"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Hindistonlik olim: “BMTda o‘zbek tilining yangrashi biz uchun ham faxrlidir”

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda ishtirok etishi va mustaqil O‘zbekiston tarixida BMT minbaridan birinchi marta o‘zbek tilida nutq so‘zlashi kutilayotgani qalbimizda faхr tuyg‘ularini uyg‘otdi”, - dedi Jamiya Milliya Islomiya universiteti o‘zbek tili o‘qituvchisi professor Shahid Taslim “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida.

– Men hayotini o‘zbek tilini o‘rganish va uni hind talaba yoshlariga o‘rgatishga bag‘ishlagan Hindiston olimi sifatida shuni qayd etishni istardimki, yaqin o‘tmishda bunday katta minbardan turib o‘zbek tilida so‘zlashni tasavvur qilish mushkul edi, - deya so‘zida davom etdi suhbatdosh.

Sh.Taslim o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosi haqida to‘xtalib, o‘zbek zaminida Amir Temur, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ko‘plab buyuk shaxslar va allomalar tug‘ilib, voyaga yetib, faoliyat yuritganiga urg‘u berdi.

- Ushbu allomalar o‘z davrida dunyo siyosatiga katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda O‘zbekiston rahbarining oqilona tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan munosib kutib olinmoqda, - deydi hindistonlik olim. - Fikrimning tasdig‘i sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, BMTning «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasini ishlab chiqish, Orolbo‘yi muammosiga e’tiborni oshirish va Afg‘oniston muammosini hal etish kabi masalalarga oid beshta taklifining barchasi to‘liq amalga oshganligini ta’kidlash kifoyadir.

O‘zbekiston Prezidentining navbatdagi ma’ruzasida ham xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan muhim tashabbuslar yangrashiga va ahamiyati jihatidan ular ham jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lishiga aminman.


DEHLI, 22 sentyabr. “Dunyo” AA

22.09.2020 104