"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ilmiy loyihalar tanlovi eʼlon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorlikdagi ilmiy loyihalar tanlovi eʼlon qilinadi


Mazkur tanlov o‘zbek tilining jamiyatdagi va xalqaro miqyosdagi mavqei hamda nufuzini oshirish, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida davlat tilining to‘laqonli joriy etilishi bo‘yicha mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlash, davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshiriladi.

 Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Tanlov mavzulari

Tanlov shartlari

Koronavirus pandemiyasi sababli respublikamizda eʼlon qilingan karantin sharoitida loyihalar www.fan-portal.uz veb-sahifasi orqali joriy yilning 2-oktyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlarning asl nusxalari skanerdan o‘tkazilib, pdf shaklida
www.fan-portal.uz veb-sahifasiga yuklanishi lozim:

ijrochi tashkilotning yuqori turuvchi vazirlik/idorasi rahbari (o‘rinbosari) tomonidan imzolangan yo‘llanma xat;

ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma;

amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda).

Loyiha matni A4 formatdagi standart qog‘oz varag‘ining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida 1,15 qator oralig‘ida yozilishi lozim. Har bir bet yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; o‘ngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda bo‘lishi lozim.

Matnni tayyorlashda “Times Nev Roman” 12 o‘lchamli shriftda “Misrosoft Vord” matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.

Betlar titul varag‘idan boshlab oxirgi varaqqacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki o‘ng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varag‘iga 1 raqami qo‘yilmaydi.

Loyihaning har bir talab qilingan hujjati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.

Loyiha rahbari va ishtirokchilarining mezonlarda talab qilingan ilmiy ishlar ro‘yxati (oxirgi 3 yil davomidagi nashrlar quyidagi xronologik tartibda keltirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi: monografiya; patent; ilmiy maqola; ilmiy to‘plamlar va boshqa nashr ishlari)
3.4-shaklga qatʼiy rioya qilingan holda rasmiylashtiriladi va muallif, ilmiy kotib tomonidan imzolanib, tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan ilmiy loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning natijalari to‘g‘risidagi maʼlumot www.mininnovation.uz veb-saytida “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi. www.fan-portal.uz veb-portali orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining qo‘llab-quvvatlash xizmati: (71) 203-32-23 (620, 621), (90) 993-99-32 – Axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘limi.
03.09.2020 1163