"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Tojikiston Milliy kutubxonasida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Tojikiston Milliy kutubxonasida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

DUSHANBE, 20-avgust. /«Dunyo» AA/. Tojikiston Milliy kutubxonasida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobi taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mazkur tadbir mamlakatimizning Dushanbedagi elchixonasi tomonidan Tojikiston Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Lug‘at besh jilddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangan.

Taqdimotda «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ni yaratish bo‘yicha olib borilgan izlanishlar, o‘zbek tilining xalqaro maydonda tutgan o‘rni va mohiyatini yuksaltirishda lug‘atning tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

— Bugungi tadbir uchun O‘zbekiston elchixonasiga minnatdorlik bildiramiz, — dedi Tojikiston Milliy kutubxonasi direktori J.Fayzalizoda. — «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobini O‘zbekiston tomonidan Tojikistonning Milliy kutubxonasiga sovg‘a qilinganidan xursandmiz. Ushbu lug‘at Tojikistonda o‘zbek tilini o‘rganuvchilar va ushbu tilda so‘zlashuvchilar uchun muhim manba bo‘lib qoladi.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” Tojikiston Milliy kutubxonasining xorijiy kitoblar va qo‘llanmalar bo‘limidan joy oldi. Shuningdek, kitobxonlar kutubxona sayti orqali lug‘atning elektron nusxasini ko‘chirib olishlari, unda foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida madaniy-gumanitar sohalarni yanada rivojlantirish maqsadida Tojikiston Milliy kutubxonasi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumimi imzolash yuzasidan fikr bildirildi.

Tojikiston tomoni hamkorlikning huquqiy asosi ikki kutubxona aloqalarining yanada yuksalishi hamda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishini qayd etdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston elchixonasi vakillari ushbu rejalarni amalga oshirish maqsadida hozirgi pandemiya bilan bog‘liq sharoitni inobatga olgan holda ikki kutubxona vakillari uchrashuvlarini onlayn shaklda o‘tkazish, unda barcha tashkiliy masalalarni kelishib olishni taklif qildi.

Hamkor tomon ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, onlayn uchrashuv kuni va mavzusi bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etishini ma’lum qildi.


Manba:dunyo.info” sayti

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep
20.08.2020 700