"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tilini himoya qilish barchamizning burchimizdir

Xabaringiz bor, “Murad Buildings” qurilish kompaniyasi tomonidan “Toshkent city” majmuasida tibbiyot xodimlarining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishdagi mardonavor harakatini e’tirof etgan va rus tilida yozilgan “Jasorat uchun tashakkur!” mazmunidagi banner keng jamoatchilik tomonidan tanqid qilingan edi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi ham oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tanqidiy munosabat bildirgandi.

Masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Toshkent shahar hokimligi masʼullari bilan birgalikda “Tashkent City” hududida qad ko‘tarayotgan “NEST ONE” turar joy va savdo majmuasiga tashrif buyurildi. Muhokamalar va turli eʼtirozlarga sabab bo‘lgan tashqi pannodagi mazkur yozuv va lavha yuzasidan majmua mutasaddilari bilan suhbatlashildi.

Vaziyatni toʻgʻri anglagan tadbirkor tomonidan bugun Davlat tilida bayon etilmagan banner olib tashlanganini guvohi boʻldik.
 
Shu o‘rinda aytish kerakki, Davlat tili uchun qayg‘urgan tilimiz jonkuyarlariga masalaga befarq bo‘lmasdan, hamkorlik va hamjihatlikda ishtirok etaganliklari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Tadbirkor sa’y-harakatini ham eʼtirof etgan holda boshqa tadbirkorlarni ham milliy g‘ururimiz hisoblangan Davlat tili mavqeini yuksaltirishga chaqirib qolamiz. Zero, davlat tilini himoya qilish barchamizning burchimizdir.

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep
04.09.2020 661