va targʻib etish siyosati mavjud­­mi?..

Bu savollar mohiyat-eʼtibori bilan 130-yil qaramlikda boʻlgan milliy tafakkurimizni “qutqarish”da muhim ahamiyat kasb etadi. Kechayotgan 30 yilga yaqin vaqt ichida jamiyat “siyrati” oʻzgarishi qiyin kechdi. Bu bir tomondan, oʻtish davridagi mahdudlik bilan baholansa, ikkinchi tomondan, yuqorida aytganimizday, davlatning oʻzi jamiyatning milliylashuvidan choʻchidi, uni keskin nazoratda ushlab turdi.

Bugungi Oʻzbekiston hukumati harakatlari esa bu borada qozilikni emas, mazkur ijtimoiy jarayonga ragʻbatni nazarda tutadi. Zotan, jamiyatni hukumat, hukmron siyosat istak-xohishiga qarab emas, balki milliy anʼanalar va tarixiy oʻzlikka mos tarzda modernizatsiyalash koʻzlanayotgan maqsad – davlatning milliy qiyofasini shakllantirishda muhim rol oʻynaydi. Masalaga mana shu jihatdan yondashsak, davlat rahbarining Milliy gʻoya masalasiga nega qayta murojaat qilgani oydinlashadi.

Albatta, oʻtgan davrni qoralash, hammasi notoʻgʻri boʻlgan, deya uni inkor qilish adolatdan emas. Qolaversa, bugun hech kim unday deyayotgani ham yoʻq. Biroq xatolardan saboq chiqarish, turli sabab va vaj-korsonlar tufayli yopiqligicha qolib ketgan muammolar, davlat va millat taraqqiyotiga tushov boʻlib turgan ijtimoiy-siyosiy omillarga yechim topish bugungi rivojlangan va mudom taraqqiy etayotgan zamonaviy dunyoda bekam-u koʻst yashab qolishning muhim shartidir.

Mafkura masalasi, eng avvalo, ilm-fanda, maorifda shakllanadi va palak yoyadi. Shu maʼnoda, Prezidentimiz mazkur maʼruzalarida yangi Oʻzbekistonning milliy mafkurasiga ham poydevor qoʻydi desam, adashmayman. Bugun Uchinchi Renessans deya olqishlanayotgan konsepsiya sof etnolingvis­tik, mustabidlik taʼsirlaridan holi, rivojlangan dunyo ilm-fani, madaniyati va sanʼati durdonalarini oʻzida jo qilgan MILLIY JAMIYAT va DAVLAT barpo etishimizda muhim platforma vazifasini oʻtaydi. Zotan, Shavkat Mirziyoyev bu borada zamonaviy ilm-fan va dunyo tajribalari bilan birga, oʻz oʻtmishimiz, anʼanalarimiz va yuz yillardan buyon eʼtibor qilinmagan tarixiy qadriyatlarimizga yuz burdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bu borada shunday dedi:

«Biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak.

Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yoʻlining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlganini koʻramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho meʼmoriy obidalar, nodir qoʻlyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi.

Hammangizga yaxshi maʼlum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mashʼalasi toʻqqizinchi – oʻn ikkinchi asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari oʻnlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos taʼsir koʻrsatdi.

“Islom madaniyatining oltin asri” deb eʼtirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Muʼin Nasafiy kabi ulugʻ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz gʻururi hisoblanadi.

Oʻn beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uygʻonish, yaʼni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, koʻplab xattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi.

Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilgʻor, taraqqiy etgan xalqlari qatorida boʻlgani barchamizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Bir oʻylab koʻraylik, ajdodlarimiz bunday yuksak choʻqqilarga qanday erishganlar? Ular, eng avvalo, jaholatga qarshi maʼrifat bayrogʻini baland koʻtarib, oʻz aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur oʻrganish va boyitishga bagʻishlaganlar».

Prezident maʼruzasida bir xalqona iborani juda oʻrnida qoʻllagan: “Oqqan daryo – oqaveradi”. Yillar davomida oʻz isbotini topaverib, deyarli hikmatga aylanib ketgan ushbu kalom aziz tuprogʻimizda Uchinchi Renessans, albatta, yuz berajagini, baʼzi vallomatlarning “oʻzbek yoki bu mintaqada yashovchilar faqat qora mehnat-u mol boqishga yaraydi, ilm-fan-u hisob-kitobni ularga ishonib boʻlmaydi” degan tahqiromuz xitoblariga tortilgan bir chiziqday tez orada boʻrtib chiqsa, ajab emas. 

Zotan, bizga bepisand qarayotgan qavm aslida taraqqiyotni qaydan olganini, oʻrganganini mudom bekitib keladi. Bu borada Umumturk dunyosining yetuk mutafakkiri, jadidchi ziyolilarimizning maʼnaviy piri, Sharq xalqlari maʼnaviy hayotida, xususan, maktab-maorifida chinakam inqilob yasagan, “usuli jadid” nomi bilan tarixga kirgan “usuli savtiya”ni boshlab bergan, XX asr Sharqining eng mashhur, eng taraqqiyparvar harakatchiligiga – jadidchilikka asos solgan Ismoilbek Gʻaspralining fikrlari gʻoyat oʻrinlidir. Jumladan, u “Bir xalq(n)ing yo bir qavm(n)ing axloq kasb etmasa isteʼdod-u aqliyasindan tugʻar. Noqis aqldan maqbul axloq va adab tugʻmas”, deb yozadi. 

Soʻng misollarga oʻtadi: “Olami islomiyatda mashhur va Ovrupo Farangiston ulamosina maʼlum «muallimi soniy” nomini kasb etmish Abunasr Forobiy hazratlari turk oʻgʻli turk­dirki, ham birinchi ulamodan, ham birinchi hukamodandir. Ali Husayn Ibn Sino hazratlari Ovrupoda “Avi-Sena” nomi ila mashhur oʻlan ekan. Turk oʻgʻli turkdir. Yunon qavmi Buqrot kabi tabib va Arastu kabi filoʻsoʻf ila iftixor edar. Ibn Sino esa, ham tabibi mashhur, ham filoʻsoʻfi nodir edi. Ibn Sino Arastuning aksi dagil edi va lekin Arastuning shogirdi oʻlmayub oʻzining isteʼdodi aqliya va zehniyasi ila Arastuya barobar kelmishdir. Ibn Sino Buxoro mevasidir... Gʻaznaviylaring va Temuriylaring saroylari ulamo va hukamo jamiyatlari ila sharaflandigi tarixlarda yozilmishdir...» deydi.

Albatta, bu fikrlar “bizda qanaqa renessans boʻlishi mumkin?” deya burun jiyiruvchi, tafakkur doirasi tor, ichi gʻaraz va xusumatga toʻlib ketgan yoki gʻarbparast va kosmopolit odamlar uchun yetarli boʻladi, deb oʻylayman. Nima boʻlganda ham, mazkur konsepsiya umumiy fabulasi, mazmun-mohiyati, gʻoya va yechimiga koʻra mutlaqo MILLIY bir programmadir. Ayniqsa, mexanizm “ish murvatlari” sifatida bizda shu paytgacha toʻliq tan olinmay, tan olinsa-da, begonasirab, hurkib qarab kelingan jadidchi bobolarimizning qarashlari, metodikalari asos qilib belgilangani buni yaqqol tasdiqlaydi. Zotan, Prezident bu ish bilan jaholat va qabohat, qatagʻon siyosat sabab qariyb bir asr ortga surilib ketgan uygʻonish davri poydevoriga qayta gʻisht qoʻyib, orzulari armonga aylanib, shahid ketgan jadid bobolarimizning muborak ruhi pok­larini ham shod qilgani shubhasizdir.

Prezident ayni shu borada maʼruzasida ichkin bir dard bilan gapirib oʻtdi:

“Koʻpchilik ziyolilar qatorida men ham bir fikrni hamisha katta armon bilan oʻylayman: mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻish­lab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yoʻlda ular oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar. Ular «Ilmdan ­bosh­qa najot yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy eʼtiqod deb bildilar. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, maʼrifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar.

Bu davrda Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin va boshqa yana yuzlab ulugʻ insonlar milliy uygʻonish va millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turdilar. Ular yangi usul maktablari bilan bir qatorda, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzini oʻzgartirishga qaratilgan gazeta-jurnallar, nashriyot va kutubxonalar, teatrlar tashkil etdilar.

Ming afsuski, jadid bobolarimiz oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yoʻl bermadi. Maʼrifat fidoyilari oʻsha davrning turli johil kimsalarining tuhmat-malomatlariga duchor boʻldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvgʻin va qatagʻon qildi. Shu tariqa milliy uygʻonish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon boʻlib qoldi.

Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yoʻlida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega».

Oʻtgan asr boshlarida zamonaviy maktab gʻoya­larini targʻib qilish, keng omma oldiga olib chiqish anchayin mushkul zamonda Mahmudxoʻja Behbudiy singari jadidlarimiz oʻz hisoblaridan maktablar ochdi. Yosh avlodni savodli qilish, haq-huquqlarini bilish, dunyo hamjamiyati sahnasiga olib chiqish yoʻlida xizmat qildi.

Aytishlaricha, koʻhna Samarqandning “Namozgoh” jome masjidi atrofida Mahmudxoʻja Behbudiy ajdodlariga qarashli keng va obod bogʻ boʻlgan. Katta hududdagi olmazor va tokzorga, albatta, Samarqandning iqlimi ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Bogʻdan kelgan daromadni Mahmudxoʻja samarqandlik bolalar uchun darsliklar olish, yangi maktab qurilishi va zarur jihozlar bilan taʼminlash uchun sarf qilgan.

“Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan maktablar uchun adabiyot, jugʻrofiya, islom tarixi kabi darsliklar yozgan. Maktablarda sheʼr va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar. Zamon talabiga mos ravishda Turkis­ton musulmonlarining shaʼnu-sharafini himoya qildilar...

Davlatimiz rahbarining ushbu tantanali yigʻilishda jadid bobolarimizdan uch kishi – Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovlarni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganini eʼlon qilgani, ayniqsa, bu boradagi yoʻl va qarash sobit ekaniga yana bir ishoradir.

MILLIYAT YOʻLI – TARAQQIYOT YOʻLIDIR

“...Hozirgi madrasalar ilmxona emas, qorixona. Maqsad ham, usul ham qorilik, koʻr qorilik. Uning zax hujralarida 15-20 yilda olinadigan bilimni zamonaviy oʻquv yurtlarida 3-4 yilda egallash mumkin. Insonning umri shu qadar qadrsizmi?”

Bu iqtibos 18 asrlarda yashab oʻtgan mashhur tarixchi olim Shixobiddin Marjoniyga tegish­li. Insoniy qadr-qimmat, shaʼn va or-nomus uchun kurash, ehtimolki, jadidchilik harakatga kelishiga sabab boʻlgan. Oʻsha mahallar chor hukumati istilosida boʻlgan Sharq xalqlari, xususan, turkiy qavmlar jamiyatlari taʼlim-u maorif, va umuman, ilm sohasidagi konservativ qarashlar, ongdagi aqidaviy stereotiplar tufayli tanazzul yoqasiga kelganini tarixdan xabari bor odamlar yaxshi biladi. 

Albatta, tafakkur va milliy ongdagi bunday falajlik istilochilar uchun ayni muddao boʻlgan. Agar biz jadidchi bobolarimiz faoliyati va hayotiga shu rakursdan qarasak, ular millat va vatan uchun naqadar kerakli va zarur ishga qoʻl urganini osonroq payqaymiz. Biroq taʼlim tarbiya va maorif sohasidagi konseptual yondashuv bu oʻlkalar jilovi hammaga jannat vaʼda qilgan kommunistlar qoʻliga oʻtgach ham oʻzgarishsiz qoldi. Ayniqsa, milliy masalalarda. 

Jadidlar taʼrifi bilan aytganda, “sotsializm mehnatda sinalgan qardoshlikdan boshqa na dinni, na irqni, na millatni, na tilni tan oladi. Ularning qoidasi va maqsadi: «Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!”. “Sotsialistlar” va “sotsial demokrat”larning “adolat”, “musoviylik” haqidagi shiorlari tashqaridan juda jimjimador, kishini mahliyo qiluvchi boʻlib koʻrinadi. Aslida bu nazariya uni tugʻdirgan sabablarga muvofiq ish tutadi... inqilobiy kurashga, qon toʻkishga chaqiradi...»

Men mehnat faoliyatim davomida pedagogika-muallimlik sohasida ham ishlaganman. Shu bois, maktab hayoti, oʻqitish dasturlari va uslubidan bir muncha xabardorman. Shu oʻrinda meni hayron qoldiradigan jihat shuki, mustaqil boʻlganimizga 30 yil boʻlayotgan boʻlsa-da, koʻplab darsliklar mundarijasi, oʻqitish metodologiyasi hamon eskichaligicha davom etmoqda. Bunga men nevaralarim dars­larini, vazifalarini nazorat qilish davomida koʻp bor duch kelganman. Qarang, baribir qiziq-da, erkinlikka chiqqaningga 30 yil boʻlayotgan boʻlsa-yu, hamon sovet metodologiyasi “milliy taʼlim” deb atalmish maorif sohamizni “gullatib” tursa...

Men fursatdan foydalanib, bu borada yana shularni qoʻshimcha qilmoqchimanki, bu fikrlarim Prezidentimiz ilgari surgan gʻoyaga hamohang. Nazarimda, maktab dasturlarini toʻliq qayta koʻrish bugun muhimdir. Zero, darsliklar saviyasi, sifati va mazmun-mohiyati keskin islohga muhtoj. Ayniqsa, bolalarimizga oʻqitilayotgan tarix, ona tili va adabiyot kitoblari mundarijasi va dars soatlarini oʻylab koʻrish, xususan, adabiyot darsliklarini qadimgi turkiy xalqlar ogʻzaki ijodi va folklori, yozma adabiyoti namunalari bilan yana-da boyitish, turkiy xalqlar tarixini, tilini izchil oʻrgatish lozim. 

Negaki, bizning ajdodlarimiz shu zaminda palak yoygan. Bizning chin tariximiz umumturkiylar tarixidir. Biz endi turkiy xalq va davlat ekanimizni baralla aytishimiz, bundan choʻchimasligimiz kerak. Bolalarimizga biz “koʻpmillatli” yagona sovet oilasida yetishgan, qurama bir qavm emas, balki botirlari dunyoning yarmini izmiga boʻysundirgan buyuk bir millatning vorislari ekanimizni uqtirishimiz zarur. Shundagina milliy ong, milliy gʻurur, vatanparvarlik va millatparvarlik degan tuygʻular shakllanadi, bolalarimiz tafakkurida, qalbida tomir yoyadi.

Biz nima qilyapmiz? Afsuski, hali-hamon qoʻrqib-pusib oʻtiribmiz. Eng achinarlisi, bugungi maktab darslik­larining aksariyati sovet davri pedagogikasi metodologiyasidan toʻliq voz kecholgani yoʻq. Vaholanki, bu metodologiyaning bosh maqsadi millat bolalarini milliylikdan begonalashtirish edi... Yuqorida keltirganim, tarixchi Shixobiddin Marjoniyning ­fikrlari bekorga emas edi. Zotan, harakatsizlikka uchragan har qanday jarayon tanazzulga mahkumdir.

Taassufki, mustaqillik yillarida bizda taʼlim sohasi shunday tushkunlikni boshidan kechirdi. Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan, ilm-fan soat sayin taraqqiy etayotgan bir paytda biz oʻzimizga mahliyo boʻlib va ajdodlarimiz tarixiy merosi bilan gʻururlanib, shunday botqoqqa botib qoldik. Holbuki, bugun biz eng aʼlo, deb qarayotgan taʼlim dasturlari ham kun sayin yangilanib borayotir. Xususan, Alibaba korporatsiyasi asos­chisi Jek Ma Moskva davlat universitetida oʻqigan maʼruzasida shunday degan edi:

«Zamonaviy taʼlim bugungi kunning asosiy muammolaridan biridir. Oʻqitish usullarini oʻzgartirish kerak, aks holda kelajakda bizni jiddiy muammolar kutmoqda. Ikki yuz yil oldin bizga hozirgiday oʻrgatilgan.

Bu bilimga asoslangan usul. Ammo bolalarga mashinalar bilan raqobatlasha oladigan juda koʻp maʼlumot bera olmaymiz. Shuning uchun, biz ularga hech qanday mashina qila olmaydigan narsalarni oʻrgatishimiz kerak…

Dunyo ITdan DTga qarab harakatlanmoqda. Koʻpchilik DT nima ekanini tushunmaydi (xuddi shunday IT nima ekanini koʻpchilik bilmaydi). Axborot texnologiyalari (IT) asta-sekin maʼlumotlar texnologiyasi (data technology, DT) tomon ildam ketmoqda. Gap endi boshqa texnologik yangilanishlar haqida ketmayapti, gap falsafa haqida, vazifalarni bajarishga boʻlgan yondashuvimiz haqida ketmoqda…

Agar kelajakka tayyorlanmoqchi boʻlsangiz, kechagi oʻquv metodlaridan voz keching: koʻr-koʻrona yodlab olishga urinmang – kompyuter baribir koʻproq narsani eslab qoladi. Tezroq hisoblashga urinmang – siz uchun buni kompyuter amalga oshiradi. Ijodkor va konstruktiv boʻlishni oʻrganing».

… Darvoqe, shunday. Bu gaplarni men emas, axborot va texnologiyalar asri, deb bong uradigan bugunimiz haqida shu sohaning eng old mutaxassisi aytayotir. Afsus­ki, bizda keyingi yigirma besh yil ichida nafaqat Ma aytayotgan istiqboldagi rejalarga yaqin oʻylash, balki rivojlangan dunyo amal qilayotgan taʼlim standartlaridan ham bir necha oʻn yil ortda qolib ketdik. Yillar davomida bebaho merosimiz boʻlgan, Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan bobolarimizdan qolgan nodir qoʻlyozmalardan yetarli darajada foydalana olmayotganimiz esa yurakda bir darddir. Ayni shu masalani davlatimiz rahbari ham oʻz maʼruzalarida oʻkinch bilan tilga oldi:

«Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga koʻpincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda boʻlib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiya­sining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qoʻlyozmalarga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur.

Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu maʼnaviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur.»

Taʼlim va ilm sohasiga bunday yondashuv, albatta, mamlakat hayoti va turmushimizda oʻz izini qoldirdi. Buning taʼsirini hayotimizda, kundalik turmushimizda koʻrib turibmiz. Shu maʼnoda, bugun Prezident Mirziyoyevning yangi Oʻzbekiston kelajagini maorif va taʼlim hamda ilm-u fanda koʻrayotgani, Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarayotgani mamlakatimiz tom maʼnoda yangi yoʻlga oʻtayotganini, tarixiy shavkati olamni larzaga solgan tuproqlarimizda yana qudratli bir davlat va dunyo sahnasida oʻz soʻzini ayta oladigan, jahon ahlini oʻziga qarata oladigan buyuk bir millat kamol topishiga qoʻyilgan dadil qadam boʻldi desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz...

TARIXNING IZMI SHAXSLAR QOʻLIDADIR

Tarix shunday tilsimli, ajoyibki, boshi berk koʻchaga kirib qolgan, kishilik jamiyati johiliyat va yoki tanazzulga yuz burayotgan bir paytda uning gʻildiragini toʻgʻri yoʻlga solib yuboradigan kuch doim oʻrtaga chiqqan.

Buni tarixchilar soddagina qilib “tarixiy zarurat” deydi. Nyutonning qariyb aforizmga aylanib ketgan ellinlar davriga oid “agar Kleopatraning burni ozgina qiyshiq boʻlganida tarix tamoman boshqa yoʻldan ketardi” degan hazilomuz taʼkidi tagmatnida ham oʻsha “tarixiy zarurat” zohir ekanini koʻrish mumkin.

Bu oʻrinda Nyutonni inkor qilib boʻlmaydi. Zotan, malikaning aql-­idroki dunyo tarixiga Rim va Misr tamadduni degan qoʻsh marvaridni bergani ayni haqiqatdir. Albatta, bu kabi buyuk uygʻonish va sivilizatsiyalar oyoqlanishiga bunday yengil va yuzaki qarash, yondashish hurmatsizlikday boʻlishi mumkin. Biroq haqiqat shundaki, aksariyat hollarda dunyoni oʻzgartirgan, unga tartib va fasohat bergan, qurib borayotgan niholga suv quyib, unga jon bergan “tarixiy zarurat” ham xuddi biz unga qarayotganimiz kabi sodda, samimiy va taʼmasiz boʻladi…

Prezident Shavkat Mirziyoyev “renessans” masalasiga favqulodda bugun yuzlanib qolgani yoʻq. Bu masala, yaʼni taʼlim va ilm-u fanni mamlakat va jamiyat taraqqiyotining leytmotivi (asosiy harakatlantiruvchisi) etib belgilash fikri unda azaldan boʻlgan. Xususan, u davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk davri, 2016-yilning 30-dekabrida mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvi aynan shunga ishora edi. Qolaversa, buning tarixiy asoslari ham bor. Yurtboshimiz oʻz nutqlarida keltirgan 12 va 15-asrlarda porlagan ikki renessans – uygʻonish davri ham aynan shu tuproq – bizning vatanimizda boʻy koʻrsatganini eʼtirof etgan edi.

Amir Temur el-ulusni moʻgʻul istilosidan xalos etib, odil va beqiyos saltanat tuzgani, salohiyatli harbiy maktab yaratgani, butun bir Uygʻonishni boshlab bergani, shuningdek, Yevropa tamadduniga yoʻl ochgani ham jahon muarrixlari tomonidan birdek eʼtirof etiladi.

Abu Ali Ibn Sinoning “Tib qonunlari” XII asrda Yevropa tillariga tarjima qilinganini, universitetlarda tabobat ilmi besh yuz yil davomida shu kitob asosida oʻqitilganini kim inkor eta oladi?

Xilda Xukxem “Yetti iqlim sohibi” kitobida yozishicha, Britaniyada XVII asrda qirolning birinchi munajjimi ish boshlagan. U Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy” asariga tayangan holda tadqiqot olib borgan...

Bunday misollar koʻpdan-koʻp.

Forobiy, Beruniy, Xorazmiy zakovati oʻsha zamondayoq butun bir olamga yorugʻlik ulashgan. Yoki boʻlmasa, Islom olamining ustunlari boʻlgan Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Bahovuddin Naqshbandni esga olaylik. Bu yoqda – Termiziy, Moturudiy, Margʻinoniy... Shoirlar sultoni hazrat Navoiy...

Bu moʻtabar siymolar kishilik jamiyati beshigini tebratib, tarix gʻildiragini toʻgʻri yoʻlga solish uchun dunyo yuzini koʻrgan desak, xoʻsh, buni kim rad eta oladi?! Bugun dunyo Oʻzbekistonni tom maʼnoda “yangi Oʻzbekiston” deb atayotgani, Prezident Mirziyoyev amalga oshirayotgan siyosat va islohotlarni tan olayotgani, olqishlayotgani va hatto undan ulgu olishga intilayotgani odamni xursand qiladi, albatta.

Yuqorida aytganimizday, tarixni xuddi siz-u bizga oʻxshagan oddiy odamlar qurgan, oʻzgartirgan. Bunday shaxslar odatda qatʼiyatli, fidoyi, millat va yurt ori, baxt-u saodati uchun kerak boʻlsa, shirin jonidan kecha oladigan mard oʻgʻlonlar boʻlgani ravshanlashadi tarix kitoblarini varaqlaganingizda.

Bugungi sertashvish va dolgʻali kunlarimizda hayotimizga oʻsha olis oʻtmishdagi buyuk uygʻonish nasimlari esmoqda, millatning mard bir farzandi muborak bayrogʻimizni koʻtarib, dunyo sahnasiga chiqmoqda deyilsa, men bunga ishonaman. Zero, har bir qarichi bir aziz avliyo, bir ulugʻ alloma, yoki boʻlmasa Toʻmaris-u Shiroqday bir yovqur vatanparvarlarning xoki pokini bagʻriga bosgan shu moʻtabar zamin va ulugʻ millatimiz ming bora bunga haqlidir!

Qudratilla RAFIQOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi, siyosatshunos

"uza.uz" saytidan olindi.
09.10.2020 1611