"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Bir paytlari ona tilimiz yupun, gʻarib holatga kelib qolgan edi...

Joriy yil 23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasida nutq soʻzladi.

Mazkur Bosh Assambleyaning markaziy tadbirlari jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli BMT tarixida ilk bor video-anjuman shaklida boʻlib oʻtdi. Eʼtiborli tomoni va bizni quvontiradigan jihati Davlatimiz rahbari ilk marta BMTda oʻzbek tilida nutq soʻzladi.

Prezidentimiz ushbu nutqi orqali ona tilimizni naqadar jozibali ohangdor ekanligini butun dunyoga namoyon etdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida Oʻzbekistonning siyosiy yondashuvini aniq va teran yoritib berdi.

Til - millat koʻzgusi. Til - oʻzbegimning libosi. Butun dunyo ona tilimning jozibasini, latofatini, ohangini eshitdi. Mustaqillikka erishganimizdan beri ushbu nufuzli xalqaro minbarda birinchi marta ona tilimiz boʻy koʻrsatdi. Bir paytlar boshqa til bilganga hamma eshik ochiq boʻlardi. Bir paytlari ona tilim yupun, gʻarib holatga kela yozgan edi.

Oʻzbek milliy madaniyatining jonkuyari, maʼrifat fidoyisi Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yoʻqotmak, millatning ruhini yoʻqotmakdur”, degan soʻzlari naqadar haqiqat.

Tilga eʼtiborli boʻlish, tilni hurmat qilish bu xalqini hurmat qilish, unga boʻlgan muhabbatini bildiradi. Yana bir bor yurtboshimiz oʻz xalqiga boʻlgan mehr-muhabbatini namoyon etdi. Bu muhabbat ona tilga, ayolga, Vatanga boʻlgan muhabbatdir.

“Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir”.

Prezidentimizning ushbu soʻzlari maʼruzaning qaymogʻi desak boʻladi. Inson avvalo dunyoga nima uchun keladi? U baxtli, tinch, farovon hayot kechirishi mumkin-ku, afsuski mamlakatlar oʻrtasidagi ziddiyatli munosabatlar insonning tinch va farovon hayot kechirishiga monelik qilmoqda. Prezident orzu maqsadlarimiz yoʻlidagi toʻsiqlarning bartaraf etish uchun oʻta muhim boʻlgan muammolarga toʻxtalib, ushbu masalalarga barchaning eʼtiborini qaratdi. Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi mazmunli nutqining eng muhim qismlariga toʻxtalib oʻtsak;

BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi;

Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammitni oʻtkazish boʻyicha taklifi maʼqullandi;

Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirildi;

Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi;

BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklif etildi;

Mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish taklif etildi;

2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni oʻtkazishga Oʻzbekiston tayyorligi maʼlum qilindi;

BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish taklif etildi;

Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi. Shuningdek, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi;

Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish taklif etildi;

Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyorligi maʼlum qilindi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida oʻzbek tilidagi ilgari surgan gʻoya va takliflari dunyo jamoatchiligi tomonidan yuksak eʼtirofga sazovor boʻlganligi barcha Vatandoshlarimizni behad xursand etdi. Ayniqsa, dunyo ekspertlari va tahlilchilari tomonidan keng muhokama qilinmoqda va yuksak eʼtirofga sabab boʻlmoqda Jumladan;

Ispaniyaning “Galicia Digital” nashrida 25-sentyabr kuni eʼlon qilingan “Yangi Oʻzbekistonning tashabbuslari jahon hamjamiyati uchun qiziqarli va dolzarbdir” sarlavhali maqolada quyidagi fikrlar bor:

“Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev nafaqat zamonamizning dolzarb masalalari toʻgʻrisida fikr yuritadi, balki kelajakka ham chuqur nigoh bilan boqadi: zero yoshlarga gʻamxoʻrlik – goʻzal va farovon kelajagimiz uchun yutqazilmaydigan investitsiya. Shavkat Mirziyoyev dunyo yetakchilarini bu haqda oʻylashga, bu yoʻnalishda birgalikda harakat qilishga va yosh avlod uchun munosib kelajakni taʼminlashga chaqiradi”.

“Blumberg-Turkiya” (Turkiya) ham Oʻzbekiston Prezidentining BMT minbaridagi chiqishini eʼtirof etar ekan, Oʻzgat-Bozok universitetining iqtisodiy va boshqaruv bilimlari fakulteti dekani Kurshad Zorlu Prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaatini butun Markaziy Osiyo va Turkiya uchun juda muhim deb hisoblaydi. Uning fikricha, BMTda oʻzbek tilida yangragan nutq – bu milliy ildizlarga berilgan urgʻu, oxirgi toʻrt yilda qoʻshni turkiy tilli davlatlar bilan mustahkam aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi buning yaqqol isbotidir.

Anqaralik yana bir tahlilchi – “Sahipkiran” strategik tadqiqotlar markazi direktori oʻrinbosari Jasurxon Toshning fikricha, “Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda tashqi dunyoga ochilayotgan, mintaqaviy vaziyatlarga sezgirlik bilan javob qaytaradigan va global muammolarni hal qilishda faol ishtirok etadigan davlat sifatida oldingi oʻringa chiqmoqda”.

Uning taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida beshta xalqaro tashabbusni ilgari surgan va hozirda ularning barchasi amalga oshirilmoqda. Masalan, Oʻzbekistonning tashabbuslari doirasida Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakati rahbarlari yuqori darajadagi maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam oʻtkaza boshladi.

Mana shunday yuksak davomli eʼtirofni Afgʻoniston milliy islomiy harakati asoschisi, Afgʻoniston oʻzbeklari rahbari Marshal Abdul Rashid Doʻstum tomonidan aytilgan fikrlari ham tasdiqlaydi. Bu haqda Abdul Rashid Doʻstum: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman.

Bu nutqda dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida Oʻzbekiston siyosiy yondashuvi aniq va teran yoritib berilgan. Oʻzbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil Oʻzbekiston rahbari oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Men bundan shaxsan oʻzim oʻzbek oʻgʻloni va afgʻonistonlik oʻzbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman.

Bu biz uchun yuksak iftixordir. Oʻzbek tilida soʻzlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik Oʻzbekiston ahlini, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afgʻonistondagi oʻzbeklarni ham chin maʼnoda gʻururlantirdi” deya alohida taʼkidlab oʻtadi. Mana shunday tilimizni jozibador ohangi bu barcha Vatandoshlarimiz va xorijda yashovchi oʻzbek millatiga mansub fuqarolarni behad xursand etganligi shubhasiz. Prezidentimiz tomonidan dunyo miqyosida ilgari surilayotgan ilgʻor gʻoyalar va tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan Oʻzbekistonni yuksak eʼtirofga sazovor boʻlayotganligini namoyon etmoqda.

Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yoʻlga qoʻyilishi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlanishi bugungi globallashuv sharoitda Oʻzbekiston ilgari surayotgan ezgu gʻoyalarning natijasidir. Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston rahbari tomonidan ilgari surilayotgan bu takliflar dunyo miqyosidagi ezgu gʻoyalarning oʻz amaliy natijasi sifatida inson baxti kamoloti uchun xizmat qiladi.

Hilola IBROHIMOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi

"uza.uz" saytidan olindi.
09.10.2020 958