"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL - MILLAT G‘URURI

Til - millatning o‘ziga xosligini ko‘rsatuvchi eng asosiy vosita. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidov “So‘z latofati” kitobida yozganidek: “Ona tili umummillat mulki. Demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman, degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak.”

Darhaqiqat, har bir inson kim bo‘lishidan qatʼiy nazar avvalambor o‘z ona tilini sevishi, g‘ururlanishi, hurmat qilishi zarur.

Kogon shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilbar Sharipova tomonidan tadbirkorlar bilan olib borilgan targ‘ibot ushbu mavzuga bag‘ishlandi.

Tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida”gi Qonunining 20-moddasida lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va eʼlon qilinishi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi tushuntirildi. Savdo do‘konlari peshtoqidagi peshlavhalar, reklama, barcha targ‘ibot vositalarini dastlab o‘z ona tilimizda bo‘lishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Shu kuni “Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga mos kelmaydigan tashqi reklama, peshlavha va eʼlonlarni almashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilib, tadbirkorlar va ishchi guruh aʼzolari tomonidan savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida o‘rnatilgan tashqi yozuvlar, peshlavhalar, eʼlonlar, reklama va ko‘rgazmali axborot matnlarining “Davlat tili haqida”gi Qonun talablari asosida rasmiylashtirilmagan, maʼnan eskirgan, xorijiy tilda yozilgan yozuvlari olib tashlandi.

Shaharda tadbirkorlik subyektlari, korxona, tashkilotlarga Davlat tili hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishiga ko‘maklashish, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Shahar hokimi maslahatchisi D.Sharipova

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!

Bizning manzil:

http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep

10.09.2020 195