"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • «BMTda ilk bor Navoiy tilida» - Turkiyaning «Jumhuriyat» gazetasi Mirziyoyevning BMTda o‘zbek tilida nutq so‘zlashini olqishladi

«BMTda ilk bor Navoiy tilida» - Turkiyaning «Jumhuriyat» gazetasi Mirziyoyevning BMTda o‘zbek tilida nutq so‘zlashini olqishladi

Turkiyaning nufuzli mustaqil nashrlaridan biri – «Jumhuriyat» (Cumhuriyet) gazetasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi kutilayotgani munosabati bilan maqola chop etdi.

«O‘zbek tili BMTda» deya nomlangan maqola avvalida O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi «turkiy davlatlar orasida» eng ko‘p aholiga ega davlat ekani, mamlakat aholisi asosan o‘zbeklardan iboratligi, qo‘shni o‘lkalar – Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonda ham ko‘p sonli o‘zbeklar yashashi qayd etiladi.

«Ushbu xususiyatlar hisobga olinganda, rasmiy Toshkent butun mintaqaning barqarorligini ta'minlashda katta hissa qo‘sha oladi», – deyiladi maqolada.

Anqaradagi nashr ta'kidicha, O‘zbekistonning ishtirokisiz Afg‘oniston, Xitoy, hatto butun dunyoda ekstremizmning oldini olish oson bo‘lmaydi; mintaqada g‘oyaviy nazorat o‘rnatilmasa, ekstremistlar Qozog‘iston, Rossiya va hatto Suriyaga qadar yoyilishi mumkin.

«Radikalizmni bartaraf etish uchun nafaqat tashqi omillarni cheklash, balki iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy sohalarda ham chora-tadbirlarni amalga oshirish ahamiyatga ega.

O‘zbekiston muazzam turizm salohiyatiga ega. Samarqand, Buxoro kabi shaharlar turkiy dunyo tarixi jihatidan katta ahamiyat kasb etadi. Amir Temur avlodlarining diyori osmon ostidagi muzeyga o‘xshaydi go‘yo.

Iqtisodiy tomondan qaraganda, Turkiyada yetishtirilishi kamayib borayotgan paxta O‘zbekistonda hozirda ham katta miqdorda qayta ishlanib, eksport qilinadi. Ushbu o‘lka, shuningdek, Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgani tufayli sharq va g‘arbni bog‘lovchi halqa misolidir», – deyiladi «Jumhuriyat» maqolasida.

Nashr o‘zbek-turk munosabatlari ham so‘nggi vaqtlarda ravnaq topib borayotganini ta'kidlab, prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlariga e'tibor qaratgan.

«Mamlakatda boshqaruv tizimi boshdan oyoq o‘zgartirilib, yangilandi. O‘lka dunyoga ochildi. Qo‘shni va mintaqadagi davlatlar bilan aloqalari, hamkorlikka intilishlari diqqatga sazovor. Mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy yangilanish g‘oyasi «Yangi O‘zbekiston» shiori ostida tilga olinmoqda», – deya qayd etgan turk gazetasi.

Nashr Mirziyoyev boshqaruvidagi O‘zbekiston OAV faolligi, gender huquqi, majburiy va bolalar mehnati, inson huquqlari, kambag‘allikka qarshi kurash kabi yo‘nalishlarda yutuqlarga erishayotganini e'tirof etgan.

«Turk tilining tamal toshlaridan bo‘lgan chig‘atoy lahjasini adabiy til holiga yetkazgan Alisher Navoiy ayni vaqtda Amir Temur davlatining zabardast vakillaridan biri edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining ertaga boshlanadigan Bosh Assambleyasida hamkorlik marralari, umidlari va mamlakatining tinchlikparvar maqsadlarini ilk bor Navoiy tilida dunyoga xitob qiladi», – deyiladi «Jumhuriyat»ning 21 sentabr sonidagi maqolada.

Nashrning fikricha, Turkiya O‘zbekistondagi yangi va keng qamrovli o‘zgarishlarga yanada ko‘proq e'tibor berishi, hamkorlikni rivojlantirishi darkor.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning videoanjuman tarzida o‘tkaziladigan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi chiqishi 23 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga belgilangan.


Manba: kun.uz

21.09.2020 100